Imom Buxoriy Xalqaro Jamg'armasi

IMOM BUXORIY XALQARO JAMGʻARMASI — buyuk muhaddis Imom Buxoriyning boy maʼnaviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish maqsadida tuzilgan xalqaro jamg‘arma (1998 yil 4 noyabr). Muassasalari: Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Madaniyat ishlari vazirligi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Toshkent shahar va Samarqand viloyat hokimliklari, „Oʻzbekturizm“ va „Oʻzbekiston havo yo‘llari“ milliy kompaniyalari, Oʻzbekiston milliy universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, „Maʼnaviyat va maʼrifat“ jamoatchilik markazi, „Mahalla“ va „Oltin meros“ jamg‘armalari va boshqalar. Boshqaruvi -Toshkent shahrida, Samarqand bo‘limi — Chelak tumanidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuida joylashgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning „Imom al-Buxoriy xalqaro jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida“gi Farmonida (1998 yil 16 noyabr) jamg‘armaning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jamg‘armaning dastlabki ustav fondi Vazirlar Mahkamasi zaxira fondidan o‘tkazilgan 50 mln. so‘m va Quvayt Davlati Amiri tomonidan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga xayriya etilgan 500 ming AQSh dollaridan shakllandi. Jamg‘armaning asosiy fondlariga uning balansiga o‘tkazilgan binolar va ko‘chmas mulklar, jumladan, Imom Buxoriy yodgorlik majmui kiradi. Jamg‘armaning milliy va xorijiy valyutadagi hisob raqamlari Oʻzbekiston fuqarolari va tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy shaxslarning xayriya ulushlari uchun ochiq, deb belgilangan. Tashkiliy tuzilmasi rais va uning o‘rinbosarlari, ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, turizmni rivojlantirish, xalqaro aloqalar va investitsiyalar, qo‘lyozmalar elektron kutubxonasi, Imom Buxoriy nashriyoti kabi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • ISLOM ENSIKLOPEDIYASI „Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi“
  • Davlat ilmiy nashriyoti, 2004