Mardikor (forschada (مردکار) “mard”- “erkak” , “kor”-ish o’zbek tilida «erkak ishchi» degan ma'noni beradi) — har qanday ishga oz pul evaziga yollanadigan kunlik ishchi. Bu atama tojik va o’zbek tilida qo’llaniladi. O’zbekiston va Tojikistonda jismoniy mehnat bilan shug’ullanuvchi, kundalik ishlarga yollanadigan kishilarni “mardikor” deb atashadi. Ular to’planadigan joylarni “mardikor bozor” deb atashadi.

Tarixi tahrir

Qadimdan Farg’ona vodiysidagi vaqtinchalik ish bilan shug’ullanuvchilarni “mardikorlar” deb atashgan. O’zbekiston tarixida mardikorlik haqida ma'lumotlar Rossiya imperiyasini Turkiston o’lkasini mustamlaka qilgan davrlariga oid tarixiy sahifalarda qayd etilgan. Jumladan, Samarqand shahridagi davlat muzey-qo’riqxonasi ilmiy arxivida 1916 yildagi mardikorlikka olishga qarshi g’alayonlar guvohlari, Rossiyaning sovuq o’lkalariga mardikorlikka olib ketilgan o’zbekistonliklar haqida, bevosita ushbu voqealar ishtirokchilarining 1916-1917 yildagi Turkiston va Rossiya imperiyasidagi voqea va hodisalar, Peterburgdagi 1917 yilgi fevral inqilobi, oktyabr to’ntarishlari haqidagi xotiralari saqlanadi. Ushbu yodnomalar 1959 yilda O’zbekiston fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya institutining katta ilmiy xodimi professor X.Tursunov tomonidan o’sha vaqtda hayot bo’lgan qo’zg’olon qatnashchilarining xotiralariga tayanib yozib olingan.

“Sarmoya o’sulig’a qurilg’an Rusiya hokimiyati mardikor, olishda ham «tenglik» degan narsani bilgusi kelmadi. Mardikdr olish qonuni bo’yincha har bir o’zig’a qudratli kishi (boy, savdogarlar) boshqalarni yollashqa haqli edi. Ishning og’iri, «vatanga xizmatning» zo’ri yana kambag’allar ustiga tushdi. Boylar va boy bolalari «vatan xizmatidan» ozod qilindilar.

Mamlakat kattalari o’z maslahatlarida (bu Toshkent o’lchovida. Boshqa joyda ham shu yo’l bilan mardikor oling’an edi) bir oilada uch erkak kishi bo’ladirg’an bo’lsa, shulardan biri birinchi navbatda borsin va bormaydirg’on bo’lsa, o’rnig’a ikkinchi kishini yollab yuborsin, degan qarorg’a keladilar, boylar va ularning dumlari, ulamolarning bu yo’lda qilg’an qarorlarts qog’ozdagina qoladi.

Odam yollab yuborilmaydirg’on kambag’al oilalar,, boylarg’a yollanib ularning bolalari o’rnig’a mardikorchilikka borishg’a majbur bo’ladirlar. Mahallama-mahalla odam yollash, nega sen bormaysen-u, men boramen, degan janjallar, odam sotib olish bahosi ko’tarila boshlaydi. Hatto odam yollash ishida foyda qilg’an, yaxshilab pul ishlab olg’anlar ham bo’ldi.” (“Mardiokоr)

Sovet davrida amalda “mardikor” so’zi keng qo’llanilmagan bo’lsada, lekin O’zbekistonning poytaxti Toshkent shahrida, masalan, Chorsu bozori yonida “mardikor” bozor norasmiy ravishda faoliyat ko’rsatib kelgan. O’zbekistonning boshqa hududlaridan Toshkent shahriga tahsil olish uchun kelgan ayrim talabalar ham qo’shimcha daromad olish maqsadida mardikor bozoriga chiqishganligini xotiralaydilar.

Sovetlar paytida deyarli amalda uncha ko’p qo’llanilmagan “mardikor” atamasidan bugungi Tojikiston va O’zbekiston hududlarida keng foydalanilmoqda. Sovet Ittifoqi parchalanib ketgach, ilgari davlatga qarashli bo’lgan yirik korxona va tashkilotlar, kolxoz va sovxozlar tugatilib ketgach, juda ham ulkan ishsizlar armiyasi yuzaga keldi. Oqibatda aholi zich joylashgan hududlarda, ko’proq shahar va tuman markazlarida norasmiy “mardkiorlar bozori” shakllanib qoldi.

Zamonaviy mardikorlar tahrir

Keyinchalik, O’zbekistonda mardikorlar faoliyatini xuquqiy jihatdan tartibga solish maqsadida, “Vaqtinchalik ish bilan ta'minlash markazi” sifatida mardikorlar to’planadigan bozorlar negizida tashkil etila boshlandi. Bu markazlar faoliyatini tashkil etish mahalliy hokimiyat idorlari tomonidan amalga oshirilgan bo’lsada, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga nazorat qilib borildi. Markazning faoliyati naqadar samarali ekanligini keyinchalik mardikorlarning u yerga o’z istak-hoxishlari bilan qanchalik ko’p murojaat qilganligi orqali baholash mumkin bo’ldi. Masalan, Toshkent shahridagi bunday markazlar faoliyati mardkiorlarni vaqtinchalik ro’yxatga olish uchun foydasi bo’lgani uchun ro’yxatga olishda qo’l keldi. Chunki, Toshkent shahrida “propiska”siz yurish ma'muriy javobgarlikni keltirib chiqarishi va buning uchun ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan istalgan payti mardikorning pasporti tekshirilib, propiskasi bo’lmasa jarimaga tortilishi, hatto 15 sutkalik qamoqqa olish chorasi ham qo’llanib kelinadi.

Mardikor ayollar tahrir

Garchi “mardikor” so’zi erkak ishchilarga nisbatan qo’llaniladigan atama bo’lsada, ohirgi yillarda O’zbekiston va Tojikistonda ayollar orasida ham ishsizlik ko’rsatkichlarining ortib borishi natijasida “ayollar mardikor bozori” shakllanib qoldi. Keyinchalik “mardikor ayol” degan atama ham ommalashib ketdi.

Mardikor ayollar ko’pincha aholi tomonidan yoki xususiy korxonalar tomonidan, asosan bino va inshaotlarni tozalash, mahsulotlarni qadoqlash, saralash, qishloq xo’jaligi ishlarida hosilni yig’ib-terib olish kabi jismoniy kuch talab etadigan ishlarga yollanib kelinadi. Ayollar huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar tomonidan tayyorlangan hisobotlarda mardikor ayollar orasida turli jismoniy zo’ravonlik va ruhiy bosimlarga, kamsitilishlarga duch kelganlar tez-tez uchrab turishi qayd etib kelinadi. Ayrimlari jinsiy eksplutatsiya va odam savdosi qurbonlariga aylanib qolish xolatlari ham kuzatilib turadi. Mardikor ayollar orasida yoshi jihatida keksa bo’lmagan, erkaklarda jinsiy mayillikni uyg’otadigan darajadagi xotin-qizlarni yollovchilar tomonidan fohishalik xizmatini ko’rsatish bo’yicha takliflar bildirgani haqida mardikor ayollar hikoyalari mavjud. Gohida fohishalikka rozi bo’lmagan, ko’rinishadan chiroyliroq bo’lgan xotin-qizlarga nisbatan nomusiga tegajonlik qilish va tajovuz qilish xolatlari ham qayd etib turiladi.

Mardikorlar migratsiyasi tahrir

So’nggi yillarda O’zbekiston va Tojikistondagi erkak va ayol mardikorlar orasida mehnat migratsiyasi ko’p kuzatib kelinmoqda. Viza tartiblari o’rnatilmagan, yashash sharoiti mardikorlar yashayotgan mamlakatga nisbatan yaxshiroq bo’lgan va mehnati uchun oladigan ish haqi nisbatan kattaroq bo’lgan chet mamlakatlarga mardkiorlar migratsiyasi rasmiy va norasmiy ravishda amalga oshirilishi ko’p kuzatilmoqda. O’zbekiston va Tojikiston mardikorlari migratsiyasi ko’proq viza tartib o’rnatilmagan Rossiya, Qozog’iston, Turkiya kabi mamlakatlarga ko’pincha norasmiy yo’llar orqali kuzatilsa, viza tartibi o’rnatilgan Janubiy Koreya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga rasmiy yo’llar bilan ishga yollanishi kuzatilmoqda. Erkak mardikor migrantlar turli ko’rinishdagi og’ir qo’l mehnati talab etadigan- qurilish, yuk tashish, qishloq xo’jaligi kabi ishlarga yollanishsa, xorijda mardikor ayol migrantlar asosan enagalik, farroshlik kabi ishlarga yollanib kelishadi. Shuningdek, ayollar orasida fohishalikka yollangan xolatlar tez-tez uchrab turibdi. Gohida ular orasida odam savdosi qurbonlari borligi ko’p kuzatilgan.

Mardikorlar ekspluatatsiyasi tahrir

Mardikorlarni ishga yollash eng oddiy va sodda og’zaki kelishuv yo’li bilan amalga oshiriladi. Mardikorlar bilan rasmiy mehnat shartnomalari tuzilmaganligi bois, ko’pincha yollangan taraf bilan ziddiyatlar yuzaga kelib turadi. Oqibatda mardikorlikka yollanganlarni xaq-huquqlarini himoya qilish uchun asoslar yetarli bo’lmagani uchun, huquq himoyachilari uchun ularni ishini olib borish murakkabliklarni keltirib chiqaradi. Bu esa keyinchalik jamiyatda ularga nisbatan adolatsizlik qilinadi degan tushunchalar paydo bo’lishiga olib keladi. O’z navbatida, o’rtada turib mardikorlarni ish beruvchilarga sotib yuborish xolatlari ham sodir etilganligi bois, natijada mardikorlar zamonaviy qul sifatida odam savdosi qurboniga aylanib qolishadi.

Xavfsiz migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashuvchi turli tashkilotlar bugungi kunda faoliyat olib borayotgan bo’lsada, mardikorlikka yollanayotganlar orasida o’z xaq-huquqini bilmaydigan, past darajadagi bilimga ega, gohida savodsiz insonlar ko’pchilikni tashkil etadi. Mutasaddi tashkilotlar bugun manashu muammoni yechimi yuzasidan turli ijtimoiy ahamiyatdagi loyihalarni amalga oshirib kelishadi.