Kan Daybin qoʻzgʻoloni
Kan Daybin qoʻzgʻoloni — Xitoyda Tan imperiyasiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolon. Buyuk ipak yoʻlida soʻgʻd koloniyachiligi sodir boʻlib, Xitoyning ichki hududlariga qadar soʻgʻdiylar tarqalgan edilar. Xitoy va Turk xoqonligi bilan kurashlar kuchaygan davrda savdo yoʻlida faol boʻlgan soʻgʻdiylarga nisbatan ishonchsizlik kuchaygan va ularga jabr-zulm oʻtkazila boshlangan. Xitoy hududidagi soʻgʻdiylar Tan imperiyasining ularga nisbatan zulm siyosatiga qarshi qurolli kurashlar ham olib borganlar. Bu qoʻzgʻolonlardan biri Kan (kelib chiqishi Samarqanddan boʻlganlarga xitoyliklar tomonidan familiya sifatida ishlatilgan) Daybin boshchiligida 720—721-yillardagi qoʻzgʻolon boʻlib hisoblanadi[1]. Qoʻzgʻolonni ikki xitoylik sarkarda Go Chji Yun va Van Szyunlar bostirishga muvoffaq boʻlganlar. Tan sulolasiga bagʻishlangan tarixiy adabiyotlarda qoʻzgʻolon boshliqlarining nomlari keltirilgan boʻlib, Xe Xey Nu (xe-xitoyliklar tomonidan soʻgʻdlarga berilgan umumiy nom) Xey Nu esa — „Qora qul“ maʼnosini beradi, ikkinchisi Shi Shen Nu — Shi kelib chiqishi Kesh shahridan boʻlganlarga xitoyliklar bergan nom. Shen Nu esa — „ilohiy qul“ maʼnosini anglatgan. Yana bir qoʻzgʻolon rahbarlaridan biri Kan Te Tou (Kan Samarqandliklarning umumiy familiyasi) Te Tou esa — „temir bosh“ maʼnosini anglatgan. Asli buxorolik boʻlgan An Mujun ham qoʻzgʻolon rahbarlari sifatida tilga olinib, uning ajdodlari aslida buxorolik boʻlgani, otasi esa mujun (Tungus — Manjur xalqlarining eng katta qabilalaridan biri, mujunlar Manjuriya, Amur daryosining quyi oqimi va Tinch okeani qirgʻoqlarida yashaganlar) qabilasidan boʻlgan ayolga uylangan. Otasining yurtini familiya va onasining qabilasi ism sifatida tanlagan. Yuqoridagi fikrlar soʻgʻdlarning savdo aloqalarini rivojlantirishdagi oʻrnini koʻrsatib, ularning Tinch okeani qirgʻoqlariga qadar kirib borganligini koʻrsatib beradi. Afrosiyob devoriy surʼatlarida Samarqand saroyiga kelgan elchilar tasviriga qarab ularni uzoq Yaponiya yoki Koreya (Sila) davlatidan kelganligini arxeolog olimlar taxmin qiladilar. Garchi Kan Daybin qoʻzgʻolonini bostirishga ikki yil sarflanib, Xitoy va dasht oraligʻi Ordosdan soʻgʻdiy aholi Xitoy janubiga Xuayxe va Yantszi daryolari havzasiga koʻchirilib, ular uchun oltita oʻlka tashkil etilgan. Ammo, dasht bilan savdo aloqalari pasayib ketgandan soʻng, 738-yilda soʻgʻdiylar yana Ordosga koʻchirilgan va bu safar bitta Yuchjou oʻlkasi tashkil etilgan[2].