Janaba
Janaba, junub („ifloslanish“; sinonimi najasa) — ifloslantiruvchi xatti-harakatlar yoxud holatlar natijasida diniy marosimdagi nopoklik. Janaba masalalari fiqhning ibodat bo‘limida talqin etiladi. Ifloslantiruvchi narsalarga quyidagilar kiradi: a) inson tanasidan chiqargan barcha narsa, jumladan uning axlati, siydik, maniy, qusug‘i, yiring, hayz qoni, baʼzi mazhablarga ko‘ra yaradan oqqan qon, kesilgan soch va tirnoklar va b.; b) harom o‘lgan hayvon, ishlov berilmagan teri, shox, ichak va b.; v) vino va b. mast qiluvchi va gangituvchi moddalar (agarda ular tibbiy maqsadlarda ishlatilmasa); g) cho‘chqa, vahshiy hayvon va qushlar go‘shti; d) ko‘rinishi va hidi badbo‘y, yaramas bo‘lgan barcha narsalar. Ifloslanib qoluvchi holatlarga, yuvilmagan o‘likka, agarda u shahid ketmagan bo‘lsa qo‘l tekkizish, qon oqishi, jinsiy aloqa, hayz ko‘rish, tug‘uruq, og‘ir kasallik, ayniqsa bemor hushidan ketgan bo‘lsa, olis va uzoq safarga chiqish, shuningdek, inson o‘z xohish-irodasidan tashqari u yoki bu man etilgan narsaga qo‘l urib qo‘yishi kabilar kiradi. Kundalik jihozlar, uy-joy va kiyim boshning ifloslanib qolishi xuddi o‘shanday holatlarda yuz beradi, mas., xonadonga daydi it kirib qolsa, idishga vino kuyilsa yoxud unga cho‘chqa go‘shti solinsa, kiyimga qon tegsa va b. Agarda ifloslanish gunoh ish yoki qonunga xilof faoliyat bilan bog‘lanmagan holatlarda sodir bo‘lsa, mas., qassob yoki ko‘nchining ishi bilan bog‘liq holatda ro‘y bersa, g‘usl qilish bilan poklaniladi. Agarda u qandaydir man etilgan xatti-harakatlar oqibatida sodir bo‘lgudek bo‘lsa, mas., g‘irt mast bo‘lguncha vino ichilsa, man etilgan aloqada bo‘lsa va b., u holda gusldan tashqari tavba qilish zarur bo‘ladi va kafforat berishi lozim. Ifloslangan narsalar va xonalar yaxshilab tozalanadi, yuviladi va shamollatiladi, bunda ifloslanishdan xalos bo‘lish niyatini tasdiqlovchi duolar o‘qiladi.
Adabiyotlar
tahrirSLOM ENSIKLOPEDIYASI"Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyoti, 2004
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |