Hayvonlarni tasvirlash uslubi — ibtidoiy davr sanʼat namunalaridagi uslub. Osiyo va Yevropaning qadimiy amaliy bezak sanʼatida keng tarqalgan. Ayrim hayvonlar (bugʻu, ot, ayiq va boshqalar), ularning tana qismlari (koʻz, bosh, shox va boshqalar) tasviri, shuningdek, bir necha hayvonlar tasviridan iborat murakkab kompozitsiyalar yaratish sanʼati jez davrida yuzaga kelgan, temir davrida keng tarqalgan. Uslubning kelib chiqishi hayvonlarni muqaddaslashtirish bilan bogʻliq boʻlib (qarang Totemizm), keyinchalik bu tasvirlar shartli bezakkagina aylangan. Ibtidoiy sanʼat namunalari —mayda va mahoratli haykallar ushbu uslubning ilk namunalari. Hayvonlarni tasvirlash uslubi dastlab qurollar va ot abzallari bezagida, keyinchalik zargarlik sanʼatida koʻp uchragan. Eng qadimgi namunalari Mesopotamiya (miloddan avvalgi 3-ming yillik), Gʻarbiy Osiyo (miloddan avvalgi 2-ming yillik)da maʼlum; Oʻrta Osiyoda miloddan avvalgi 1-ming yillikda yuzaga kelgan. Ayrim tadqiqotchilar fikriga koʻra, eng rivojlangan holati skiflar, saklar, frakiyaliklar va boshqa sanʼati hisoblangan. Jumladan, Eron va Gʻarbiy Osiyo sanʼati (Qora dengiz boʻylarida yunon sanʼati) taʼsirida shakllangan skif madaniyatiga tabiatni nozik his etish, hayvon shakli va harakatlarini aniq berish xos: ularda oʻsimlikxoʻrlar vahshiy hayvonlar va qushlar, afsonaviy maxluqlar (grifonlar) tasviri koʻp uchragan. Metallarni oʻyib, quyib ishlash, yogʻoch va suyak oʻymakorligi, teri va kigizlardan quroq (applikaiiya) qilish usullari qoʻllangan. Milodiy 1-ming yillikda ushbu uslub oʻz ahamiyatini yoʻqota borgan, bunga ayniqsa Gʻarbda xristian dini, Sharqda islom dinining tarqalishi kuchli taʼsir koʻrsatgan. Oʻrta asrlar amaliy sanʼatidagina hayvonlarni tasvirlash davom etib kelgan.

Oʻzbekiston hududida, ayniqsa amaliy sanʼatda ushbu uslub taʼsirini, zargarlik va kandakorlik buyumlari bezaklarida, roʻzgʻor idishlari bezaklari (ayrim qismlari)da hayvonlar shakllari ishlanganini koʻrish mumkin (yana qarang Animalistika).