Kanko-maru
Kanko-maru (yap. 観光丸 Kanko:-maru) — Yaponiya tomonidan taklif qilingan, vertikal uchish va qoʻnish imkoniyatiga ega boʻlgan, oʻzida bir bosqichli raketa tashuvchi va uchuvchi tomonidan boshqariladigan kosmik kemani birlashtirgan, koʻp marta foydalanishga moʻljallangan kosmik transport tizimi.
Orbitaga milliy universal vosita sifatida yuk va ekipajni olib chiqish, shuningdek turizm (jumladan yoʻlovchilarni orbital mehmonxonalarga yetkazish) va suborbital qitʼalararo yoʻlovchilarni avialaynerlardan sezilarli darajada tezroq tashish uchun moʻljallangan koʻp martalik istiqbolli ilgʻor tizim loyihasi 1993-yilda Yaponiyaning raketa jamiyati va „Kavasaki“ kompaniyasi tomonidan taklif etilgan. Loyiha oʻsha vaqtlar uchun texnologiya jihatdan xavflilik darajasi kamroq, anʼanaviy raketa tashuvchida uchiriladigan koʻp martalik HOPE kosmoplani loyihasi amalga oshirilishi munosabati bilan Kosmosni tadqiq etish milliy agentligi (NASDA), hozirgi Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) tomonidan qabul qilinmadi, HOPE ham keyinchalik texnik va iqtisodiy qiyinchiliklar bois boshqariladigan milliy kosmik dasturlarni nomaʼlum muddatga kechiktirish qarori (Yaponiyaning „Kibo“ moduli va Xalqaro kosmik stansiya uchun HTV „Kontori“ yuk kemalaridan tashqari) tufayli amalga oshirilmay qoldi (2003-yilda bekor qilindi).
Loyihaga Edo davrida qurilgan va bugʻ bilan ishlaydigan birinchi yapon harbiy kemasi xotirasiga Kanku-maru deb nom berilgan.
Anʼanaviy qanotli, koʻp martalik aviatsion-kosmik tizimlarning aksariyatidan farqli oʻlaroq, loyihada vertikal uchish va qoʻnish, qurilmaning past qismidagi aylana boʻylab tirgaklar bilan joylashtirilgan reaktiv dvigatellardan foydalangan holatda qoʻnish taklif etilgan. U ishga tushirish jarayoni jihatidan Amerika hukumati tomonidan bekor qilingan „Venture Star“ loyihasiga oʻxshab ketadi, uchish va qoʻnish jihatidan esa Amerikaning amalga oshmay qolgan xususiy ROTON loyihasini yodga soladi.
Tizim raketa texnikalari uchun noodatiy boʻlgan keng tuxumsimon shaklga ega boʻlib, balandligi 23,5 m, diametri esa 18 m ni tashkil qiladi. Tizimning uchish ogʻirligi — 550 tonna, Yer orbitasining pastki qismiga olib chiqiladigan foydali yuk ogʻirligi 4 tonna yuk yoki 50 kishini tashkil qiladi. Tizimni boshqaruvchi ekipaj va yoʻlovchilar uning yuqori qismidagi aylana boʻylab illyuminatorlarga ega boʻlgan keng boʻlimga joylashadilar.
Loyiha qiymati 1995-yilda 28 milliard dollarga baholangan.
Yana qarang
tahrirHavolalar
tahrir- Encyclopedia Astronautica. Kankoh Maru (ingl.)
- Anderson, Erik „Kankoh-maru Flight Manual“. Space Future (1997-yil iyul). 2012-yil 29-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 4-avgust.
- „準軌道宇宙旅行 宇宙丸 - 観光丸“ (ja). uchumaru.com (2005-yil 11-aprel). Qaraldi: 2011-yil 24-iyul.