HAZRATI IMOM MAYIN (MUIN) MAJMUASI — Qashqadaryodagi meʼmoriy yodgorlik (11 —19-asrlar). Hazrati Imom Mayin maqbarasi atrofida bunyod etilgan. Maqbara oldi ayvonli, naqshinkor 6 ustunga tayangan. Majmua devor bilan oʻralgan kichik (tashqi) va katta hovlidagi turli davrlarda qurilgan binolardan tashkil topgan. 11 — 14-asrlarda maqbara (tarhi 5x5 m), ziyoratxona va masjid (7x7 m) qurilgan, maqbara hovlisida murabba tarhli (10x10 m) hovuz bor, hovuzning sharqida quduq mavjud. Maqbara 16 qirrali kulohiy gumbaz bilan yopilgan, yogʻoch sagʻana oʻyma naqshlar bilan ziynatlangan. Masjid gumbazli xonaqoh va 2 tomonli ayvondan iborat, ayvon shifti va ustunlari naqshlar bilan bezatilgan; masjid yonida chillaxona joylashgan. 19—20-asrlarda xonaqohga tutash 2 xona qurilgan. 2004-yilda taʼmirlangan.