Kavsar Turdiyeva
Kavsar Turdiyeva (1958-yil 6-avgustda tugʻilgan) — oʻzbek bolalar shoirasi[1].
Hayoti
tahrirKavsar Turdiyeva 1958-yil 6-avgustda Toshkent shahrida ziyoli oilada tugʻilgan. 1975-yil Chilonzor tumanidagi 201-maktabni oltin medal bilan tamomlab, ToshDU (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirdi. U keyinchalik Leningrad davlat universitetida oʻqishni davom ettirdi. Soʻng Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi[2].
Faoliyati
tahrirKavsar Turdiyeva dastlab Toshkent pediatriya tibbiyot institutida oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritdi. Kavsar Turdiyeva yoshligidan bolalar adabiyotiga qiziqdi. Ilk sheʼri oʻquvchiligida „Tong yulduzi“ gazetasida chop etildi. Ilk kitobi „Varrak“ nomi bilan 1983-yilda nashr etildi. Shundan soʻng, „Oʻynayapman, oʻylayapman“ (1987), „Qush boʻlib uchgan ona“ (1994), „Raqamlar boʻylab sayohat“ (2002) kitoblari bosmadan chiqdi. Bolalar dramaturgiyasida „Toshkesaklar mamlakatida“ degan sahna asarini yaratdi. Shoiraning „Botu nidosi“ (2004), „Mitti qoʻgʻirchoqboz“ (2007), „Quvnoq alifbo olamiga sayohat“ (2008), „Sogʻinchlar sochilgan bekatda“ (2011), „Dunyoni saqlang bolalar“ (2012) singari koʻplab sheʼriy toʻplamlari bolajonlar qoʻliga yetib bordi. Kavsar Turdiyeva ikki yuzdan oshiq qoʻshiqlar muallifi, tarjimon. U K. Chukovskiy, S. Marshak, L. Barbas, R. Farhodiy asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirgan. 2001-yili adabiy-ijtimoiy faoliyati tufayli „Shuhrat“ medali bilan taqdirlandi. 2009-yili „Eng ulugʻ, eng aziz“ tanlovining adabiyot yoʻnalishi boʻyicha gʻolib boʻldi. 2010-yili „Bolalarning sevimli shoirasi“ nominatsiyasini qoʻlga kiritdi. Bundan tashqari, tibbiyot oliy oʻquv yurtining rus tilida oʻqiydigab talabalari uchun „Oʻzbek tili“ darsligi (2006—2007), rus tili fanidan „30 шагов к русскому языку“ (2010) asari muallifi hisoblanadi[3].
Manbalar
tahrir- ↑ S.Mirvaliyev, R. Shokirova. „Oʻzbek adiblari“. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʻat nashriyoti, 2016-yil.
- ↑ „Turdiyeva Kavsar Sheraliyevna“.
- ↑ „Kavsar Turdiyeva“. Gulxan (2018-yil 8-son).
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |