Margaret Pyke
Margaret Amy Pyke (yoki Chubb; 1893–1966) Britaniyalik kashshof, oilani rejalashtirish loyihasi faoli. Keyinchalik Family Planning asssociation (FPA) nomi bilan tanilgan British National Birth Control Committee (NBCC) qo'mitasining asoschisi bo'lib, 1954-yilda Lady Gertrude Denmanning o'rniga ushbu tashkilotning raisi etib tayinlandi.
Pyke, shuningdek, International Planned Parenthood Federation (Ota-onalikni rejalashtirish xalqaro federatsiyasi) ni tashkil etish jarayonida ham ishtirok etgan. U 1963-yilda Order of the British Empire ordeniga nomzod etib tayinlangan[1]. 1969-yilda uning xotirasiga bag'ishlab, Margaret Pyke Trust jamg'armasi tashkil etilgan.
Yoshlik davri
tahrirMargaret Amy Chubb 1893-yil 8-yanvarda Kentning Sandgate shahri, Darenth House ko'chasida shifokor William Lindsay Chubb (1856–1937) va uning rafiqasi Isabel Margaret Pringle oilasida tug‘ilgan va o‘zining yigirma yillik hayotini shu yerda o‘tkazgan. U 1911-yilgacha Sandgatedagi Conamur School maktabida o'qigan va bundan doim mamnun bo'lgan. 1912-yilda Margaret Chubb Somerville College da zamonaviy tarix bo'yicha tahsil olish uchun Oksfordga borgan, bu yerdagi davr ham unga juda yoqqan. U Oksfordda ko'plab do'stlar orttirdi, ulardan ba'zilari umrining oxirigacha u bilan yaqin aloqada bo'lishdi. U 1915-yilda ikkinchi darajali imtiyozli diplom bilan qaytib, Queen Mary's Army Auxilary Corps (QMAAC) korpusiga harbiy xizmat uchun qo'shildi. 1916-yildan 1917-yilgacha u harbiy idoraning chaqiruv bo'limida yuqori darajadagi kotiblik ishlarini olib bordi. 1917-yildan 1919-yilgacha u QMAAC bosh nazoratchisi yordamchisining o'rinbosari va 1919-yildan 1920-yilgacha London Society for Women's Service bandlik bo'limining boshlig'i bo'lib ishlagan.
Oilaviy hayot
tahrir1918-yilda Chubb Lionel Pyke QC ning katta o'g'li Geoffrey Nathaniel Pyke (1893-1948) ga turmushga chiqdi. Ularning yagona farzandi David (1926-yilda tug'ilgan) shifokor kasbini tanlab, 27 yil davomida Londondagi King's College Hospital kasalxonasida maslahatchi shifokor va The Royal College of Physicians kollejida registrator bo'lib ishladi. Geoffrey Pyke 1915-yilda Germaniyadan qochib kelganligi sababli shuhrat qozongan edi. U Germaniyaga Daily Chronicle muxbiri sifatida yuborilgan, ammo ko'p o'tmay hibsga olingan va Berlin tashqarisidagi Ruhleben lageriga. ishlash uchun yuborilgan edi. Bir necha oy o'tgach, u lagerdan qochib, Gollandiya chegarasigacha piyoda kelgan. Shundan so'ng u vaqtini o'z tajribasi haqida ma'ruza o'qish va Cambridge Magazine jurnalida tanqidiy maqolalar yozish bilan o'tkazdi.
1923-yilda Pykelar Malting House boshlang'ich maktabini ochish uchun Kembrijga ko'chib o'tdi. Geoffrey Pyke kichik yoshli bolalarni o'qitish borasida o'ziga xos g'oyalarga ega edi. U bolalar imkon qadar kattalarning yordami va ko'rsatmalarisiz mustaqil o'rganishlari, kattalar esa, ularning savollariga o'rinli javob berish bilan cheklanishlari kerak, deb hisoblagan. Bu g'oyalar unda maktabining kadrlar bo'limi boshlig'i Susan Sutherland Isaacs yozgan ilmiy maqolalar sababli paydo bo'lgan. Margaret Pyke maktabni va erining g'oyalarini kuchli qo'llab-quvvatlagan.
1927-yilga kelib, Geoffrey Pyke o'zining katta umidlariga erishish niyatida maktabning kundalik faoliyatiga aralashaverganligi sababli, Susan Issacs o'z lavozimidan voz kechdi. Pykening muqarrar bankrotligi The Malting House maktabining yopilishiga olib keldi va Margaret maktabga direktorning kotibi sifatida ishga kirishga majbur bo'ldi. Ular alohida yashay boshlashdi, lekin hech qachon ajrashishmadi[2].
Professional hayot
tahrirMargaret Pyke oilani rejalashtirish bo'yicha kashshof bo'lib, 1966-yilda vafotigacha 36 yil davomida oilani rejalashtirish ijtimoiy harakatida faol bo'lgan. 1930-yilda tug'ilishni nazorat qilish bo'yicha besh jamiyat National Birth Control Council (NBCC) kengashini tashkil qilish uchun birlashganda, Margaret Pyke uning birinchi ma'muri etib tayinlangan edi. NBCC o'z nomini 1931-yilda National Birth Control Association (Tug'ilishni nazorat qilish milliy assotsiatsiyasi) ga, keyin esa 1939-yilda Family Planning Association (Oilani rejalashtirish assotsiatsiyasi) ga o'zgartirdi. 1998-yildan beri kengash ko'pchilikka FPA qisqartmasi bilan ma'lum. 1930-yilda NBCC "Oilali insonlar qashshoqlik va kasalliklarni yengillashtirishni ko'zlagan holda oila qurishlari yoki oila qurishdan cheklanishlari mumkin" degan g'oyani olg'a surgan[3].
Margaret Pyke Buyuk Britaniya bo'ylab tashkil etilgan kontratseptsiya, nikoh va jinsiy aloqaning barcha jihatlari bo'yicha maslahatlar beruvchi yangi NBCC klinikalarini yaratish va qo'llab-quvvatlashda uzluksiz harakat qilgan. Filiallarga to'laqonli ko'ngillilar ishga olingan (shifokorlar bundan mustasno) va ular qarzga olingan binolarda ishlagan. 1954-yilda Margaret Pyke Oilani rejalashtirish assotsiatsiyasining raisi bo'ldi va 1955-yilda sog'liqni saqlash vaziri Iain Macleodning Oilani rejalashtirish uyushmasi idoralari va uning klinikalaridan biriga tashrifini muvofiqlashtirdi. Bu voqea kontrasepsiyaga nisbatan jamoatchilik fikrini o'zgartirib, uni "o'rinli vosita" sifatida qabul qilishlariga yordam berganligi alohida e'tirof etiladi.
Margaret Pyke, shuningdek, International Planned Prenthood Federation (Ota-onalikni rejalashtirish xalqaro federatsiyasi) ni tashkil etishda ishtirok etgan, 1963-yilda oilani rejalashtirish sektoridagi ishi uchun Order of the British Empire ordeni bilan taqdirlangan. 1966-yil vafot etganidan keyin uning xotirasiga bag'ishlab Margaret Pyke Trust jamg'armasiga asos solingan[4].
O'lim
tahrirMargaret Pyke 1966-yil 19-iyunda Shotlandiyada do'stlari bilan birga Argyllda, Ardchattan Priory bog'larida to'satdan miyadan qon ketishi oqibatida vafot etdi. Uning jasadi Glazgoda krematsiya qilingan.
Havolalar
tahrir- ↑ „Our history – The Margaret Pyke Trust“ (en-GB). 2021-yil 19-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 13-oktyabr.
- ↑ Pyke, the Unknown Genius, David Lampe, Evans Brothers, 1959, pp. 35-36, 51-53
- ↑ Aaronovitch, David. „David Aaronovitch: Sexual healing“ (en-GB). The Guardian (2005-yil 20-mart). Qaraldi: 2019-yil 24-may.
- ↑ „Our history – The Margaret Pyke Trust“ (en-GB). 2021-yil 19-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 13-oktyabr.