Huquqiy davlat
Huquqiy davlatda eng oliy qadriyat inson hisoblanadi. Davlat faqat huquq normalarini yaratib qolmay, oʻzi ham ularga amal qilishi Huquqiy davlatning eng muhim xususiyatidir. Huquqiy davlat demokratiyaning ajralmas belgisidir. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida Oʻzbekiston xalqi insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni koʻzlab oʻzining muxtor vakillari siymosida davlatimizning asosiy qonunini qabul qilishi taʼkidlab oʻtilgan. Oʻzbekistonning mustaqil davlatchiligi davrida konstitutsiya va qonunlarning ustunligi gʻoyasi xalq ijtimoiy ongining tarkibiy qismiga aylandi. Qonunni chetlab oʻtish emas, aksincha, qonun talablari asosida, unga mos va muvofiq ravishda yashash lozimligi kishilar ongiga tobora singib bormoqda. davlat inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlashning izchil huquqiy mexanizmini yaratish tadbirlarini amalga oshirdi .
Huquqiy davlatning shakllanishi va faoliyat yuritishning muhim shart-sharoitlaridan bo'lib quyidagilar hisoblanadi: mamlakatda fuqarolik jamiyatining shakllanganligi; jamiyatning barcha yoki ko'pchilik a'zolarining siyosiy va huquqiy ongining yuqori darajada ekanligi; ularning mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotida faol ishtirok eta olishi uchun umuminsoniy madaniyatga ega boʻlishi; mamlakatda bir-biriga zid bo'lmagan yagona qonunchilik tizimining mavjudligi. Huquqiy davlat nazariyasi bilan uni amalga oshirish o'rtasida katta farq bor. Hozirgi paytda huquqiy davlat nazariyasi dunyodagi koʻpgina davlatlarning konstitutsiyalarida o'z aksini topgan. Masalan, 1978-yilda qabul qilingan Ispaniya Konstitutsiyasining 1- moddasi 1-bandida quyidagilar mustahkamlab qo'yilgan: "Ispaniya - bu sotsial, huquqiy va demokratik davlat boʻlib, bu davlatda oliy qadriyat erkinlik, adolat, tenglik va siyosiy hurfikrlilik hisoblanadi". 1949-yilgi GFR asosiy qonunga ko'ra Germaniya Federativ Respublikasi demokratik va sotsial federativ davlat boʻlib hisoblanadi" (20-modda) hamda ularning konstitutsiyaviy tuzilmasi Asosiy Qonunga zid kelmasligi kerak (28- modda). Huquqiy davlat to'g'risidagi g'oyalar Avstriya, Gretsiya, Italiya, Fransiya, Shvetsiya, Shveysariya va boshqa bir qator yuqori darajada rivojlangan davlatlarning konstitutsiyalarida belgilab qo'yilgan. 1993-yilgi Rossiya Konstitutsiyasida huquqiy davlat to'g'risidagi g'oya to'g'ridan-to'g'ri o'z aksini topgan. Uning birinchi moddasida "Rossiya Federatsiyasi - Rossiya respublika boshqaruv shaklidagi demokratik, federativ. huquqiy davlatdir" , -deb yozib qo'yilgan. 1992-yilda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini muqaddimasida ham huquqiy demokratik davlat toʻgʻrisidagi g'oya o'z ifodasini topgan. Huquqiy davlat to'g'risidagi g'oya va nazariyalarni dunyodagi ko'pchilik mamlakatlar tan olsalarda, ammo uni amaliyotda hamma davlatlar to'laligicha qoʻllamaydilar. Hozirgi paytda huquqiy davlat to'g'risidagi g'oyani to'liq hayotga tatbiq qilgan biron-bir davlatni uchratmaysiz. Huddi shu ma'noda huquqiy davlat to'g'risidagi nazariyalar har qanday demokratik davlat intilishi kerak boʻlgan ideal, etalon vazifasini o'taydi.
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |