Jangi loy, Loy jangiAmir Temur va amir Husayn ibn Musallabning Jeta (Moʻgʻuliston) xoni Ilyosxoʻjaga qarshi jangi (Nizomiddin Shomiyning „Zafarnoma“siga koʻra 1360-y. 16-iyunda, Sharafiddin Ali Yazdiyning „Zafarnoma“siga binoan esa 1365-y. 22-mayda boʻlib oʻtgan). 1361-y. Amir Temur va Amir Husayn moʻgʻullar istilosiga qarshi bosh koʻtarib, 3 yil davom etgan janglardan soʻng, nihoyat 1364-y. oxirida ularni Movarounnahr hududidan quvib chiqarishga muvaffaq boʻlishadi. Biroq, 1364-y. bahorida Ilyosxoʻja Movarounnahrga katta qoʻshin bilan yurish qiladi. Shunda Amir Temur va amir Husayn Toshkent bilan Chinoz oraligʻida, Chirchiq daryosi boʻyida unga qarshi lashkar toʻplaydi. Ilyosxoʻja Konibodom tomonidan ularga yaqinlashib kelgach, ikki taraf lashkarlari qarama-qarshi saf tortadi. Amir Husayn qoʻshinning barangʻarga, uning qunbuliga esa arlot qabilasidan Tilonchi, hirovuliga Oʻljaytu qoʻmondonlik qiladi. Juvangʻarga Amir Temur, uning qunbuliga qipchoq qavmidan Sori Bugʻo, hirovuliga Temir Xoʻja Oʻgʻlon bosh boʻladi. Gʻulga Joku, Sayfuddin, Murod, Abbos Bahodir kabi atoqli amir va beklar jangga hozir turadi. Amir Temur va amir Husaynning birlashgan bu qoʻshini son jihatdan dushman lashkaridan ancha koʻp edi. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, shunda Ilyosxoʻja halol jangda gʻolib kelolmasligini payqab, bir hiyla ishlatadi: yadachi yada toshi yordamida kuchli jala yogʻdiradi. Natijada jang maydoni loylanib, Amir Temur va amir Husayn qoʻshini mushkul ahvolda qoladi, kiyim-kechak, qurol-yarogʻlar shu darajada namiqib ketadiki, otliqning ham, piyodaning ham qimirlashga majoli yetmaydi (shu bois bu jang tarixda J. l. nomi bilan mashhur). Ilyosxoʻja lashkari esa kigiz yopinib, oʻzlarini yomgʻirdan pana qiladilar. Shunday ogʻir sharoitga qaramay, Amir Temur dushmanning barangʻariga qattiq zarba beradi. Lekin, shu asnoda dushman qoʻshinining qunbuli Tilonchi yetakchiligidagi qunbuldan ustun kelib, uni amir Husayn boshchiligidagi juvangʻargacha quvib boradi. Amir Husayn askarlari sarosimaga tushib, qocha boshlaydi. Qoʻshinning oʻng qanotidagi bu xatarli vaziyatni koʻrgan Amir Temur oʻz qoʻl ostidagi navkarlar bilan dushmanning amir Shamsuddin boshchiligidagi juvangʻariga kuchli zarba berib, uni toʻzitib yuboradi. Soʻng, u amir Husaynga chopar yuborib, qoʻlga kiritilgan gʻalabani mustahkamlash uchun dushmanning asosiy kuchlariga birgalikda hujum qilish lozimligini maʼlum qiladi. Ammo, amir Husayn bunga koʻnmaydi. Ertasi ertalab yana jang boshlanib, Ilyosxoʻja qoʻshini yengiladi. Amir Temur va amir Husayn uni quvib ketayotib, amir Shamsuddin boshchiligidagi juvangʻardan ajralib qolgan moʻgʻullar toʻdasiga duch kelib, ular bilan jang qilishga majbur boʻladi. Shunda dushman parokanda navkarlarini toʻplab, qayta tartibga keltirishga muvaffaq boʻladida, tashabbusni oʻz qoʻliga olib, kuchli zarba bilan Amir Temur va amir Husayn qoʻshinini ikkiga ajratib yuboradi va gʻalaba qozonadi. 10 mingdan ortiq askaridan ayrilgan Amir Temur va amir Husayn Kesh tomon chekinadi.

Bu g‘alabadan keyin Ilyosxo‘ja hech qanday qarshilikka uchramay Xo‘jand va Jizzax shaharlarini egallab, Samarqand ustiga yuradi. Samarqandda qurolli qo‘shin bo‘lmasada xalq shaharni mudofaa qiladi.Uzoq vaqt davom etgan mog‘ullar hukmronligiga qarshi ko‘tarilgan xalq harakati tarixda "Sarbadorlar harakati'' nomi bilan shuhrat topadi.

Adabiyotlar tahrir

  • Sharafiddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, T., 1994; Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma, T., 1996; Dadaboyev H., Amir Temurning harbiy mahorati, T., 1996

Manbalar tahrir