Bloger: Versiyalar orasidagi farq

Kontent oʻchirildi Kontent qoʻshildi
Bloger haqida ma'lumot kiritildi
(Farq yoʻq)

26-Oktyabr 2019, 08:57 dagi koʻrinishi

Bloger - blog yurituvchi shaxs. U yuritayotgan blogni kichik gazetaga oʼxshatish mumkin. Faqat uning shtatida birgina muxbir – bloger bor. U bir vaqtning oʼzida ham muallif, ham muharrir, ham sahifalovchi. U SMM, SEO, dizaynerlik, dasturchilik, foto va videolar montajchisi vazifasini ham bajarishi mumkin.

Kimlar bloger boʼlishi mumkin?

Oʼzbek blogosferasida taniqli blogerlarning kasbi va mutaxassisligiga eʼtibor bersangiz, ularning aksariyati yo jurnalist (menga oʼxshagan), yoki oʼqituvchi. Jurnalistlar orasida blogerlarning koʼproq ekani sababli baʼzilar jurnalist bilan blogerni adashtirib yuboradi ham. Аslida esa har kim bloger boʼlishi mumkin. Hatto gʼirt bekorchi odam ham blog ochib, kun boʼyicha hech narsa qilmayotgani haqida blogpost yozib oʼtirishi mumkin. Muhimi u odamlarni qiziqtirishi va blogiga jalb qila olishi kerak.

Boshqa kasb egalari – shifokorlar, stomatologlar, quruvchilar, oshpazlar, choʼponlaru dehqonlar, uy bekalari ham blog yuritishi, unda oʼz shaxsiy fikrlaridan tortib, tajribalarigacha yorita oladi. Oshpaz taom tayyorlash, uy bekasi bola tarbiyalash, oʼqituvchi sifatli dars oʼtish, huquqshunos huquqiy maslahatlar berishi yoki oʼz sohasidagi ogʼriqni masalalarni koʼtarib chiqib, ularga yechimlar taklif qilishi mumkin. Eng muhimi toʼxtab qolmasligi, blogini doimiy yangilab turishi kerak.

Blogpost va maqolaning farqni nimada?

Baʼzida yozgan blogpostimni ulashsam, odamlar zoʼr maqola chiqibdi, deb qoladi. Shaxsan men blogpost bilan maqolani boshqa-boshqa narsa degan boʼlardim. Maqola – jurnalist tomonidan ommaviy axborot vositasi – gazeta-jurnal yoki elektron nashr uchun yoziladi. Maqolada fakt va dalillar boʼlishi, xolis va haqqoniy yozilishi, mavzu chuqur tahlil qilinishi, yechim va takliflar berilishi kerak. Odatda maqolalarda muallif «meni» koʼrinmaydi.

Blogpost esa asosan shaxsiy va subʼektiv fikrlardan iborat boʼladi. Blogerning shaxsiy kuzatuvlari, mulohaza va munosabati, shaxsiy tajriba va maslahatlari oʼrin oladi. Fikr toʼgʼri yoki notoʼgʼri boʼlishi, unga qoʼshilish yoki qoʼshilmaslikdan qatʼi nazar, hurmat qilinishi kerak.

Muammoni koʼtarib chiqqan blogerga yechimlar berishni talab qilish ham notoʼgʼri. Chunki bloger oʼsha sohaning mutaxassisi boʼlmasligi mumkin, uning vazifasi qaerdadir qanday muammo borligini koʼtarib chiqishdan iborat, masalani oʼrganish, yechim topish va hal qilish bilan oʼsha sohaning egalari – davlat oylik, vakolat bergan odamlar shugʼullanaversin.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi ham blogermi?

Bu meni ham oʼylantiradigan savol. Аslida ular ham bloger boʼlishi mumkin, ammo buning uchun avvalo shaxsiy pozitsiyasi, yoʼnalishi, tematikasi boʼlishi va muntazam postlar qoldirilib turilishi kerak, deb oʼylayman. Masalan, YouTube, Instagram, Facebook, Telegram kabi ijtimoiy tarmoq va mobil messenjerlarida yuz minglab obunachilarga ega boʼlgan blogerlar, agar taniqli shaxs boʼlmasa, katta auditoriyani yigʼish uchun yaxshigina ter toʼkkan, turli usul va mexanizmlardan foydalangan boʼladi. Ular biror tor mavzuda haftasiga bir yoki ikkitadan qiziqarli, mulьtimediali post qoldirish hisobiga tezda ommalashadi. Bunda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi kontentni oʼzi tayyorlashi muhim.

Tushgan selfisini qoʼyib boradigan yoki boshqalar tayyorlagan materiallarni qoldiradiganlar, menimcha, bloger emas.

Blog yuritish uchun xarajat qilinadimi?

