Hasan Dehlaviy
Hasan Dehlaviy, Amir (1253, Badayun, Shimoliy Hindiston — 1327, hozirgi Hindistonning Haydarobod shtati Davlatobod shahri) — hindistonlik forsigoʻy shoir. 1280—85 yillarda Moʻlton shahridagi adabiy toʻgarak aʼzosi boʻlgan, soʻng doʻsti Amir Xusrav Dehlaviy bilan birga Dehliga kelgan. H.D. bu yerda avval hur fikrli sheʼrlar yozgan boʻlsa-da, keyinchalik sufiylikning Nizomiddin Avliyo (1236—1325) boshchiligidagi chish-tiya tariqati xizmatiga kiradi. mutasavvif lirik shoir boʻlgan H.D. asarlarida Saʼdiyning kuchli taʼsiri seziladi. H.D. ijodida lirik sheʼrlar devoni, "Ishqnoma" dos-toni va "Favoyid ulfuod" ("Samimiy foydalar") nasriy asari muhim oʻrin egallaydi. "Favoyid ul-fuod" shayx Nizomiddin Avliyoning hikmatlar mazmunini qamrab olgan boʻlib, chishtiya tariqati mafkurasini oʻrganishda ishonchli manbalardan hisoblanadi. Shoirga uning gʻazallari koʻproq shuhrat keltirgan hamda keyingi davrdagi Eron va Oʻrta Osiyo shoirlari ijodiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |