Maxsuma Inogʻomovna Toʻlaganova — oʻzbek ayollari orasida birinchi va yagona fizika-matematika fanlari doktori(1986).[1]

Maxsuma Inogʻomovna Toʻlaganova
Tavalludi 1934-yil 20-oktabr
Toshkent shahri, Oq Uy dahasi
Vafoti 2012-yil 21-iyul
Sohasi Matematika(sonlar nazariyasi)
Taʼlimi Oʻrta Osiyo Davlat Universiteti (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti)
Akademik rahbarlari Saʼdi Sirojiddinov, Nikolay Romanov, Boris Levin
Mashhur ishlari Tub vektorlarning butun sonli reshyotkalardagi taqsimoti va Xua Lo-Gen muammosining koʻp oʻlchovli analoglari

Hayoti

tahrir

Maxsuma Inogʻomovna Toʻlaganova 1934 — yil 20 — oktabrda Toshkent shahrining Oq uy dahasida ziyoli oilasida tavallud topgan. Otasi Inʼomjon Yunusov(1914 — 1978) — agronom, onasi Sapuraxon Yunusova(1914 — 2006) — uy bekasi. Maxsuma Toʻlaganova shu oiladagi 7 farzand(3 oʻgʻil, 4 qiz)ning toʻngʻich farzandi boʻlgan. Ota-onasi maʼnaviy boylikni moddiy boylikdan ustun qoʻyib, farzandining maʼnaviy barkamol, ilmli, komil, inson boʻlishligini orzu qilganlar. Ular oʻz ilmiy kashfiyotlari bilan butun dunyoni lol qoldirgan, jahon ilmiy hazinasiga hissa qoʻshgan Ibn Sino, Muhammad Al-Xorazmiy, Beruniy kabi Vatandosh allomalar haqida juda koʻp soʻzlab berganlar.

1943-yili hozirgi Yashnobod tumani 216 — maktabda oʻqishni boshlagan. Oʻrta maktabni 1953 — yili oltin medal bilan tamomlab, Oʻrta Osiyo Davlat Universitetining fizika-matematika fakultetiga kirish imtihonlarisiz qabul qilingan. Talabalik davrida akademiklar -S.Sirojiddinov, T.Sarimsoqov, M.Salohiddinov, professorlar — I.Arjanih, N.Romanov, dotesentlar — F.Hojimullayev, M.Sobirov, M.Sultonova, M.Vohidov, P.Shohaydarova va B.Levin kabi fidoiy ustozlardan taʼlim olgan. Kursdoshlaridan Toʻxtamurod Joʻrayev Oʻzbekiston Fanlari Akademiyasi akademigi va prezidenti (1995— 2000) boʻlgan. 1958 — yili universitetni imtiyozli diplom bilan tamomladi. 1958 — 2003 — yillarda Respublika Fanlar Akadmiyasi matematika institutida faoliyat olib bordi.

Ilmiy faoliyati

tahrir

Maxsuma Toʻlaganova oʻz ilmiy faoliyatini Respublika Fanlar Akadmiyasi matematika institutida ilmiy xodim(1958-1960) lavozimida ishlashni boshladi. Soʻngra, aspirant(1960-1963), kichik ilmiy xodim(1963-1967), katta ilmiy xodim(1967-1986), yetakchi ilmiy xodim(1986-1990), bosh ilmiy xodim(1990-2003) lavozimlarida ishlab sonlar nazariyasining analitik, algebraik, ehtimolli sonlar nazariyasi boʻlimlarida ilmiy tadqiqotlar olib borgan.

1963 — yili Toshkent Davlat Universiteti(OʻzMU) maxsus ilmiy kengashida „Algebraik sonlar maydoni uchun Gol’dbax-Eyler muammosiga doir baʼzibir tadqiqotlar“ mavzusida (ilmiy rahbari — B.V.Levin) nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.

1986- yil 19-fevralda Leningrad Davlat Universitetining maxsus ixtisoslashgan kengashida „Arifmetik funktsiyalar va vektorlar uchun limit teoremalar“ mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasining himoyasi boʻldi. Himoyada ishtirok etgan opponentlar va ixtisoslashgan kengash aʼzolari mazkur ilmiy tadqiqotga bir ovozdan yuqori baho berganlar. Jumladan, tadqiqot ishi ikkita doktorlik dissertatsiyasi qiymatiga ega ekanligi, yaʼni, unda tub vektorlarning butun sonli reshyotkalardagi taqsimoti nazariyasi yaratilganligi va mashhur Xua Lo-Gen muammosining xosmas holida va baʼzibir xos hollarida toʻliq yechimi topilganligi eʼtirof etilgan.

Maxsuma Toʻlaganova oʻz ilmiy tadqiqot natijalari bilan sobiq ittifoq va xalqaro doiradagi ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etgan, jumladan, Litvaning Palanga(1965) va Vilnus(1974), Tojikistonnig Dushanba(1967), Rossiyaning Moskva(1983, 1989) va Vladimir(1969), Gruziyaning Tbilissi(1970, 1985), Belorusiyaning Minsk(1989) kabi shaharlarning ilmiy muassasalarida ilmiy maʼruzalar qildi.

1989 — yil 21 — oktabrdan 8 — noyabrgacha Vengriya fanlar akademiyasi Matematika institutida mashhur matematik G.Xalosning seminarida hamda Vengriya matematiklar kengashida ilmiy maʼruzalar bilan ishtirok etgan.

