Ibrohim naxaiy
Ibrohim Naxaiy (hijriy 47-96-yillar)
Abu Imron Ibrohim ibn Yazid ibnul Asvad ibn Amr ibn Robia an-Naxaiy(47-96-hijriy yillar). Ibrohim Naxaiyning o’limi haqidagi xabar Imom Sho’baga yetib borganda shunday degan: “U kishi vafot qiliptimi?!” Ha, deyishdi. Shunda Imom Sho’ba: “Undan keyin unga o’xshashi qolmadi. U o’zidan Ibn Jubayrni ustun bilishi ajablanarli edi. Men sizga anashuning xabarini beraman. U fiqh oilasi xonadonida ulg’aygan. Ulardan fiqhni olgan. Keyinchalik bizning majlisimizda bo’lib eng sara hadislarimizni olib o’z xonadoni fiqhiga qo’shdi. Endi unaqasi qayerdan ham bo’lishi mumkin?” “Hilyatul Avliyo”da shunday deyiladi: “Ibrohim Ibn Yazid an-Naxaiy barcha ilmlarni jamlagandi”. Imom A’mashdan rivoyat qilinadi: “Ibrohim o’zini mashhurlikdan chetda tutardi. Ustun tagiga o’tirmasdi(qadimdan katta olimlar masjidlar ustuni ostida o’tirib xaloyiqqa hadis aytib ilm yetkazishgan. Ibrohim Naxaiy o’zini hokisor tutib ustozlar o’tiradigan joyga o’tirib ilmdan gapirishni istamasdi). Biror masala haqida so’ralsa, anashu masalaning javobidan ortiq biror so’zni aytmasdi. Men unga so’ralgan masalasi borasida: “Bu masalada manabunday, manabunday gaplar yo’qmidi?” desam. U: “Kelgan odam mendan buni so’ramadi”, derdi. Ibrohim hadis borasida sayrofiy edi(Sayrofiy- qadimda metal tangalarni almashtirib berish bilan shug’illanuvchi sarroflarni shunday atashgan. Sarroflar tangalar bilan juda ko’p ishlagani sabab qalbaki tangalarni osongina farqlaganlar. Hadisda mohir bo’lgan kishilar har qanday hadisdagi eng maxfiy mayda muammoni ham osongina topa olgani sabab “hadisda sayrofiy edi” deya tariflanganlar). Men biror sherigimdan qandaydir hadis eshitsam Ibrohimga ko’rsatib(tekshirtirib) olardim”.