Blog yuritishning tekin yoki pulli yoʼllari bor. Boshlovchi-blogerlar uchun bepul blog platformalari – blogger.com, livejournal.com, wordpress.com, zen.yandex.ru va boshqalardan foydalanish mumkin. Ushbu platformalarda dizayn va boshqa imkoniyatlar cheklangan, blog uchinchi darajali subdomenda joylashgan boʼladi. Masalan, men avvaliga postlarimni sanjarsaid.blogspot.com blogiga joylashtirardim.

Maʼlum bir auditoriya, blogpostlar bazasiga ega boʼlib, yetarlicha tajriba toʼplagandan keyin professionalroq darajaga koʼtarilish mumkin. Bunda birinchi boʼlib veb-sayt nomi – domen sotib olinishi kerak. cctld.uz saytida domenning band emasligini aniqlab, webname.uz saytidan sotib olish mumkin. Domen birinchi yili 26 ming, keyingi yillar esa 24,5 ming soʼmdan.

Keyingi qadam – xosting masalasini hal qilish. Xosting, bu – siz blogga joylashtirayotgan maʼlumotlar, suratlar va videolar joylashtiriladigan server. Oʼzbekistonda eng arzon xosting oyiga 10 ming soʼmdan boshlanadi. Biz blogerlikni boshlagan vaqtda oʼn nafar bloger uch yil uchun 10 dollardan yigʼib bergan edik. Hozir esa bir necha blogim uchun Rossiya xostingiga yiliga 300 ming soʼm atrofida xarajat qilayapman.

Navbatdagi bosqich – veb-dasturlash. Аgar dasturlashni bilmasangiz va dasturchilardan tanishlaringiz boʼlmasa, bitta blog uchun eng kamida 300-400 ming soʼm sarflashingiz kerak. Bunda bepul blog dizaynidan foydalanasiz, blogerlar oʼrtasida ommabop boʼlgan Wordpress platformasini ishlatasiz. Noldan kod terish esa juda qimmat, lekin sifatli va ishonchli boʼladi.

Shunday qilib, professional blog yuritish sizga yiliga sayt ochish va internet xarajatlarini hisoblamaganda 170 ming soʼmlarga tushishi mumkin.

Blogerlikdan nima foyda?

Blog ochish falon pul, uni yuritish buncha xarajat boʼlsa, undan nima foyda boʼlishi mumkin? Bu haqda menga juda koʼp savol berishadi. Hozirgi bosqichda blog men uchun asosan oʼz faoliyatimni (jurnalist va koreys tilidan repetitor) reklama qilish vositasi hisoblanadi. Taniqli internet saytlariga ishga kirishim, kolumnistlik sahifamni yuritishim, hozirda ekspert sifatida ham faoliyat olib borayotganim, Аmerikaga borib-kelishim – bularning barchasi blogerlikdan. Vaholanki jurnalistikada qalami oʼtkir, mendan ham iqtidorli ijodkorlar koʼp. Biroq ularning koʼpchiligi borligini bildirmaydi yoki oʼzini koʼz-koʼz qilishni xohlamaydi. Menga qolsa har bir kasb egasi menejment-marketing usullarini oʼzlashtirishi, oʼz piari ustida jiddiy shugʼullanishi kerak. Har holda kompaniya va tashkilotlar qoʼlidan ish keladigan va taniqli shaxslarni oʼz safida koʼrish uchun boshqalarga nisbatan koʼproq maosh taklif qilishga tayyor.

Bizda – Oʼzbekistonda blogerlik koʼproq xobbi hisoblanadi. Xobbi bilan esa odatda boʼsh vaqtda, kayfiyat yaxshiligida shugʼullaniladi va undan daromad olish reja qilinmaydi. Аslida esa blogerlik – dunyodagi eng daromadli biznesdan biriga aylangan.

Masalan, YouTube-kanalida 100 mingdan oshiq obunachiga ega blogerlar videoroliklari 100 ming martadan ortiq tomosha qilinsa, kuniga 50-100 dollar, oyiga esa 1500-4150 dollar atrofida daromad olishi mumkin. Аmmo aksariyat blogerlar oyiga 500 dollardan kamroq daromad topayapti[1].

Uzun-quloq gap-soʼzlarga qaraganda, bizning sharoitda ham YouTube yoki Telegram kanalida oyiga 1000 dollardan ortiq daromad koʼrayotgan blogerlar yoʼq emas, ammo ular tahlili va monitoringi yuritilmagan, aniq statistik maʼlumotlar yoʼq. Аgarda blogerlik bilan jiddiy shugʼullanib, doimiy faoliyat olib borilsa, u orqali nafaqat oila boqish, balki boy boʼlish ham mumkin.

Maxsus tayyorlangan va gʼoyaviy qurollantirilgan blogerlar uchun esa bu – kasb. Donald Trampning АQSh prezidentligiga kelishida blogerlikni kasb qilib olgan rossiyalik blogerlar taʼsiri katta boʼlganini eslab oʼtish mumkin[2].

Manbalar