Hovuz
Hovuz — suv yigʻish va saqlash uchun qazilgan chuqur joy; ichimlik suvi saqlanaligan sunʼiy suv havzasi. H.ning toʻrtburchak, aylana, koʻp (6— 8) qirrali koʻrinishga ega turlari mavjud. Urta Osiyo va Yaqin Sharqning ayrim mamlakatlarida keng tarqalgan; asosan masjidlar yonida shaharlar maydonlari, bogʻlar, chorbogʻlar, saroy hovlisi va boshqalarda bunyod etilgan; atrofi toshlar bilan qoplab yoki daraxtlar ekib mustahkamlangan. H.lar favvoralar bilan bogʻliq boʻlgan. H.ning qadimdan meʼmorlikda ahamiyati katta boʻlgan. Qad. Misrda toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi H. yoʻlkaning 2 tomonida bunyod etilgan. Keyinchalik meʼ-moriy majmualar mujassamotida H.dan unumli foydalanila boshlangan: Agradagi Tojmahal, Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa, Labihovuz, bolohovuz va boshqa shular jumlasidan. 18-asrga oid yozma manbalarda qayd etilishicha, Toshkentning markaziy maydoni — Registon va Shayxontohurda eng katta H.lar boʻlgan, uning atrofida tut, chinor daraxtlari oʻsgan, qoʻlyozmalarga ishlangan miniatyuralarda ham H. oʻz ifodasini topgan. Turkiya meʼmorligida uy devorlariga taqab yarim aylana shaklida bunyod etilgan H.lar ham uchraydi. Marmar qoplab ishlangan H. bejirim koʻrinishga ega boʻlgan, sirtlari ravoqlar, guldastalar, jez panjaralar bilan bezatilgan.
Buxoro shahrida 300 dan ortiq H. boʻlgani 19-asr hujjatlarida qayd qilingan. 20-asrda esa sanitariya talablari bahonasi bilan aksari H.lar quritib oʻrniga binolar qurilgan. Hozirda Oʻzbekiston hududida tabiiy sharoitlarni hisobga olgan holda H. (suv havza)lar bunyod etiladi, ular favvoralar bilan uygʻunlikda ajoyib manzara, soʻlim maskanlar hosil qiladi. Shuningdek, suzishga moʻljallangan H.ning usti ochiq va yopiq turlari koʻplab quriladi. Shuningdek, H.ning betonli va kafelli ko'rinishlari bor.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |