Louis Guilloux (1899-yil 15-yanvarda tugʻilgan) – fransiyalik yozuvchi, tarjimon va jurnalist boʻlib, oʻzining ishchilar hayotini va siyosiy kurashlarni tasvirlab yozgan romanlari bilan mashhurlikka erishgan. Uning eng mashhur kitobi „Le Sang noir“ boʻlib, u Jean-Paul Sartrening „Nausea“ asarining muqaddimasi sifatida tasvirlangan[1].

Louis Guilloux

Louis Guillouxning portreti
Tavalludi 15-yanvar 1899-yil
Vafoti 14-oktyabr 1980-yil(1980-10-14)
(81 yoshda)

Saint-Brieuc, Bretan
Fransiya
Kasbi yozuvchi, jurnalist, tarjimon
Ijod qilgan tillari fransuz tili, ingliz tili
Fuqaroligi Fransiya bayrogʻi Fransiya
Janr Roman
Imzosi

Hayoti va ijodi

tahrir

Guillouxning otasi etikdoʻz boʻlgan va u ijtimoiy hayotda faol inson boʻlgan. Bu haqida Guilloux oʻzining birinchi kitobi „La Maison du Peuple“da otasi yuz kelgan qiyinchiliklar haqida Quéré obrazi orqali tasvirlab bergan. Bu asarda voqealar Quéréning oʻgʻli tomonidan hikoya qilingan. Hikoyada Quéréning idealikka asoslangan siyosiy faolligi uning kichik biznesiga qanday tahdid solishi va uning chuqur ildiz otgan konservatizmga qarshi kurashishi orqali mijozlarini yoʻqotishi tasvirlangan[2].

Oʻrta maktabda Guilloux, keyinchalik oʻz joniga qasd qilgan anarxist, faylasuf Georges Palante bilan doʻstlashib qolgan. Palantening umidsizligi Guillouxni oʻzining durdona asari boʻlgan 1935-yilda yaratilgan „Le Sang Noir“ asarining azoblangan antiqahramoni hisoblangan Cripure obrazini yaratishga ilhomlantirgan. Cripure nomi „Critique de la raison pure“ soʻzining qisqartma shaklidir. Shuningdek, u oʻzining eski murabbiysini ham oʻz xotira kitobida yodga olgan[3].

Professional yozuvchi va adabiy tarjimon boʻlishidan oldin Guilloux turli sohalarda, jumladan, jurnalistika sohasida ishlagan. U ingliz tilini juda yaxshi bilgan. U 1924-yilda oila qurgan va 1927-yilda „La Maison du Peuple“ asarini nashr ettirgan.

Kitobning muvaffaqiyati Guillouxni tugʻilib oʻsgan joyi Brittanyda boʻlayotgan ijtimoiy vaziyatlarni oʻzida aks ettirgan bir necha romanlar seriyasini yaratishga undagan. Uning „Le Sang Noir“ asari oldingi sotsialistik adabiyotdan uzoqlashishi bilan ajralib turgan, chunki ushbu kitob ekzistensializm va absurdizm bilan bogʻliq boʻlgan elementlarni oʻz ichiga olgan. U Birinchi jahon urushi paytida urushning ayanchli vaziyatida insoniyatga nisbatan cheksiz nafrat hissini tuygan antiqahramon Cripurening oʻz joniga qasd qilish fikrlariga asoslangan. Cripurening qiyofasi bilan qarama-qarshi oʻlaroq, yaxshiroq kelajak uchun intilayotgan ijobiy qahramon sifatida esa Lucien tasvirlangan. Ammo Cripurening pessimistik qarashlari Lucienning idealizmiga qaraganda kuchliroq va jozibaliroq qilib tasvirlangan[4]. Kitob ingliz tiliga „Bitter Victory“ nomi ostida tarjima qilingan.

Uning urush yillarida yozilgan „Le Pain des Rêves“ asari 1942-yilda „Prix du roman populiste“ mukofotiga sazovor boʻlgan. Fransiya ozod qilingandan soʻng, Guilloux Amerika armiyasi uchun tarjimon boʻlib ishlagan. U oʻsha paytdagi Amerika armiyasidagi irqiy tengsizlik va adolatsizlikni oʻrgangan[5]. Guillouxning oʻsha paytdagi tajribalari Elice Kaplan tomonidan 2006-yilda chop etilgan „The Interpreter“ kitobida tasvirlangan[6].

Uning 1949-yilda yaratilgan „Le Jeu de Patience“ romani „Prix Renaudot“ mukofotiga sazovor boʻlgan. Bu kitob uning eng eksperimental hamda kitobxonlarning kuchli diqqat eʼtiborini talab qiladigan murakkab asari sifatida taʼriflangan[7].

Guilloux 1932-yilda „Ghetto Noir“ nomi bilan nashr etilgan qora tanli amerikalik yozuvchi Claude McKay tomonidan yozilgan „Home to Harlem“ romanini oʻz ichiga olgan bir qator kitoblarni tarjima qilgan. U, shuningdek, John Steinbeck, Margaret Kennedy, va Robert Didier, va Hornblowerning baʼzi romanlarini tarjima qilgan. Umrining oxiriga kelib, u adabiy mumtoz asarlarning televizion ssenariylarini ham yaratgan.

Louis Guilloux koʻplab taniqli yozuvchilar bilan doʻst boʻlgan. U faylasuf Jean Grenierni oʻsmirlik yillaridanoq tanigan va Albert Camus bilan ham yaqin doʻst boʻlgan. U André Malraux va Jean Guéhenno bilan ham doʻst boʻlgan. Camus Guillouxning asarlarini yuqori baholagan va hatto uning „Compagnons“ hikoyasini Lev Tolstoyning „Ivan Ilichning oʻlimi“ asari bilan taqqoslagan[2].

Siyosiy harakatlari

tahrir

Guilloux 1927-yilda 15-aprel kuni Yevropa jurnalida chop etilgan intellektual mustaqillik va fikr erkinligining cheklanishi toʻgʻrisidagi qonunga qarshi arizani imzolagan.

 
Louis Guillouxning qabri

U 1935-yilda fashizmga qarshi yozuvchilarning Birinchi Butunjahon Kongressi kotibi boʻlgan. Shundan soʻng esa u fashistlar Germaniyasidan qochganlarga koʻmak bergan va keyinchalik Ispaniya respublikachilariga yordam bergan Red Aid International tashkilotining rahbari boʻlgan.

Ilya Ehrenbourg bilan suhbatdan soʻng, André Gide uni 1936-yilda SSSRga boʻlgan mashhur sayohatida u bilan birga borishni taklif qilgan. Ushbu sayohatda Eugène Dabit ham ishtirok etgan. Biroq u sovet tuzumini maʼqullashdan bosh tortgan.

Ikkinchi jahon urushidan keyin u bir nechta Maisons de la Culture provinsiyalari tashkil etilishiga yordam bergan. 1953-yilda u Éditions Rencontre uchun „Great Novels“ seriyalari ustida ishlagan va klassik romanlarning qayta nashrlarini taklif qilgan[8].

Louis Guilloux 1980-yil 14-oktyabrda Saint-Brieucda vafot etgan va Cimetière Saint-Michel qabristoniga dafn qilingan.

Prix Louis Guilloux

tahrir

1983-yilda „Conseil général des Côtes-d’Armor“ tashkilotining umumiy kengashi yozuvchining adabiy gʻoyalari va qadriyatlarini abadiylashtirish maqsadida „Prix Louis Guilloux“ mukofotini tashkil etgan. Ushbu mukofot har yili dualizm va individuallikning barcha qurbonlarini mafkuraviy mavhumliklardan ozod etuvchi fikrlarga asoslangan hamda insoniy fazilatlar haqidagi gʻoyalari bilan ajralib turadigan fransuz tilidagi asarlarga beriladi.

Asarlari

tahrir
  • La Maison du Peuple (1927)
  • Lettres de Proudhon (1929)
  • Dossier confidentiel (1930)
  • Compagnons (1931)
  • Souvenirs sur Georges Palante (1931)
  • Hyménée (1932)
  • Le Lecteur écrit (1933)
  • Angélina (1934)
  • Le Sang Noir (1935)
  • Histoire de brigands (1936)
  • Le Pain des Rêves (1942)
  • Le Jeu de Patience (1949)
  • Absent de Paris (1952)
  • Parpagnacco ou la Conjuration (1954)
  • Les Batailles Perdues (1960)
  • Cripure (1961)
  • La Confrontation (1968)
  • La Bretagne que j’aime (Ma Bretagne) (1973)
  • Salido (1976)
  • Coco Perdu (1978)
  • Carnets 1921-1944 (1978)

Vafotidan keyin chop etilgan asarlari

tahrir
  • Grand Bêta (1981)
  • Carnets 1944–1974 (1982)
  • L’Herbe d’oubli (1984)
  • Labyrinthe (1999)
  • Vingt ans ma belle âge (1999)

Manbalar

tahrir
  1. Greene, Francis J. – Louis Guilloux’s „Le Sang noir“ : A Prefiguration of Sartreʼs „La Nausée“ , French Review : Journal of the American Association of Teachers of French (Chapel Hill, USA ; ISSN 0016-111X), 1969, 43, p. 205.
  2. 2,0 2,1 Walter D. Redfern, „Political Novel and Art of Simplicity: Louis Guilloux“, Journal of European Studies, 1971; 1; 115.
  3. Louis Guilloux, Souvenirs sur G. Palante. Paris, Calligrammes, 1980
  4. JH King, „Louis Guilloux’s Ambiguous Epic Le Sang Noir“, Forum for Modern Language Studies, Jan 1972, vol vii, no.1.
  5. Kaplan, Alice, On Violent Judgment : Louis Guilloux’s Novel about Race, Justice, and the Segregated Army that Liberated France , French Literature Series, Vol. 35, No. 1. (1 October 2008), pp. 105-122.
  6. Alice Kaplan, The Interpreter. (New York and London: Free Press, 2005). 256 pp. $25.00 US (hbk). (Wayback Machine saytida 2011-09-28 sanasida arxivlangan) ISBN 0-7432-5424-4
  7. Walter Redfern, „Louis Guilloux“, French Literature Companion.
  8. Vallotton, François. Les Editions Rencontre: 1950-1971 (fr). Lausanne: Editions d'en bas, 2004. ISBN 978-2-8290-0312-7.