Abu Dovud Sulaymon ibn Ash'as ibn Ishoq al-Azdiy Sijistoniy hujjat bilan hukm qiluvchi, huffoz- larning sayyidi, hadislarni tahlil etuvchi «Kitobi Sahih» deb tan olingan olti muhaddisning biridurlar. Nisbatlari Basra qishloqlarining biri bo'lgan Sijistongadir.

Bu zot hijratning 202-yili Basrada tavallud topdilar. Hadislarni to'plashda Iroq, Xuroson, Shom, Misr, Arabiston Jazirasi kabi yurtlardagi ulamolar huzurida bo'lib chiqdilar. 221-hijriy sanada Kufaga safar qildilar va ana shu yerdagi kishilardan ham hadislarni eshitib rivoyat qildilar.

Ulamolar bu zotda bo'lgan sifatlarni ko'p zikr qilishadi. Amr ibn Ali Bohiliy: «Imom Abu Dovud duosi ijobat bo'luvchi kishilardan edilar»-deb aytadilar. Muhammad ibn Sa'd Zuhariy: «Bu zot obid, taqvoli, fozil, solih, pok kishilardan edilar»-deb aytadilar. Abu Hotim ar-Roziy: Bu zotdek tazarru'li va bu kishidek hujjati ishonchli kishini ko'rmaganman»- deganlar.

Abu Dovudning «Sunan» kitoblari to'g'risida ham ulamolar g'oyatda maqtov fikrlar bildirishgan: Zakariyo Soniy aytadilar: «Kitobulloh Islomning asli, «Sunani Abu Dovud» Islomning ahdidir». Ulug' zotlardan Xattobiy: «Bu kitob ikkita sahih kitobdan ko'ra faqihroq va hadis ilmida buning singari kitob tasnif etilmagan»-deb aytadilar.

Imom Abu Dovud hammasi bo'lib 50000 hadis rivoyat qilib, bulardan 4800-ta sahih hadisni «Sunan» kitoblariga kiritdilar. Imom Abu Dovudning «Sunan» kitoblariga ko'plab sharh va muxtasarlar yozildi. Bu zot hadislarni Muslim ibn Ibrohim, Sulaymon ibn Xarb, Abu Umar Havziy, Abu Valid Tayolisiy, Abu Muammar al-Muaqqad, Abdulloh ibn Maslama al-Qa'nabiy, Ahmad ibn Hanbal, Usmon ibn Shayba, Amr ibn Avn, Hishom ibn Ammor Dimashqiy, Rabiy' ibn Nofi' Halabiy, Ahmad ibn Solih Misriy va boshqa bir nechta jamoat kishilardan eshitdilar.

Imom Abu Dovuddan Termiziy, Nasaiy, o'g'illari Abdulloh, Ahmad ibn Muhammad ibn Horun, Ali ibn Husayn ibn Abd, Muhammad ibn Muhammad ad-Davriy, Ismoil ibn Muhamad Saffor, Ahmad ibn Salmon Najjor va boshqa bir necha kishilar rivoyat qiishdi. Imom Abu Dovud hijratning 275-yili, Shavvol oyining 16-kunida Basrada vafot etdilar[1].

Manbalar tahrir

  1. http://www.islam.uz