Matbuoti, radio va televideniyesi
Andijon viloyatida 2 viloyat gazeta („Andijonnoma“, „.Andijanskaya pravda“), 14 tuman gazeta, 3 shahar gazeta („Asaka oqshomi“, 1995; „Xonobod ovozi“, 1992; „Qorasuv tonga“, 1992) chiqadi. Viloyatda, shuningdek 14 tarmoq gazeta, 2 jurnal („Limfa“ ilmiy ishlab chiqarish majmuasining „Limfalogaya“ jurnal, 1991-yildan 3 oyda bir marta rus tilida chiqadi; Andijon viloyati xalq taʼlimi boshqarmasining „Taʼlim ravnaqi“ oylik jurnal, 1999) nashr etiladi. Andijon viloyatida dastlabki radio eshittirishlari 1927-yildan boshlangan. Shundan buyon viloyat radiosi oʻzining mazmunli eshittirishlari bilan viloyat ijtimoiy-siyosiy hayotida oʻz oʻrni va ovoziga ega boʻlib kelmoqda. 1963-yilda Andijon viloyatlararo telestudiya tashkil etilib telekoʻrsatuvlar bera boshladi (mazkur studiya bir yilcha faoliyat koʻrsatib keyinroq texnik imkoniyatlar boʻlmaganligi tufayli oʻz faoliyatini toʻxtatgan). Respublikamiz mustaqillikka erishgach, Andijonda 1991-yil 25-oktabrda viloyat televideniyesi tashkil etilib, uning birinchi koʻrsatuvlari efirga uzatildi. Bir oylik koʻrsatuvlar vaqti 45 soatdan ortadi. Andijon viloyati radiosi oyiga 36 soatlik hajmda eshittirishlar beradi (2000). Bundan tashqari Andijon viloyatida 1997-yil 23-iyundan „Andijon“ yoshlar teleradiokompaniyasi yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati vodiy aholisiga telekoʻrsatuvlar, radioeshittirishlar olib boradi. Teleradiokompaniya „Tasvir“ nomi bilan gazeta nashr etadi; 1998-yilning oktabrdan uning „Vodiy sadosi“ radiosi faoliyat koʻrsatadi. Viloyatda, shuningdek „Taraqqiyot“ (1995-yildan) nodavlat telekanal i koʻrsatuvlar olib boradi.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |