Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturudiy- imom, fiqh olimi, kalom ilmining moturudiylik oqimi asoschisi. Samarqandda tugʻilib, oʻsib, taʼlim olib, ijod qilib, shu yerning oʻzida hijriy 333-yilda vafot etgan.

Moturud- Samarqanddagi qishloqlardan birining nomi bo'lib, Arabcha "ما طرود" ya'ni "nima deysan" so'zidan olingan. Shayx Abu Mansur kalom ilmiga ruju qilgan paytlarida shogirdlari ko‘payib ketgan va ular o‘zaro bahs qilganlarida bir-birlariga arab tilida ko‘pincha «Mo turid?» deb murojaat qilganlar. Shu so‘z ko‘pchilik qulog‘iga tez-tez chalinavergach, Shayx shogirdlarini moturidiylar, qishloq nomini esa Moturid deb atay boshlaganlar (Zarnujiy. «Ta’lim al-muta’allim» sharhi).

Hayoti tahrir

Imom Abu Mansur Moturudiy hanafiy boʻlib, Imom Aʼzamning shogirdlari imom Muhammad ibn Hasan rahmatullohi alayhning ikki vosita ila shogirdlari boʻlgan. Yaʼni u kishining ustozlari imom Muhammadning shogirdlari boʻlgan. Imom Abu Mansur Moturudiy rahmatullohi alayh fuqarolar va muhaddislar chaqirgan narsaga chaqirgan. U kishi juda ham mashhur boʻlib, Movarounnahrda barcha unga murojaat qilgan. Ular u kishidan fiqh, usulul fiqh va boshqa diniy ilmlardan taʼlim olganlar.

Yozgan asarlari tahrir

Imom Moturidiyning qalamiga mansub asarlarning soni oʻn beshtaga yetib qoladi. Tarixiy manbalarda Moturidiyning koʻplab asarlari haqida maʼlumotlar yetib kelgan. Ularda taʼkidlanishicha, Moturidiy uch yoʻnalish: kalom, tafsir va fiqh boʻyicha asarlar yozgan Tafsirga oid „Taʼvilotu ahlis-sunna

Kalomga oid „Kitob at-tavhid“ (Tavhid kitobi), „Rad usul al-xamsa“ (Besh usulga raddiya), „Radd al-Amamiyya li-baʼd ar-ravafid“ (Imomiylarning baʼzi rofidiylarga raddiyasi), „Rad alal Qaramita“ (Qarmatiylarga raddiya).

Fiqhga oid „Maʼxaz ash-sharaʼi fi-l-fiqh“ (Fiqh ilmida sharʼiy manbalar), „Al-jadal fiy usul al-fiqh“ (Fiqh ilmi asoslari xususida munozaralar)

Uning boy ilmiy merosidan faqat uch dona asari bizgacha yetib kelgan. Bular „Taʼvilotu ahlis-sunna“, „Kitob at-tavhid“ va „Kitobul maqolat“ asarlaridir. Imom Abu Mansur Moturudiy rahmatullohi alayh usul boʻyicha „ Kitobul Jadal“ni va fiqhda „ Maʼoxizush-shariy’at“ni taklif qilganidan keyin shuhrati yana ham oshib ketdi. Shundan keyin ilmi kalomda shuhrat qozonib, Xuroson ahli ushlagan mazhab sohibiga aylandi. Imom Abu Mansur rahmatullohi alayhning aqiydadagi mazhabib Aulhasan Ash’ariyning mazhabiga teng boʻldi.

Shayxlari tahrir

Imomi Moturudiy bilvosita Imomi Abu Hanifaning shogirti hisoblanadi. Jumladan:

1. Abu Nasr al-Iyoziy (Ahmad ibn Abbos). Bu zot Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq al-Juzjoniydan ta’lim olganlar. Shayx Abu Mansur fiqh ta'limlarida Abu Nasrga sheriklik qilgan bo'lib, Somoniylar davrida dor ul-harbada asir holatida yashagan. Keyinchalik o'sha yerda vafot etgan (" Tarixi Samarqand"dan).

2. Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy. Ray shahrining qozisi bo‘lgan bu zot Abu Hanifaning shogirdi — Muhammad ibn Hasan al-Shayboniyda o‘qiganlar. Saxobalar orasida mashxur bo'lgan Vakiydan hadis rivoyat qilgan. Hayotlik vaqtida Imomi Buxoriy bilan ko'rishib, uning ham halqalarida qatnashgan.

3. Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq al-Juzjoniy. Bobosining ismi Subh yoki Subayh ekanida muarrixlar ixtilof qilganlar. «Al-Furuq vat-Tamyiz», «Tavba» va boshqa kitoblar mualliflari bo'lib, yozish asnosida Imomi Moturudiy bilan birgalikda ishlagani haqida ma'lumotlar mavjud.

4. Nasir ibn Yahyo al-Balxiy. Bu zot ham mazkur shayxlari kabi Abu Sulaymon al-Juzjoniy, Abu Mute’ al-Hakim Abdulloh al-Balxiy va Abu Muqotil Hafs as-Samarqandiydan saboq olgan hanafiy maktabiga mansub fiqh va kalom ulamolaridandir.

SHOGIRDLARI tahrir

Imomi Moturudiy hayoti davomida aqida va usul fanlariga katta etibor bergan va shu sohada ko'plab shogirtlar yetishtirgan. Keyinchalik, esa Moturudiy maktabiga asos solgan.

1.  Abul-Qosim Ishoq ibn Muhammad ibn Ismoil ibn Zayd al-Qoziy — al-Hakim as-Samarqandiy (vafoti 335-yil. Chokardiza qabristoniga dafn etilgan). Imomi Moturudiyning asosiy shogirtlaridan biri hisoblanadi. U fiqh, aqida va usul fanlarini Imomi Moturudiyning o'zidan o'rgangan. Uzoq vaqt Samarqandda qozilik vazifasini o‘tagan. Asarlaridan «Savodi a’zam», «Imon» risolasi mashhurdir.

2. Abul-Hasan Ali ibn Said ar-Rustufag‘niy as-Samarqandiy. Hanafiya fiqhi va usuli bo‘yicha shuhrat qozongan. U bilan ustozi Shayx Moturidiy o‘rtasida mujtahid xatosiga oid masalada ixtilof kechgan. «Irshodul-muhtadiy», «Az-zavoid val-favoid», «Al-as’ilatu val-ajviba», «Bayonus-Sunnati val-Jamoa» kabi asarlar muallifidir. Vafoti 350 yil.

3. Abu Muhammad Abdul-Karim ibn Muso ibn Iso al-Pazdaviy. Nasafdan olti farsax uzoqlikdagi Pazda yoki Pazdava qishlog‘idan. Asosan, fiqh ilmida mashhur bo‘lgan.

4. Abu Ahmad ibn Abi Nasr Ahmad ibn al-Abbos al-Iyoziy. Abu Mansur hazratlarining ustozlari Abu Nasr al-Iyoziyning o‘g‘li. Fiqh, nutq, iffat va taqvoda benazir bo‘lgani haqida naql qilinadi.

5. Abu Abdir-Rahmon ibn Abil-Lays al-Buxoriy. Kalom va fiqh ilmlarini Abu Mansur hazratlaridan olgan. U Abul-Qosim al-Hakim as-Samarqandiy bilan ko‘p vaqt birgaliqda tahsili ilmda bo‘lgan.

Ilmiy unvonlari tahrir

— Imomul-hudo (Hidoyatga eltuvchi imom).

— Qudvatu Ahlis-sunna (Ahli Sunnat peshvosi).

— Musahhihu aqoidil-muslimin (Musulmonlar aqoidini isloh etuvchisi).

— Imomul-mutakallimin (Kalom ilmi olimlarining peshvosi).

—  Rabibu Ahlis-sunna (Ahli Sunna val-Jamoa tarbiyasini olgan).

— Al-Imom az-Zohid (Dunyoni tark etgan imom).

— Ash-Shayx al-Imom.

Bu unvonlar Imomga xalq tomonidan berilgan bo'lib, yozgan kitoblari, olib borgan ma'ruzalari va boshqa amallariga nisbat qilib berilgan va islom olamiga shu nomlar orqali tanilgan.

Vafoti tahrir

Imomning vafoti toʻgʻrisida „Usul ad-diyn inda Imom Abu Hanifa“ kitobida quyidagicha keltiriladi: „… U Abul Hasan Ashʼariy vafotidan toʻqqiz yil oʻtib, 333/945 yilda vafot etgan“. Yaʼni, islom olamida katta nufuzga ega boʻlgan, ahli sunnaning ikkinchi aqidaviy mazhabi boʻlgan Ashʼariya mazhabining asoschisi Abul Hasan Ashʼariy vafotidan toʻqqiz yil oʻtib Samarqandda vafot etgan va shahar chekkasidagi Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.

Moturidiya ulamolarining eng mashhurlaridan Abu Muin an-Nasafiy (438-508 H./1046—1114 m.) o‘zlarining «Tabsiratul-adilla» kitobida shunday yozadilar: «Abu Mansur Moturidiy vafot etganlarida yaqin shogirdlaridan biri Abul-Qosim al-Hakim uning qabr toshiga quyidagi bitikni yozdirgan ekan:

Ya’ni: «Bu qabr nafaslari miqdoridagi ilmlarni o‘zida jam etgan, bor kuchini u ilmlarni tarqatish va o‘rgatish bilan tugatgan, bas, shuning uchun diniy asarlari maqtovga sazovor bo‘lgan va o‘z umridan serhosil mevalarni olishga erishgan zotning qabridir».

Shayx Abu Mansur Moturidiyning qabri Samarqand shahrining Chokardiza qabristonida ekanligi ishonchli manbalar va ilmiy tadqiqotlar asosida o‘z tasdig‘ini topdi. Shunga binoan 2000 yilning may oyida O’zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan bu xususda maxsus fatvo chiqarildi.

Oʻzbekistonda Moturidiy merosini oʻrganishga faqat mustaqillikdan keyingina kirishildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 2000-yilda Moturidiy tavalludining 1130-yilligi Oʻzbekistonda keng nishonlandi. Oʻzbekiston prezident I. A. Karimov tashabbusi bilan Samarqandda alloma xotirasiga yodgorlik majmui bunyod etildi. Toshkent va Samarqandda Moturidiy taʼlimoti va uning islom olamida tutgan mavqeiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar oʻtkazildi. Moturidiy hayotining turli qirralarini yorituvchi maqolalar, risolalar va tadqiqotlar chop etildi. Moturidiy merosini oʻrgangan xorijlik olimlar bilan samarali hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. 2001-yilda Göttingen (Germaniya) universitetining professori Rudolf Ulrich qalamiga mansub „Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti“ kitobi oʻzbek tilida nashr etildi.

2002-yilda mazkur kitobning keng ommaga, jumladan, oliy oʻquv yurtlarining talabalari va oʻrta maktablarning yuqori sinf oʻquvchilariga moʻljallangan nashri amalga oshirildi. Endilikda xalqimiz Moturidiy merosi bilan oʻz ona tilida tanishish imkoniga ega boʻldi[1].

Manbalar tahrir

  1. [Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) „Imom Abu Mansur Moturudiy“]. https://uz.wikipedia.org/wiki/2000. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005). Qaraldi: 3-dekabr 2022-yil.

Adabiyotlar tahrir

•Al-Moturidiy taʼlimoti va uning Sharq xalqlari madaniyatidagi oʻrni. Maʼruzalar toʻplami, T., 2000;

•Karimov I. A., Vatan ravnaqi uchun har birimiz masʼulmiz Imom Moturidiy tavalludining 1130-yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlangan nutq, 9-j, T., 2001;

•Uvatov U., Imom al-Moturidiy va uning taʼlimoti, T., 2000;

•Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. „Sunniy aqiydalar“

•Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. „Aqoid ilmi va unga bogʻliq masalalar“