Mifologiyada xizr obrazi Mifologik obrazlar mifologik dunyoqarash hosilasi boʻlib, ular ibtidoiy insonning mental faoliyati jarayonida uning qiziqishi va bilish ehtiyoji natijasida oʻzi uchun mavhum boʻlgan hodisalar (masalan, tabiat voqeliklari, turli kasalliklar)ni idrok etishi, tushunishi va umumlashtirishi orqali yuzaga kelgan. Qadimgi ajdodlarimizning ibtidoiy tasavvur-tushunchalari, eʼtiqodiy qarashlari, diniy-mifologik dunyoqarashi zamirida kelib chiqqan hamda oʻzida mifik inonchlar mohiyatini ifoda etgan anʼanaviy personaj yoki obraz "mifologik personaj" yoki "mifologik obraz" deb yuritiladi. Xizr obrazining genetik ildizlari qadimiy kultlar va inonchlar bilan aloqadordir. „Xizr“ soʻzi arab tilidagi "Xazara" („doimiy yashillik“) soʻzidan kelib chiqqan. Xizr – turkiy xalqlarning suv, olov, issiqlik, bahor, hosildorlik, yashillik va hayot suvi toʻgʻrisidagi mifologik tasavvurlari asosida yaratilgan. Ozarbayjon olimi M.Seyidov „Xizr“ soʻzining etimologiyasini „olov“, „oʻt“(oʻsimlik) soʻzlari bilan aloqador ekanligini qayd etadi. Oʻzbek folklorshunoslaridan M.Afzalov Xizr obrazining qadimgi pir-homiylar toʻgʻrisidagi xalq qarashlari zamiridan oʻsib chiqqanligini. Gʻ.Akramov esa uning ajdodlar homiyligi bilan bogʻliq eʼtiqodlar va shomonizm taʼsirida yuzaga kelganligini taʼkidlagan. B.Sarimsoqov „kinnachilikning pirlaridan biri Xizr boʻlib, islomga qadar juda koʻp turkiy xalqlar unga sigʻinganlar“ deydi. F.Nurmanovning Xizr obrazi genezisi va uning oʻzbek folkloridagi talqini masalasiga bagʻishlangan tadqiqot ishida islom diniga eʼtiqod qiluvchi turkiy xalqlar folklorida keng tarqalgan bu timsol mifologik homiy, madadkor ruh, chol qiyofasidagi gʻayrioddiy koʻmakchi sifatida tasavvur qilingani aytiladi. Umuman aytganda, xalqimiz orasida xizr hamisha ezgu homiy sifatida tasavvur qilinadigan mifologik personajdir. Xizrning abadiy yashashi, yaʼni hech qachon oʻlmasligi bilan bogʻliq mifologik qarashlar „Xizr umri“ tushunchasida ham oʻz aksini topgan. Oʻzbek mifologiyasida tabiatning erta bahorgi uygʻonishi, qor va muzlarning erishi hamda oʻsimliklarning oʻsa boshlashi ham Xizr obrazi bilan bogʻlab tasavvur qilingan.

Manbalar

tahrir

Joʻrayev M, Oʻrayeva D – Oʻzbek mifologiyasi, Toshkent „Oʻqituvchi“ nashriyoti, 2019

Havolalar

tahrir