Harbiy strategiya - harbiy sanʼatning eng oliy sohasi. Mamlakat va qurolli kuchlarni urushga tayyorlash nazariyasi va amaliyoti, urushni rejalashtirish va olib borish masalalarini oʻz ichiga oladi, urush qonuniyatlarini tadqiq qiladi, strategik operatsiyalarni tayyorlash va oʻtkazish usullari hamda shakllarini ishlab chiqadi, front, flot va armiyalarning maqsad va vazifalarini belgilab beradi, kuchlarni harbiy harakatlar maydonlari va strategik yoʻnalishlar boʻyicha taqsimlaydi. Harbiy strategiya davlat siyosati bilan uzviy bogʻliq boʻlib, harbiy doktrina talablaridan kelib chiqadi. Siyosat Harbiy strategiya oldiga vazifalar qoʻyadi. Harbiy strategiya esa ularning bajarilishini taʼminlaydi. Harbiy strategiya iqtisod bilan jamiyatning iqtisodiy tuzumi, ishlab chiqarish, fan va texnikaning taraqqiyot darajasi bilan bogʻ-liq. Harbiy strategiya qurolli kuchlar uchun yagona hisoblanib, tavsiyalarini bajarish uning barcha turlari uchun majburiydir. H.s, operativlik (tezkorlik) sanʼati va taktikaga nisbatan dasturiy rol oʻynaydi va ayni vaqtda ularning imkoniyatlarini hisobga oladi.