Ilm al-Hadis
ILM al-HADIS— hadis, ilmi hadisshunoslik — hadislarni o‘rganishga bag‘ishlangan ilm sohasi. Soxta hadislar sonini ilk islom davridayoq oshib ketgani musulmon ulamolari orasida ularga nisbatan tanqidiy yondashish lozim ekanini ko‘rsatdi. Muhaddislar muomaladagi soxta hadislarni asldan ajratish uchun ularni sinchiklab o‘rganish zaruriyatini anglab yetganlar. Musulmon tankidchiligining asosiy eʼtibori hadisning mazmuni (matn)ga emas, balki roviylar zanjiri (isnod)ga qaratilgan, isnodning sifatli bo‘lishi yetkazilgan maʼlumotning to‘g‘riligiga kafolat hisoblangan, Muhaddislar uchun roviylar (ar-rijal) zanjiri (silsila)ni uzluksizligini belgilash muhim bo‘lgan. Roviylarning ismi, yashagan yoshlari, tarjimayi hollarini bilishga harakat qilganlar. Ularning imoni sofligi va axloqiy xususiyatlari alohida muhim ahamiyat kasb etgan. Roviylar haqida batafsil maʼlumot to‘plash va ularni tanqidiy o‘rganish Ilm al-Hadisda alohida yo‘nalish - maʼrifat ar-rijol („roviylar haqida bilim“)ni vujudga keltirgan. Bu bilimni har bir bilimdon muhaddis egallamog‘i lozim hisoblangan. Roviylarni aniqlash maxsus lug‘at yoki isnodlarda nomi zikr etilgan shaxslarning tarjimayi hollari bitilgan tabaqot ko‘rinishidagi maʼlumotnomalarning yaratilishiga olib kelgan. Bu turdagi asarlarning bizgacha yetib kelgani Ibn Saʼd (845-yilda vafot etgan)ning „Kitob tabaqot al-kabir“ asaridir. Shu bilan bir qatorda „zaif“ hadis roviylari haqida ham maʼlumotnomalar yozilgan, masalan, „an-Nasoiy“ (915-yilda vafot etgan)ning „Kitob ad-du’afa“ asari. Hadislar tanqidi juda puxta bo‘lgan, shu munosabat bilan maxsus istiloxlar paydo bo‘lgan. Hadislar bir xil qiymatga ega bo‘lmasdan, „sahih“ (ishonchli), „hasan“ (yaxshi) va „zaif“ (kuchsiz) kabi turlarga bo‘lingan. „Sahih“ hadis deb to‘liq, hech qanday uzilishsiz roviylari bo‘lgan, roviylarining imoni va fazilatlari hech qanday eʼtirozga sabab bo‘lmaydigan hadislarga aytiladi. „Hasan“ hadis deb, roviylari zanjirida uzilish bor bo‘lgan hadislarga aytiladi. Bunday hadislar garchi „sahih“lardan pastroq darajada tursa-da, har holda ilohiyot — huquqiy masalalarni yechishda qabul etilib, ulardan foydalanilgan. „Zaif“ hadis deb hadisning mazmuni shubha tug‘dirsa yoki roviylardan biri ishonchga noloyiq deb topilsa, shunday deb atalgan. Bunday hadislar faqatgina ulardan turli xildagi o‘git-nasihat yoki yaxshi odob-axloqqa oid misollar keltirilgan holdagana qabul qilingan. Hadislar tanqidiga IX asrning yirik allomalari, musulmon olamida eng ishonchli deb hisoblangan olti sahih hadis to‘plamlarining mualliflari: Buxoriy (870-yilda vafot etgan), Muslim (875-yilda vafot etgan), Ibn Moja (886-yilda vafot etgan), Abu Dovud as-Sijistoniy (888-yilda vafot etgan), Termiziy(892-yilda vafot etgan) va Nasoiy (915-yilda vafot etgan)lar katta hissa qo‘shdilar
Adabiyotlar
tahrirISLOM ENSIKLOPEDIYASI „Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2004
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |