Jangnomanavislik
Asar hozirgacha topilgan yagona qoʻlyozma asosida nashr etilgan boʻlib, qoʻlyozmada uning nomi qayd etilmagan. "Jangnoma" atamasi asar mazmuni eʼtibori bilan noshirlar tomonidan berilgan.
Jangnomanavislik tarixi
tahrirJangnomanavislik. Afgʻoniston XIX asrda suronli yillarni boshidan kechirdi.Temurshoh vafotidan keyin shahzodalar orasidagi nizolar, toj-taxt talashishlar, bir tomondan siyosiy parokandalikka, xalq xoʻjaligining inqirozga yuz tutishiga olib kelgan boʻlsa, boshqa tomondan xalq hayotining ogʻirlashuvi, boshboshdoqlik, zulmning kuchayishiga sabab boʻldi. Xalqning bunday holdan noroziligi Oysha Durroniy sheʼrlarida oʻz aksini topganligi haqida aytib oʻtgan edik. Ahvol Doʻstmuhammadxon davlat boshqaruvini qoʻlga olgan 1826-yildan keyin birmuncha oʻzgardi. Yangi hukmdor goh qurol kuchi, goh tadbir bilan mamlakatni birlashtirishga muvaffaq boʻldi. Ammo yuzaga kelgan bu oʻzgarishlar, davlat tizimidagi barqarorlik nishonalari Buyuk Britaniyaning qatiy qarshiligiga duch keldi. Inglizlar Doʻstmuhammadxonni taxtdan agʻdarib uning oʻrniga Shoh Shujoni podshoh koʻtarishga qaror qildilar. Lekin ularning 1833-34 yildagi harakatlari muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi, Shoh Shujo Qandahor yaqinida boʻlgan jangda Doʻstmuhammadxondan magʻlubiyatga uchrab Loʻdiyonaga qochishga majbur boʻldi. Ammo bu magʻlubiyat inglizlarni oʻz niyatlaridan qaytarmadi. Inglizlarning Shoh Shujoni taxga oʻtqizishga boʻlgan ikkinchi harakati 1839-yilda amalga oshdi.
Shuni aytish lozimki, bosqinchilar dastlab gʻalabaga erishgan boʻlsalar ham, xalq qoʻgʻirchoq shoh va uning xoʻjayinlariga boʻyin egmadi, mamlakatda milliy ozodlik kurashi kundan-kunga avj olib bordi. Kurash umumxalq tusini oldi va pirovardida, birinchi Ingliz-afgʻon urushi deb nom olgan bu voqealar 1842-yilda bosqinchilarning magʻlubiyati bilan tugadi.
Bosqinchilarga qarshi olib borilgan urush mavzusi dariyzabon yozma adabiyotda ham oʻz ifodasini topdi. Diqqatga sazovor narsa shundan iboratki, birinchi Ingliz-afgʻon urushi tugashi bilanoq bu mavzuga bagʻishlangan asarlar maydonga kela boshladi.
Jangnomanavislikka doir birinchi asar
tahrirHozirgacha maʼlum boʻlgan birinchi asar Gʻulom Muhammad Gʻulomiyning „Jangnoma“ dostoni boʻlib, muallif uni 1843-yilda yozib tugatgan.
„Jangnoma“ shaklan Abulqosim Firdavsiyning mashhur asari „Shohnoma“ga ergashib yozilgan. U hozirgi koʻrinishda 7 bobdan iborat boʻlib, 3538 bayt sheʼrni oʻz ichiga qamrab oladi. Asarning topilgan qoʻlyozmasidan oxirgi varaqlari yoʻqolgan. Kitob 1957-yilda Afgʻoniston tarix jamiyati tomonidan tarixchi olim Ahmad Ali Koʻhzod soʻzboshisi bilan chop etilgan, u 210 sahifadan iborat.
Asar muallifi haqida maʼlumotlar juda oz saqlanib qolgan. Aytilishicha, Gʻulomiy asli Afgʻonistonning Koʻhiston vohasidan, otasining ismi Temurshoh boʻlgan. Shoir mazkur asarini tugatgandan keyin yana 47 yil umr koʻrgan va 1890-yilda vafot yetgan. Bundan maʼlum boʻladiki, Gʻulomiy oʻz asarini yozganida hali yosh boʻlgan. U „Jangnoma“dan keyin yana qanday asarlar yozgani aniq maʼlum emas. Ayrim manbalarda u gʻazallar yozgani aytiladi, lekin afgʻon tadqiqotchisi Asadulla Habib mazkur gʻazallarda muallif taxallusi „Gʻulomiy“ emas, balki „Gʻulom“ shaklida kelganini taʼkidlab, bu asarlar Gʻulomiy qalamiga mansub ekaniga shubha bildiradi.
Gʻulomiyning „Jangnoma“ dostoni anʼanaviy hamd va naʼtdan boshlanadi. Bundan koʻrinadiki, muallif havaskor shoir boʻlmasdan, balki badiiy adabiyot, sheʼriyat qonun-qoidalari bilan yaxshi tanish professional ijodkor boʻlgan.
"Jangnoma" asari haqida
tahrirHamd va naʼtdan keyin Gʻulomiy urush voqealari tasviriga oʻtadi. Bunda amir Doʻstmuhammadxon, Mir Masjidixon, shahzodalar Muhammad Afzalxon va Muhammad Akbarxonlar ijobiy personajlar sifatida shoirning diqqat markazida turadi. Salbiy personajlar sifatida esa, bosqinchilar namoyandalari — general Maknoten, inglizlarning Kobuldagi muxtor elchisi Aleksandr Berns, doktor Jirardolar namoyon boʻladi.
Lekin ular qatorida Shoh Shujoning tilga olinmagani diqqatni tortadi. Aftidan, urush yillari va undan keyingi ilk paytlarda Shujoulmulkning mazkur voqealarda oʻynagan roli keng aholi qatlamlari orasida unchalik maʼlum boʻlmagan.
„Jangnoma“ning anchagina qismi Doʻstmuhammadxonning faoliyati bayoniga bagʻishlangan. Qoʻlyozma „Sardor Muhammad Akbarxonning Buxoro amiri qamogʻidan boʻshatilishi“ deb nomlangan bob bilan tugaydi. Qoʻlyozmaning yoʻqolgan qismi keyingi voqealarga, shahzoda Akbarxonning vatan ozodligi yoʻlida koʻrsatgan jasorati bayoniga bagʻishlanganini taxmin qilish mumkin.
Gʻulomiy qahramonlari jangchi gʻururi va nomusini hayotdan ham yuqori qoʻyadilar. Dushmanning ortiq kuchga ega boʻlgan qoʻshini bilan yo hayot yo mamot jangiga kirish arafasida shahzoda Afzalxon otasi Doʻstmuhammadga shunday soʻzlar bilan murojaat qiladi:
Afzal shohga dedi : Ey komron,
Bu dunyoda hech kim mangu qolmaydi.
Bundayin hayotdan kishiga oʻlim yaxshidir,
Agar shundayin beobroʻ boʻladigan boʻlsak.[1]
Manba
tahrirRahmon Inomxoʻjayev. Dariyzabon adabiyoti(XVIII-XIX-asrlardagi). 2016
- ↑ Rahmon Inomxo'jayev. Dariyzabon adabiyoti (O'zbek), Toshkent, 2016.