Ivanovo viloyati - Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1929-yil 14 yanvarda tashkil topgan. Maydon 23,9 ming km2. Aholisi 1222 ming kishi (2000), asosan ruslar. 22 maʼmuriy rayon, 17 shahar va 32 shaharcha bor. Markazi Ivanovo shahri Ivanovo viloyati Sharqiy Yevropa tekisligining markaziy qismida joylashgan. Yer yuzasi, asosan, tekislik. Iqlimi moʻʼtadil kontinental. Yozi issiq (iyulning oʻrtacha temperaturasi 18–19°), qishi oʻrtacha sovuq (yanvar niki – 12°). Yillik yogʻin 550–600 mm. Daryolari Volga havzasiga mansub. Ivanovo viloyatida Gorkiy suv omborining bir qismi, Volga – Uvod kanali bor. 200 dan ortiq koʻl mavjud. Viloyat maydonining 2,9% botqoqlik. Tuprogʻi, asosan, podzol va botqoq tuproqlar. Qariyb 1 mln. ga yer oʻrmon. Sut emizuvchilardan malla quyon, oq quyon, tulki, tiyin; qushlardan karqur, kur, chil, kaklik; botqoqlik va qoʻllarda oʻrdak, gʻozlar uchraydi.

Ivanovo viloyati Rossiya Federatsiyasining toʻqimachilik (ip, gazlama va zigir tola gazlamasi) sanoati rayonlaridan biri. "Krasnaya Talka" yigiruv fabrikasi, melanj va kamvol kombinatlari va b. bor. Ip gazlama sanoatining asosiy markazlari: Ivanovo, Kineshma, Shuya, Vichuga, Furmanov, Teykovo, Rodniki, Yuja. Zigʻir tola gazlamasi sanoati markazi – Privoljsk. Toʻqimachilik mashinasozligi, asosan, Ivanovo shahrida. Ivanovo "Tochpribor", "Ivtekmash" ishlab chiqarish birlashmalari, "Elektrokontakt", "Stroymashina", "Temp" (avtokranlar) zavodlari bor. Toʻqimachilik sanoati ehtiyojlari uchun boʻyoq va kislotalar ishlab chiqariladi, neft kimyosi, oziqovqat sanoatlari birmuncha rivojlangan. Sut-goʻsht mahsulotlari, konserva va b. ishlab chiqariladi. Oʻrmon va yogʻochsizlik sanoati (yogʻochtaxta, mebel ishlab chiqarish) rivojlangan. Yogʻoch-sozlik korxonalari, asosan, viloyatning Zavoljye va janubi-sharqida joylashgan. Qurilish materiallari sa-noatida gʻisht, yigʻma temir-beton konstruksiyalar va detallar ishlab chiqariladi. Yoqilgʻi-energetika majmui maxdlliy xom-ashyo hisobiga ishlaydi (Ivanovo shahri yonidagi torfda ishlaydigan elektr stansiyasi, Saratov–Nijniy Novgorod–Cherepovets gazoprovodi). Gʻalla, kartoshka, yem-xashak ekinlari, tolali zigʻir, sabzavot ekiladi. Chorvachilikda sut-goʻsht chorvachiligi va choʻchqachilik, zotdor yilqichilik yetakchi oʻrinda. Palex va Xoluy shaharlari badiiy hunarmandchilik (lok-boʻyoq mahsulotlarini tayyorlash, miniatyurali rasm chizish)ning markazlari sifatida mashhur. Viloyatning asosiy temir yoʻl liniyasi Moskva– Ivanovo–Kineshma. Volga, Teza, Unja, Klyazma daryolarida kema qatnaydi. 7 oliy oʻquv yurti, kutubxonalar, 5 muzey, 3 teatr bor.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil