Ibrohim Davron (taxallusi; asl ism-sharifi Mirzaaʼzam Ibrohim oʻgʻli) (1874, Qoʻqon – 1922.5.4) – oʻzbek shoiri, maʼrifatparvar, dramaturg, publitsist. Davron, asosan, sheʼr va pyesalar, maqolalar yozgan. „Ashʼori nisvon“, „Turkcha figʻonlar“ (1912), „Oltin soʻzlar“ (1912), „Taʼlim jugʻrofiyasi“ (1913), „Madaniy jumboqlar“ (1914) sheʼr va topishmoq toʻplamlari; „Ogʻir hollar“, „Vatan ishqi“, „Tengsiz uylanish“ (1916) va boshqa pyesalarida vatan taqdiri uchun qaygʻurgan, ayollarning ahvoli, chor Rossiyasi zulmi ostidagi ogʻir hayotni tasvirlagan, xalqni bilim olishga chaqirgan. Ibn Sino asarlari taʼsirida tibga oid lugʻat tuzgan (nashr etilmagan). Qoʻqonda birinchi boʻlib suratxona (1901), „Madoro“ („Quvvat“) nomli kutubxona ochgan (1912). Hamza bilan hamkorlikda „Kengash“, „Hurriyat“ jurnallarini chiqargan, jurnallarda rassomlik qilgan, yoshlar tarbiyasiga oid maqolalar yozgan. 1918-yil dan boshlab maktablar ochish ishlarida faol ishtirok etgan. Davron asarlari „Sadoi Turkiston“, „Turkiston viloyatining gazeti“da bosilgan.

Adabiyotlar tahrir

  • Sharipov J., Oʻzbekiston tarjima tarixidan, Toshkent, 1965-yil.
  • Jalolov T., Usmonov J., Zahmatli umrning zarhal sahifalari, Toshkent, 1983-yil.
  • Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.