Hosting (ingl. „web-hosting“) — Internet hosting xizmatining bir turi boʻlib, jismoniy va yuridik shaxslarga oʻzlarining web-sahifalarini internetga uzluksiz ulangan web-serverlarga joylashtirish xizmatini nazarda tutadi.
Saytni Internetga joylashtirish uchun birinchi navbatda unga joy kerak. Veb-sahifalarni Internet provayderi serverida joylashtirish va qoʻllab-quvvatlash hosting deb ataladi. Joy beruvchi kompaniya esa hoster deyiladi. Albatta „tekinga mushuk oftobga chiqmasligi“ aniq, lekin bepul xizmat koʻrsatuvchi hosterlar ham koʻplab topiladi (chet davlat saytlari). Ammo ular pullik hosterlarchalik xizmat koʻrsata olmaydi.

Bepul hostingTahrirlash

Bepul hostingni yaxshi tomonini shundoq ham bilib olgan boʻlsangiz kerak. Uning yagona qulayligi - bepulligi xolos!


Bepul hostingni yomon tomonlari:
1) Oʻz mijozi saytiga joy berishda oʻz reklamasini ham tiqishtiradi. „Sizdan ugina, bizdan bugina“ degandek, siz oʻz saytingizni bepul hostingga joylashtirasiz va ularning reklamasini oʻz saytingizda „namoyish“ etasiz. Internetda (chatda emas!) kamida 6 oylik tajribaga ega foydalanuvchi bepul hosterlarni „oʻta yoqimli“ reklamalaridan osongina ajrata oladi. www.nm.ru, www.by.ru, www.boom.ru, www.narod.ru (oʻzbek saytlaridan eslay olmadim) saytlari sizga hosting xizmatini bilan birgalikda, oʻz reklamasini ham „taqdim etadi“. Reklama chiqarmaydigan bepul hosterlar ham mavjud. Ularga www.50webs.com, www.xlphp.net, www.awardspace.com'larni misol qilsa boʻladi. Yuqorida sanab oʻtilgan hosterlar xizmatidan foydalanadigan boʻlsangiz, sizning saytingiz ikkinchi darajali domenda boʻladi. (Bu haqda batafsil pastroqda tanishamiz).


2) Dasturlash tillarini qoʻllab quvvatlamaydi. Koʻpgina bepul hosterlar dasturlash tillari - PHP, CGI, ASP, MySQL - xullas birortasiniyam qoʻllab-quvvatlamaydi. Siz oʻz saytingizni HTML va Javascriptda yaratgan boʻlsangiz, bu band sizga taalluqli emas (Ammo dasturlash tillarisiz qanday qilib doimiy ishlaydigan sayt yaratmoqchisiz?).


3) Saytingiz ishlash tezligi past boʻladi. Bepul xizmat koʻrsatuvchi hosterlar server-kompyuterining ishlash tezligi uncha yuqori boʻlmaydi. Buning ustiga sayt AQShda yoki Yevropaning qaysi bir burchagida turgan server kompyuterda joylashgan boʻlsa ochilishi ham sekinlashadi.

Pullik hostingTahrirlash

Pullik hostingni tanlayotganda quyidagilarga eʼtibor qaratish lozim boʻladi:
1) Disk makoni;
2) Internet kanalining oʻtkazish qobiliyati (kengligi);
3) Fayllarni boshqarish usullari: veb-forma yoki FTP bayonnomasi orqali erkin foydalanish;
4) Standart skriptlar toʻplami;
5) Server tomonida dasturlashtirish mumkinligi (SSI, PHP, ASPlarni qoʻllab-quvvatlash, cgi-bin katalogi);
6) Serverda ma’lumotlar bazalaridan erkin foydalanish – oʻz ma’lumotlar bazalarini yaratish va ishlatish mumkinligi; 7) shell erkin foydalanish;
8) .htaccess fayli orqali serverni konfiguratsiya qilish mumkinligi;
9) Log fayllardan erkin foydalanish;
10) Uchinchi darajali domenlarni taqdim etish (name.you_name.ru, name1.you_name.ru va boshqa turdagi manzil); 11) bir yoki bir necha pochta qutisini qoʻllab-quvvatlash;
12) Uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash.
Pullik hosting kompaniyalar Oʻzbekistonda asta-sekin koʻpayib bormoqda va raqobatga qarab narxlari arzonlashmoqda. Ammo hosterlarning tariflari bir-biridan sezilarli darajada farqlanadi.
Misol uchun, koʻzga koʻringan hosterlar - Arsenal-D va Sarkor kompaniyalarining host-tariflarini solishtirib koʻramiz:
Arsenal-D:
50 Mb uchun oyiga 3000 soʻm sarflanadi. 100 Mbgacha 6000 va 200 Mbgacha 12000 soʻm.*
Sarkor esa ikki baravar qimmat:
50 Mb uchun oyiga 7000 soʻm, 100 Mbgacha 12500 va 500 Mbgacha 41000 soʻmni sarflashni talab qiladi. Bir narsani tan olish kerak, koʻp miqdorda joy ajratuvchi hosterlar kam. Joy beruvchilar asosan 20 Mb dan 500 Mb gacha boʻlgan oraliqni maʼqul koʻrishmoqda. Shu sababli ham biror portal-sayt ochmoqchi boʻlsangiz, oʻz kompyuteringizni Internetga toʻgʻridan-toʻgʻri ulab server sifatida ishlatganingiz maqsadga muvofiq.
Pullik hosterlar barchasi hech boʻlmaganda PHP va CGIni qoʻllab-quvvatlaydi.
Va albatta ishlash tezligining yuqoriligi. Agar oʻzbek hosterlari xizmatidan foydalanadigan boʻlsangiz, sayt ochilishi ham nisbatan tezroq boʻladi.