Intiboh
INTIBOH (arab.- uyg‘onish, hushyor bo‘lish, ogoh bo‘lish) - qalbdagi g‘aflatning barham topishi, manmanlik va g‘aflat tugunlarining yechilishi.
Intiboh sufiylar tushunchasida banda qalbining g‘aflatdan - boshqa narsalarga berilganlik tufayli Xudoni eslamay qo‘yishdan xalos bo‘lishi, g‘aflat uyqusidan uyg‘onib, Xudoga yuzlanishidan iborat.
Tasavvufda intiboh to‘g‘risida ikki xil qarash mavjud. Birinchi qarashga ko‘ra, intiboh suluk yo‘liga kirgan solikning tavba maqomida yuz beradigan holatidir. Zero tavba maqomi solikning o‘z diqqat-e’tibori va o‘y-xayolini birgina Xudoga qaratishiga xalaqit beruvchi bu dunyoga tegishli narsalardan xalos bo‘lishi yo‘lidagi birinchi maqom bo‘lib, uning Xudodan g‘ofillik holatidan chiqishiga olib keladi. Sufiylar tavba maqomini qalbning g‘aflat uyqusidan uyg‘onishi deb bilishadi. Tavba esa solikni xudo tomon olib boradigan yo‘lning boshlanishi hisoblanadi. Intibohning tavba maqomi bilan bog‘liqligini bir qator sufiylarning hayotida kuzatish mumkin. Farididdin Attorning «Tazkirat al-avliyo»sida keltirilishicha, Ibrohim Adhamning shohona hayotdan voz kechib, zohidlik yuliga kirishiga, ya’ni tavba qilib, haq yo‘lini tutishiga unga g‘oyibdan kelgan: «Intiboh!» («Uyg‘on!»), degan chaqiriq sabab bo‘lgan. Intiboh to‘g‘risidagi ikkinchi qarash fano maqomi bilan bog‘liq bo‘lib, solikning qalbi fano maqomida intiboh holatiga tushadi. Robia Adaviyaning aytishicha, qalb uyg‘oq bo‘lganida uning yorga hojati qolmaydi. Chunki uyg‘oq qalb yorda - Xudoda foniy bo‘lgan qalb bo‘lib, yorda foniy bo‘lgan, ya’ni yorga yetishgan va unda yo‘q bo‘lib ketgan narsaga yorning keragi bo‘lmaydi. Chunki, yorning vujudi uning vujudiga aylangan bo‘ladi[1].
Manbalar
tahrir- ↑ tasavvuf Atamalari izohli lug'ati, ,Toshkent Islom Universiteti Islomshunoslilk ilmiy-tadqiqot markazi Movarounnahr 2015.