Majburiy ijro byurosi
Tashkil etilgan sana 29-may 2017

-yil

Faoliyat turi Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish
Shtat birligi 3 542 ta
Direktor Muzaffar Eminovich Egamberdiyev
Manzili Toshkent shahar, Xalqobod 3-tor koʻchasi 2A-uy
Rasmiy sayti mib.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-mayda qabul qilingan „Elektr energiyasi va tabiiy gaz etkazib berish hamda isteʼmol qilish sohasida toʻlov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PF-5059 sonli Farmoniga asosan tashkil etilgan.

Quyidagilar Byuroning asosiy vazifalari etib belgilangan:

1) sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining soʻzsiz ijrosini ta’minlash, ijro hujjatlari hamda undirilgan mablagʻlarning haqqoniy hisobini yuritish, ijro ishi yuritishda sansalorlik va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish;

2) elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-toroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;

3) energiya resurslari uchun toʻlovlarning oʻz vaqtida va toʻliq undirilishini, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta’minlash;

4) energiya resurslari iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari, shuningdek, muqobil energiya manbalarining joriy etilishi ustidan monitoring oʻtkazish;

5) energiya resurslarini sotish va iste’moli hisobini yuritishda ishtirok etish;

6) energiya resurslari iste’molchilarining mas’uliyati va huquqiy madaniyatini oshirish choralarini koʻrish;

7) kompleks tahlil oʻtkazish, tizimli muammolarni aniqlash, energiya resurslari uchun hisob-kitob qilinishini ta’minlash va majburiy ijro tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

8) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish, surishtiruv va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 noyabr kungi „Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PF-6118 sonli Farmoniga asosan Byuroning energiya resurslari va qattiq maishiy chiqindilar uchun qarzdorlik undirish bo'yicha vazifa va vakolatlari tegishli kommunal idoralar zimmasiga yuklatilishi munosabati bilan bugungi kunda Byuroning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:

1) sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining soʻzsiz ijrosini ta’minlash;

2) ijro ishi yuritish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishdan boʻyin tovlash yoki ijro etilishiga toʻsqinlik qilish, ijro ishi yuritish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari boshqa tarzda buzilganligiga doir huquqbuzarliklarga qarshi kurashish;

3) zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda majburiy ijro tizimi tezkorligi va samaradorligini ta’minlash;

4) sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;

5) sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish, davlat ijrochilari faoliyatining samaradorligini oshirish.

Undirilgan jarima va mablagʻlar: Majburiy ijro byurosi tomonidan undirilgan mablagʻlar elektr va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlarini ishga tushirish, aholining turmush darajasi va farovonligini oshirish kabi maqsadlarga yoʻnaltirilishi nazarda tutilgan.

  • Majburiy ijro byurosi (MIB) amaldagi direktori Muzaffar Egamberdiyev.[1][2]


Manbalar tahrir

  1. „Majburiy ijro byurosi amaldagi direktori“. https://kun.uz.
  2. „Majburiy ijro byurosi amaldagi direktori o`zgardi“. https://t.me/uzbprokuratura.