Yahudiy podsholigi
Yahudiy podsholigi — Isroil-Yahudiy podsholigi parchalanishi (mil. av. taxminan 935 yil) natijasida Janubiy Falastinda barpo etilgan quldorlik davlati. Poytaxti — Quddus shahri Mamlakat iktisodiyotida dehqonchilik bilan bir qatorda chorvachilik ham katta oʻrin egallagan. Pul muomalasining oʻsishi, qishloq jamoasining parchalanishi, yermulklarni zoʻrlik bilan tortib olinishi mulkiy tabaqalanishga olib kelgan. Podsho Iosiya hukmronligi davrida iqtisodiyotda birmuncha yuzaki islohotlar oʻtkazilgan. Xususan, mil. av. 622 yil qarzdorlarning qullik muddatlari 6 yil bilan cheklab qoʻyilgan, biroq unga rioya qilinmagan. Ayni vaqtda qudduslik kohinlar va zodagonlar manfaatini koʻzlab Quddus Yaxvaga sajda qilishning markaziga aylantirilgan. Mil. av. 586 yil Quddus Bobil podshosi Navuxodonosor II tomonidan vayron qilingan; yahudiylarning katta qismi asir qilib olib ketilgan ("Bobil asirligi" iborasi shundan). Axomaniylar shohi Kir //davrida (u mil. av. 538 yil Bobilni zabt etgan edi) Quddus qayta tiklanib, teokratik ibodatxonashahar jamoasi vujudga kelgan. Hokimiyat fors satraplari nazorati ostida boʻlgan yahudiy kohinlari kollegiyasi qoʻlida mujassamlashgan. Mil. av. 3— 2-asrlarda avval misrlik Ptolemeylar, soʻngra suriyalik Salavkiylar hukmronligi ostida boʻlgan. Mil. av. 167 yil Salavkiylar va ularning Yahudiy podsholigidagi tarafdorlari — kohinlar va quldorlarga qarshi qaratilgan Mankaveylar (Xasmoneylar) qoʻzgʻoloni koʻtarilgan. Natijada Iudeya xasmoneylar sulolasi hukmronligi ostida mustaqil boʻlgan. Qoʻshni qabilalar (idumeylar, itureylar va boshqalar) zoʻrlik bilan yahudiylashtirilgan, ijtimoiy ziddiyat kuchaygan. Aleksandr Yannay davrida (mil. av. 103—76 yillar) fuqarolar urushi ayniqsa avjga chiqqan. Mil. av. 63 yil Iudeya ustidan Rim protektoratligi oʻrnatilgan. Mil. 40-yil rimliklar hokimiyatni yangi sulola — Irodlarga topshirganlar. Mil. 6y.da Iudeya Rim prokuratorlari tomonidan boshqariladigan provinsiyaga aylantirilgan; prokuratorlar xalq qoʻzgʻolonlarini ayovsiz bostirganlar. Mil. 66—73y.lardagi Iudeya urushidan soʻng Yahudiy podsholigi uzil-kesil barham topgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |