HAYIT (arab. iyd - bayram) musulmonlarning diniy bayrami. Islom an’anasida ikkita H. rasman diniy bayram sifatida nishonlanadi: katta H. yoki qurbon H.i (arabcha iyd alkabir, iyd al-adho) va kichik H. yoki ro‘za D.i (arabcha iyd as-sag‘ir, iyd al-fitr). Qurbon H.i haj marosimi va qurbonlik qilish bilan, ro‘za H.i esa, ramazon oyi nihoyasida og‘iz ochish bilan bog‘liq. Kurbon H.i hijriy zu-l-hijja oyining 10-kunida, ro‘za H.i esa, shavvol oyining 1-kunida bayram qilinadi. H.da masjidda ertalab H. namozi o‘qish, ro‘za H.ida fitr-sadaqa berish (H. namozidan oldin), qurbon H.ida esa, kurbonlik qilish va sh.k. islom bilan bog‘liq marosimlar yuzaga kelgan. H.dagi bu marosimlarga ko‘p joylarda xalqlarning mahalliy odatlari: arafa kuni osh ulashish, yangi kiyim kiyish, "hayitlik" berish, sayil qilish, yaqin odamlarini ko‘rish va h.k. ham qo‘shilib ketgan. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, qurbon H.i ham, ro‘za H.i ham umumxalq bayrami sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.