Yahudiylik
Yahudiylik
mavzusidagi maqolalar
Kategoriya
Yahudiylar · Yahudiylik · Mazhablar
Yahudiy falsafa
Diniy matnlar
Muqaddas shaharlar
Muhim shaxslar
Hayot tarzi
Ravvin
Sinagoga
Yahudiylik va boshqa dinlar
Antisemitizm · Filosemitizm · Yeshiva
Xolokost

Levit (ibr. „Va-yikra“[1]) — yahudiylik dinining muqaddas manbasi sanalgan Tavrotning (Musoning besh kitobi) uchinchi kitobi bo‘lib, 27 bobdan iborat. Levit yahudiylar hayotining diniy va ibodatga bog‘liq jihatlariga bag‘ishlangan bo‘lib, odatda Talmud adabiyotida torat koxanim nomi bilan kelgan. Levitda yahudiylik axloqiy asoslari, diniy ko‘rsatmalar, gunohlarning kafforati, yeyish taʼqiqlangan narsalar, taʼqiqlangan nikohlar, diniy marosimlar, bayramlar va qurbonliklarga oid masalalar yoritilgan. Levitning juda oz qismi qissalardan iborat bo‘lib, qolgani Sinay tog‘ida xudo Muso orqali ruhoniylarga yetkazgan ko‘rsatmalardan iborat[2]. Biroq unda berilgan ko‘rsatmalarning bir qismigina ruhoniylarga taalluqli bo‘lib, qolgan katta qismi esa bevosita Isroil xalqiga tegishli. Ko‘rsatmalarning aksariyati umumiy xarakterga ega bo‘lib, qolgani Isroil xalqining Misrdan chiqqanidan so‘ng cho‘lda darbadar kezish sharoitida yoki Erets-Isroildagi hayot sharoitida amalga oshiriladigan ko‘rsatmalardan iborat.

Levitda Sonlar kitobida berilgan Levitlarga oid qonunlar bayon etilmagan. Levit kitobi Chiqish kitobining davomi sifatida eʼtirof etiladi. Sonlar kitobida skiniya qurish tarixi batafsilbayon etilgan bo‘lsa, Levit kitobida esa ushbu skiniyada bajariladigan marosimlarni ado etish shartlari berilgan. Levit kitobi yahudiylarning qurbonlik qilishlari lozimligi haqidagi qonun bilan boshlanadi (1-5 boblar). Undan so‘ng ruhoniylarga qurbonlik amalini to‘g‘ri bajarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan (6-7 boblar). 8-10 boblar esa Chiqish kitobining bevosita davomi bo‘lib hisoblanadi. 11-17 boblar esa pok va nopok narsalarni (pok va nopok hayvonlar, tananing ritual tozaligi, turar joyni tozalash va hokazo) ajratib olishga oid qonunlarga bag‘ishlangan bo‘lib, undan so‘ng bir qator ko‘rsatmalar berilgan. Ushbu ko‘rsatmalarning maqsadi esa faqat tozalikdan iborat bo‘lmay, balki yahudiylar hayotining muqaddasligi masalasini ham o‘z ichiga oladi (18-20 boblar). 19 bob esa Isroil farzandlarini muqaddaslashtiruvchi axloqiy ko‘rsatmalarga oid maʼlumotlarni jamlagan. 21-22 boblarda koxenlarning muqaddas ekanliklariga oid ko‘rsatmalar bayon etilgan. 23-bobda esa shanba kuni va umumiy miqdori 7 ta bo‘lgan bayramlarning muqaddasligi bayon etilgan. 24 bobda skiniyadagi tartib va kofir kimsani qatl etish haqida bayon etilgan. 25-bob mamlakatning muqaddasligiga bag‘ishlangan bo‘lsa, 26-bob esa Qonunga itoat etuvchi kimsalarni madh etish, unga itoat etmaydigan kimsalarni esa laʼnatlashdan iborat. So‘nggi 27-bob esa „Mana, Xudo Sinay tog‘ida Isroil farzandlari uchun Musoga tushirgan nasihatlar“, degan jumla bilan yakunlangan. Levit kitobida keltirilgan ko‘rsatma va qonunlarning asosiy mohiyati yahudiylarning xudo tomonidan buyurilganidek poklik va muqaddaslikka rioya qilishlariga qaratilgan. Shuning uchun ham koxenlar, Isroil xalqi, Isroil zamini, shanba va bayramlarning muqaddasligiga oid maʼlumotlar Levit kitobida qizil siyoh bilan ajratib yoziladi. Unda Aaron farzandlari, yaʼni ruhoniylarga alohida eʼtibor qaratilgan. Unga ko‘ra koxen qurbonlik qiladi va Isroil bilan uning xudosi o‘rtasida vositachi vazifasini bajaradi[3].

Ruhoniylarning asosiy vazifasi yahudiylarga „muqaddas narsani muqaddas bo‘lmagan narsadan, pok narsani nopok narsadan ajratib olish“ni o‘rgatishdan iborat. Bu yahudiylarning gunoh va nopoklik bilan bulg‘anishlari natijasida ibodatxonalarning harom bo‘lishi hamda xudo o‘z xalqini tashlab ketishining oldini olish uchundir. Umuman olganda, Levit kitobida yahudiylar uchun nafaqat amallarga oid axloqiy meʼyorlar, balki yaqin kishisini sevish, qalbda hasad saqlamaslik kabi ezgu intilishlar ham bayon etilgan. Levit kitobining o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, unda odob-axloq va ibodat meʼyorlari bir-biridan ajratib ko‘rsatilmagan, ular o‘rtasida chegara mavjud emas. Tadqiqotchi Yu. Velxauzenning fikriga ko‘ra, Levit kitobi nisbatan kechroq, yaʼni Ikkinchi ibodatxona davrining dastlabki bosqichida vujudga kelgan. Levit kitobining yahudiylik uchun muhim manba ekanligi unda ushbu dinda mavjud 613 buyruqdan 247 tasi jam bo‘lganligi bilan izohlanadi. Shuningdek, Levit kitobiga bag‘ishlab ko‘plab talmudlar yozilgan. Levit kitobi maktablarda darslik sifatida o‘tilgan birinchi Bibliya kitobi hisoblanadi[4].

Manbalar

tahrir
  1. Berlin & Brettler 2014, s. 193.
  2. „The Third Book of Moses, Called Leviticus“. The Bible: Authorized King James Version. Oxford Biblical Studies Online, Oxford University Press. Qaraldi: 2021-yil 5-sentyabr.
  3. Gorman, pp. 4–5, 14–16
  4. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 272.

Adabiyotlar

tahrir
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.