1997 — yili TACISning „Ayol, fan va demokratiya“ dasturi boʻyicha Britaniyaning Bilston universiteti va kollejida tashkil qilingan konferentsiyada „Ayollar va Oʻzbekistonda matematikaning rivoji“, „Angliyalik Xardi va Littlvudlarning doira usullarining mening ilmiy tadqiqotlarimdagi roli haqida“ mavzularidagi maʼruzalar qatnashchilarda katta qiziqish uygʻotgan.

1969 — yildan boshlab Amerika Matematika jamiyatining matematik referativ jurnali „Mathematical reviews“da — referent.

1986 — yildan boshlab Amerika Matematika jamiyati aʼzosi.

1987 — yildan boshlab „Xalqaro Planetar jamiyat“ aʼzosi.

Ilmiy izlanishlarining davomiyligi

tahrir

1964 — yili Rossiya matematigi A.I.Vinogradov Maxsuma Toʻlaganovaning algebraik sonlar maydoni uchun Golʼdbax-Eyler binar muammosi haqidagi teoremalarini ixtiyoriy sonlar maydoni uchun isbot qildi.

1964-1966 — yillari A.Selʼbergning gʻalvir metodidan foydalanib, Maxsuma Toʻlaganova B.V. Levin bilan birgalikda ixtiyoriy algebraik sonlar maydonining „deyarlik“ tub ideallarining shu maydonning koʻphadlaridagi taqsimoti oʻrganildi. Natijada, yuqoridagi A.I.Vinogradov teoremalarining yangi oson isbotini topdi.

1972 — 1976 — yillarda multiplikativ funktsiyalar yigʻindisining asimptotikasiga doir teoremalarini ehtimolli sonlar nazariyasiga qoʻlladi va „Siyrak“ toʻplamlarda aniqlangan additiv funktsiyalar uchun limit teoremani isbotladi. Bu limit teorema M.Barban(Oʻzbekiston), Xalʼberstam (Angliya), R.B.Ujdavinis (Litva), Indlekofer(Germaniya) kabi matematiklarning shu masalaga doir ilmiy natijalarini umulashtirdi.

Maxsuma Toʻlaganova Litvalik matematik Y.P. Kubilyusning maslahatiga koʻra tub vektorlarning butun sonli hos reshyotkalardagi taqsimoti masalasi ustida ish olib boshlagan. Akademik I.M. Vinogradovning mashhur ternar muammosi haqidagi Golʼdbax-Vinogradov teoremasini umumlashtirdi va yaxshiladi. Natijada, tub vektorlarning butun sonli hos reshyotkalardagi taqsimoti zichligi uchun asimptotik formula isbotlandi va bundan Xua Lo-Gen muammosining baʼzi bir hos hollaridagi yechimini keltirib chiqardi.

1986-1990 — yilda Yaponiyalik matematik Shigeru Kanemitsu, AQSHning Karbondel universiteti professori Don Redmond, Germaniyalik matematik P.Bundshuh kabilar Maxsuma Toʻlaganovaning ilmiy tadqiqotlari bilan izchil shugʻullanish maqsadida qator ilmiy maqolalarni oʻrganganlar.

Ilmiy pedagogik faoliyati

tahrir

1963-1970 — yillarda ToshDUning(OʻzMU) matematika fakultetida oʻrindoshlik asosida oliy va chiziqli algebra, sonlar nazariyasi kabi maxsus kurslarda talabalar bilan mashgʻulot oʻtdi.

1970-1975 — yilarda Toshkent Politexnika institutida talabalarga oliy matematikadan maʼruzalar oʻqidi.

1986-1990 — yillarda Professor N.P. Romanovning sonlar nazariyasi boʻyicha oʻtkaziladigan shahar seminarini qayta tikladi. Unda Toshkent shahridagi sonlar nazariyasi bilan shugʻullanuvchi tadqiqotchilarning ilmiy maqola, maʼruza hamda dissertatsiyalari muhokama qilindi.

2003 — yilga kelib mazkur ilmiy seminar oʻz faoliyatini toʻxtatdi.

Havolalar

tahrir
  • Туляганова М.И. Распределение простых векторов в вырожденных решетках. // Доклады Академии Наук СССР. 1984. Москва — Том 276. № 1 стр.49-51. 1
  • Еремеева А. Э. Проблемы современных исследований в гуманитарных науках // Наука и общество: проблемы современных исследований : Н34 сб. науч. статей : 3 ч. – Омск : Изд-во НОУ ВПО «ОмГА», 2010. – c. 252. - ISBN 978-5-98566-066-1: (Wayback Machine saytida 2016-04-02 sanasida [https://web.archive.org/web/20160402002253/http://academy.omga.su/files/omga_sbornik_2010_part_3.doc arxivlangan) 2]

Manbalar

tahrir
  1. Toʻlaganova M.I. Ilm ohanrabosi va uning mashaqqatli yoʻllari / maʼsul muharrir Tohir Malik. — Toshkent: „DAVR PRESS“, 2009. 248 b.
  • Toʻlaganova M.I.Ilm ohanrabosi va uning mashaqqatli yoʻllari / maʼsul muharrir Tohir Malik. — Toshkent: „DAVR PRESS“, 2009. 248 b.
  • Tulyaganova M.I. „The distribution of prime vectors in degenerate lattices“. // Soviet Math. Dokl. Vol/ 29 (1984) № 3. 1985 American Mathematical Society. 0197-6788/85.
  • Туляганова М.И., Левин Б.В. „Решето“ Селберга А. в алгебраических числовых полях // Литовский Математический Сборник. Том 6. № 1. 1966 g.

Yana qarang

tahrir

Sonlar nazariyasi

Saʼdi Sirojiddinov

Ivan Vinogradov (rus.)

Yonas Kubilyus(rus.)