Haziniy Xoʻqandiy (taxallusi; asl nomi Ziyovuddinxon Kat-taxoja oʻgʻli Haziniy toʻra) (1867 — Qoʻqon yaqinidagi Katta Kena-gas qishlogʻi — 1923) — shoir va shayx. Qoʻqondagi Jomeʼ madrasasida tahsil olgan. Qurʼon, tafsir, hadis, fiqh, kalom, adabiyot ilmlarini chuqur oʻzlashtirgan. Tasavvuf taʼlimoti bilan izchil shugʻullangan. 30 yoshida murshididan irshod (ta-riqat rahnamoligiga ruxsat) olib, "Haziniy toʻra" va "Eshonbuva" nomlari bilan xalq orasida eʼzozlangan, uz davrining yetuk qodiriya tariqati shayxi sifatida eʼtirof etilgan va "Murshidi Fargʻona" nomiga musharraf — valiy zot boʻlib tanilgan. Dehqonchilik bilan kun kechirgan. Bogʻlar barpo qilgan, binolar qurdirgan. Qabri oʻz qishlogʻi-da. Bu qabr — maqbara va uning atrofidagi obidalar meʼmoriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan.

19-asr 2-yarmi va 20-asr boshlarida koʻchirilgan koʻplab qoʻlyozma bayozlar va majmualardan H.X. sheʼrlari oʻrin olgan. 1910—15 yillarda Toshkentning Orifjonov, Porsev va Laxtin matbaalarida "Bayozi Haziniy" toʻplamlari bir necha bor nashr etilgan.

H.X. mumtoz sheʼriyat janrlaridan gʻazal, murabbaʼ, muxammas va musaddaslar yozgan. Adabiy merosi 4.000 misra atrofida. Shoir asarlarini gʻoyaviy mavzui boy. Uning tasavvuf ruhidagi asarlarida sof soʻfiyona maʼno va mazmun tarannum etilsa, axloqiy mavzudagi bitiklarida poklik, odamiylik, sahovatpeshalik kabi yuksak insoniy fazilatlar ulugʻlangan.

H.X.ning oʻndan ortiq gʻazallariga muxammas bogʻlangan va naziralar qilingan.

"Bayozi Haziniy"ning toshbosma nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 12665, 14850, 15197). Fargʻona shahrida uy-muzeyi tashkil qilingan, H.X. nomida jamoa xoʻjaligi, bogʻ, maktab, kutubxonalar bor.

Manbalar

tahrir
  • Tasadduq, yo Rasululloh [Sheʼrlar], T., 1992; Devon, T„ 1999.

LL.Joʻraboye v O.R., Haziniy Xoʻqandiy hayoti va ijodiy merosi, T., 2003.

Otabek Joʻraboyev.