Abu Muhammad Hasan al-Matroniy (X asr) – somoniylar davrida Shoshda ijod qilgan shoir[1]. Uning butun adabiy merosidan faqat 112 baytdan iborat turli sheʼriy parchalar saqlanib qolgan.

Abu Muhammad Hasan al-Matroniy
Tavalludi X asr
Shosh
Vafoti taxminan 970—980-yillar
Shosh
Ijod qilgan tillari arab
Fuqaroligi Somoniylar davlati
Yoʻnalish she’riyat
Janr qasida, hajv, vasfiy va ishqiy she’rlar

Tarjimayi holi

tahrir

Al-Matroniy X asrda Shosh (Toshkent) shahrida yashagan va u haqda bizgacha ayrim ma’lumotlar saqlanib qolgan yagona shoshlik shoirdir. Abu Mansur as-Saolibiy o‘zining „Yatimat ad-dahr“ tazkirasida ma’lumot berishicha, Shoshdan Buxoroga ko‘p kelib turgan va aloqa xodimi sifatida faoliyat yuritib, hayot kechirishi shu kasb orqali bo‘lgan. Uning she’rlari devonga to‘plangan. Bundan tashqari, u nasriy asarlar ham yozgan. As-Saolibiyning so‘zlariga ko‘ra shoir al-Lahhom o‘zining bir qancha satiralarida al-Matroniyni hajv qilgan. Bu ikki shoir o‘rtasida she’riy tortishuv to‘xtovsiz davom etgan. As-Saolibiy keltirgan bu ma’lumotlardan tashqari shoir haqida hech qanday biografik material mavjud emas. Shoirning tug‘ilgan va vafot etgan yillari ham ma’lum emas. Uning ba’zi bir she’rlariga asoslanib, qo‘shimcha ma’lumotlar olish mumkin.

Al-Matroniyning Buxoroda bo‘lib o‘tgan bir qahatchilik davrida yozilgan she’ri mavjud. Qahatchilik va ocharchilik Ibn al-Asrning „Komil fi-t-tarix“ kitobida yozilishicha, 945—946 va 959—960-yillarda bo‘lgan. Demak, al-Matroniy o‘z she’rini 945 yoki 960-yillarda yozgan va shu yillari Buxoroda bo‘lgan. Uning vazir Abu Ali al-Bal’amiyga bag‘ishlab yozgan qasidasi esa shoirning 960—974-yillarda Buxoroga kelib-ketib turganini ko‘rsatadi. Shunday qilib, al-Matroniy X asr o‘rtalarida yashab ijod etgan va taxminan 970—980-yillar atrofida vafot etgan[2].

As-Saolibiy shoir she’rlarining devonga to‘plangani va hatto, Buxorodan tashqarida ham mashhur bo‘lganini aytadi, lekin al-Matroniyning devoni va birorta she’ri to‘liq holda bizgacha yetib kelmagan. Uning faqat 112 baytdan iborat turli she’riy parchalarigina saqlanib qolgan. Bular qasida, hajv va turli mavzulardagi vasfiy hamda ishqiy she’rlardan olingan parchalardir.

O‘sha davr shoirlari uchun qarilik eng og‘ir musibat hisoblangan. Shuning uchun qarilikdan shikoyat Sharq she’riyatida eng ko‘p tarqalgan mavzulardan biri hisoblanadi. Al-Matroniy vazir al-Bal’amiyga bag‘ishlagan qasidasida yoshligining o‘tib ketgani va qariligidan shikoyat qilgan.

Somoniylar davrida Buxoroda arab tilida yozilgan she’rlar ichida muhabbat mavzusida yozilganlari kam uchraydi. Al-Matroniy esa muhabbat haqida yozgan asarlari bilan o‘z zamondoshlaridan ajralib turadi. X asrda g‘azal hali mustaqil janr sifatida shakllanmagan edi. Ishqiy she’rlar faqat qasidalarning kirish qismigagina kiritilar edi. Al-Matroniydan saqlanib qolgan ishqiy she’rlar ham qasidalardan parchalardir. Shoir ishqiy she’rlarida juda chiroyli so‘z o‘yinlarini ishlatadi, o‘rinli o‘xshatishlar qo‘llaydi.

Al-Matroniy hajviya janrida ham ijod qilgan. Uning hajviy she’rlari eng avval o‘z zamondoshlari — qalamkashlarga qarshi qaratilgan. Uning o‘z zamondoshlari kabi amir va vazirlarga qarshi hajviya yozgani ma’lum emas. Ammo Abu Hotim Muhammad at-Tusiy ismli bir amaldorga qarshi qaratilgan hajviy she’ridan parcha saqlanib qolgan.

Manbalar

tahrir
  1. Абу Мансур ас-Саолибий. Китоб латоиф ал-маориф (Ажойиб маълумотлар ҳақида китоб). Тошкент: Фан, 1987 — 106-bet. 
  2. Абдуллаев И. Бухоронинг арабийнавис шоирлари. Тошкент: Фан, 1965 — 42-bet.