Sil limfadeniti („limphadenitis tuberculoza“) xirurgik sil bilan ogʻrigan barcha bemorlarning qariyb uchdan bir qismini shikastlantiradi. Bronxial sil (kasallik nafas olish yoʻllari orqali yuqadi), mezenterial sil (kasallik hazm organlari orqali yuqadi) va boʻyin limfa tugunlari sili (koʻpincha kasallik boʻyin limfa tugunlarini, jagʻ osti va oʻmrov usti limfa tugunlarini zararlantiradi) farqlanadi.

Bosqichlari tahrir

Kasallik 4 bosqichdan iborat: 1-bosqich boshlangʻich, infiltrativ; 2-bosqich kazeoz; 3-bosqich abssesslangan; 4-bosqich; oqma yarali (yarali).[1]

Klinik manzarasi tahrir

Tashqi limfa tugunlari silining klinik kechishi oʻziga xos simptomlarning yoʻqligi bilan farqlanadi. Koʻpchilik hollarda bemorlarning umumiy ahvoli qoniqarli darajada boʻladi. Tashqi limfa tugunlati sili diagnostikasida anamnez muhim ahamiyatga ega. Kasallik xronik tarzda kechadi. Bemorning umumiy ahvoli qoniqarli boʻladi. Harorat subfebril boʻladi. Baʼzan limfa tugunlarining bir yoki ikki tomonlama yalligʻlanishi kuzatiladi. Kamdan-kam hollarda jarayon zoʻraygani aniqlanadi, kasallik mavsumiy xarakterga ega: yozda limfa tugunlari kichrayadi, qishda esa kengayadi.[2]

Differensial diagnozi tahrir

Kasallikni aktinomikoz, limfogranulematoz, limfosarkoma va boshqa ayrim qon kasalliklaridan farq qilish lozim.[3]

Davosi tahrir

Konservativ va jarrohlik yoʻli bilan davolash usullaridan foydalaniladi. Konservativ davo boshqa sil kasalliklarini davolash usullariga oʻxshab ketadi. Davolashda gelioterapiyadan, ultrabinafsha va rentgen nurlariga solishdan, geliy-neon lazer terapiyasining kuchsiz dozalaridan foydalaniladi. Antibakterial preparatlar keng qoʻllaniladi. Qon tomirlar, boʻyin asab tolalari ezilgan yoki nafas olish yoʻllaridagi limfa tugunlari kattalashganda limfa tugunlari konglomerati ekstirpatsiyasi amalga oshiriladi. Operatsiyadan oldingi va keyingi davrda maxsus antibakterial preparatlar keng qoʻllaniladi.[3]

Manbalar tahrir

  1. Ubaydullayev. Tashqi limfa tugunlari sili, Toshkent, 2009 — 392 bet. 
  2. Tursunov. Limfa tugunlari sili. Toshkent: Abu Ali ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti, 1999-yil — 270 bet. ISBN 978-5-638-01272-9. 
  3. 3,0 3,1 Oripov. Limfa tugunlari sili, 2, Toshkent: Yangi asr alodi, 2008-yil — 453 bet. ISBN 978-9943-08-238-0.