Hayo
Hayo — axloqshunoslik tushunchasi. Muhim axloqiy meʼyor, ayni paytda xulqiy goʻzallikning asosiy belgilaridan biri.Hayo uyat hissi bilan oʻxshash boʻlsa-da, aslida andisha va iboga yaqin fazilat tarzida namoyon boʻladi, u nafosat bilan uygʻunlashib ketadi. Uyat hissida insonning oʻzi sodir etgan yoki boshqalar vositasida amalga oshirilgan axloqiylikka zid xatti-harakatlaridan noqulay vaziyatga tushish, oʻngʻaysizlanish holati paydo boʻladi, bu holat xatti-harakat sodir etgandan soʻng ham davom etadi va koʻp hollarda vijdon azobini qoʻzgʻatadi. Hayoda esa mazkur holatlar sof maʼnaviy xarakterga ega boʻlib, ular xatti-harakat sodir etilayotgan paytdagina yuzaga chiqadi.
Hayoning insoniy sifat tarzidagi mavjudligi hayolilik boʻlib, kishining maʼnaviyatli, maʼrifatli, nomusli, ochiq koʻngilli ekanini anglatadi, uning ziddi — behayolik (hayosizlik) esa, aksincha, maʼnaviyatsizlik, nopoklikka moyillik, qalbi qattiqlik, vijdonsizlik kabi illatlar bilan xarakterlanadi. Hozirgi kunda turli nivilizatsiyalarning oʻzaro aloqalari, baʼzan esa omuxtalashuvi, urbanizatsiya, modaparastlik singari zamonaviy ijtimoiy hodisalar hayolilikka maʼlum maʼnoda salbiy taʼsir koʻrsatayotir, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlarning oʻzini tutishi-da, muomalasida, kiyinishida bu taʼsirni yaqqol sezish mumkin. Oiladagi va maktabdagi tarbiyada hayoli boʻlishlik — xulqiy goʻzallik, nazokat ekani, behayolik — xulqiy xunuklik va qoʻpollik ekanini uqtirish, shaxs erkinligi doimo oʻzgalar oldidagi masʼuliyat bilan bogʻlikligini tushuntirib borish muhim vazifalardan biridir.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |