Karmana arki — Navoiy viloyati Karmana tumanida joylashgan saroy boʻlib, unda Karmana beklari yashagan.

Karmana arki
Umumiy maʼlumot
Maqomi Mavjud emas
Turi saroy
Joylashuvi Karmana, Navoiy viloyati
Manzili Mustaqillik, Bobur, Karmana, Amir Temur koʻchalaridagi uylar o'rni
Mamlakat O'zbekiston
Buzilgan sana 1956-yil
Egasi Karmana beklari
Texnik holati
Binoning ichki maydoni 1 gektar

Karmana arki qurilishi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Tuzilishi va koʻrinishi jihatidan Karmanadagi binolar Buxorodagi yodgorliklarga oʻxshagani uchun Karmanadagi arkni tarixchilar taxminan Buxoro arkidan keyingi paytda yaʼni milodning boshlarida bunyod etilgan degan fikrni ilgari surishadi. Karmana arki taxminan 1 gektarli maydonda, hozirgi Mustaqillik koʻchasi, Bobur koʻchasi, Karmana koʻchasi va Amir Temur koʻchasi bilan chegaralangan uylar oʻrnida boʻlgan[1]. Balandligi 7-8 metr boʻlgan 9 paxsali devor Arkning atrofini oʻrab turgan. Ark darvozasi oldida sarbozlar tun-u kun qoʻriqchilik qilgan. Asosiy darvoza inshootning sharqiy tomonida joylashgan. Ark maxsus barpo etilgan qoʻrgʻonning markazida boʻlgan. Qoʻrgʻon devorining diametri 3000 metrga teng. Qoʻrgʻonga uchta darvoza orqali kirilgan. Darvozalar „Qarshi“, „Kunchiqar“, „Qibla“ deb nomlangan. „Kunchiqar“ va „Qibla“ darvozlari orasida bor boʻyiga rastalar joylashgan. Rastalarning ikki tomonini savdo doʻkonlari egallagan. Karmana qoʻrgʻoni ichida bekning alohida karvonsaroyi boʻlgan. Qoʻrgʻondagi ikkinchi karvonsaroy hindlarga tegishli boʻlgan. Qoʻrgʻondagi ushbu saroylar Buyuk Ipak yoʻli orqali oʻtadigan ikki tomon karvonlari uchun barpo etilgan. Karmana arkida amir saroyi, qabulxonasi, devoni, oʻzi va yaqin odamlari yashaydigan uylar boʻlgan. 1920-yilda amir Olimxonning yengilishi va Buxoro inqilobi yuz berishi natijasida Karmana bekligi tugatiladi. Shahar sovetlar qoʻliga oʻtadi. 1956-yilda Karmana arki buzib tashlanib, tuprogʻidan Toshkent—Buxoro yoʻli va Q.Qarshiyev koʻchasi uchun foydalanilgan[2]. Arkning oʻrni tekislanib, 30 dan ortiq xonadonga imorat solishi uchun taqsimlab berilgan.

Manbalar

tahrir
  1. A.Hotamov, N.Bekniyozov. Karmana qadimiy diyor. Toshkent O'zbekiston 2007 — 13-bet. ISBN 978-9943-01-073-3. 
  2. A.Hotamov, Sh,Halilov. Yillar sadosi. Toshkent Adolat 1995 — 13-bet.