Patent (migratsiya qonunchiligida) - Rossiya Federatsiyasiga vizasiz tartibda keluvchi chet el fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi sub'ekti hududida mehnat faoliyatini amalga oshirishga bo’lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatdir. 115-son Federal qonunining 13.3-moddasining 1 bandiga ko’ra (yangi tahrirda), patentga ega bo’lgan vizasiz chet ellikni quyidagilar ishga jalb qilishi mumkin:

• tashkilotlar;

• yakka tartibdagi tadbirkorlar;

• xususiy notariuslar;

• advokatlik idorasini tashkil etgan advokatlar;

• federal qonunlarga muvofiq kasbiy faoliyati davlat tomonidan ro’yxatdan o’tkazilishi va (yoki) litsenziyalanishi lozim bo’lgan boshqa shaxslar;

• shaxsiy, uy ishlari va boshqa shunga o’xshash masalalarda yordamga muhtoj bo’lgan va tadbirkor bo’lmagan Rossiya Federatsiyasi fuqarolari.

Migrantlarning toifalari

Rossiya Federatsiyasi bilan tuzilgan xalqaro shartnomalarga muvofiq, Rossiya Federatsiyasiga viza talab qilinmaydigan tartibda kirib kelgan chet el fuqarolarigina patent olishlari mumkin.

Hozirgi vaqtda mazkur qoida quyidagi davlatlar fuqarolariga nisbatan qo’llaniladi:

• Abxaziya

• Ozarbayjon

• Moldova

• Tojikiston

• O’zbekiston

• Ukraina

Rossiya Federatsiyasi bilan vizasiz safarlarni amalga oshirish to’g’risida kelishuvga erishgan boshqa davlatlarning fuqarolari uchun (“Vizasiz rejim” moddasiga qarang) mehnat faoliyatini amalga oshirishda cheklovlar mavjud. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo davlatlarning fuqarolari “Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi to’g’risidagi shartnoma”ning (2014 yil 29 mayda Ostona shahrida imzolangan) (2015 yil 8 maydagi tahrirda) 97-moddasiga ko’ra, patent olish uchun ariza berishlari talab etilmaydi.

Patent bo’yicha ish

Patentdan tadbirkorlik faoliyati bilan bog’liq bo’lmagan shaxsiy, uy ishlari va boshqa shunga o’xshash ehtiyojlar uchun ishlarni bajarish yoki xizmatlarni ko’rsatishda foydalanish mumkin.

Patentga ega chet ellik ishchilarning mehnatidan tadbirkorlik faoliyati maqsadlarida foydalanish migratsiya qonunchiligini buzish hisoblanadi va Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksga muvofiq quyidagi ma'muriy javobgarlikka sabab bo’ladi:

• har ikki tomon - ikki mingdan besh ming rublgacha jarima shaklida;

• chet el fuqarosi uchun - mamlakatdan chiqarib yuborish.

Shu bilan birga, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini yetishtirish va sotish tadbirkorlik faoliyati hisoblanishi shart emas, chunki har qanday fuqaro fuqarolik qonunchiligiga muvofiq o’z mol-mulkini, o’ziga tegishli bo’lgan mulkni tasarruf etish, shu jumladan uni sotishdan daromad olish huquqiga ega. Bu yerda daromad olinishning muntazam ko’rinishga ega emasligi muhimdir.

Patent va ishlash uchun ruxsatnoma tahrir

Ishlash uchun ruxsatnoma asosida ishlaydigan chet el fuqarolaridan farqli o’laroq, patent egalari bir qator afzalliklarga ega:

• ularga nisbatan migratsiya kvotalari qo’llanilmaydi;

• Moskva va Sankt-Peterburgda patent ilgariroq “vositachilar”dan olingan ishlash uchun ruxsatnomadan ko’ra arzonroqqa tushadi;

• patent uchun moslashuvchan to’lovi tizimi (dastlab 1 oydan boshlab to 12 oygacha uzaytirish).

• Bir nechta tashkilotda ishlash mumkin (hozirda bir kishi ikkita ruxsatnoma olishi mumkin emas)

Mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish

Patent olgan chet el fuqarosi bilan quyidagi kelishuvlarni tuzish mumkin:

• mehnat shartnomasi;

• fuqarolik-huquqiy shakldagi shartnoma.

Shartnoma turini tanlash chet ellik ishchini yollash davri davomiyligiga bog’liq. Agar chet ellik ishchi maydan to sentyabrga qadar dala hovlida ishlash yoki bog’ uyini qurish uchun kerak bo’lsa, unda pudrat shartnomasini tuzish afzalroqdir.

Mehnat shartnomasi ish beruvchi uchun ko’proq majburiyatlarni nazarda tutadi, chunki mehnat munosabatlari Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, Rossiya Federatsiyasida vaqtincha bo’lgan chet el fuqarolari tibbiy sug’urta qilinmaydi, lekin ijtimoiy sug’urta qilinadi (“Majburiy ijtimoiy sug’urta to’g’risida”gi 2006 yil 29 dekabrdagi 255-son Federal qonunning 2-moddasining 1-bandi).

Quyidagi hollarda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan ijtimoiy sug’urta qilish ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi:

• agar bu fuqarolik-huquqiy shartnomasida nazarda tutilgan bo’lsa;

• majburiy tartibda - mehnat shartnomasini tuzishda.

Patentni olish

Patent olish uchun chet el fuqarosi ishlashni mo’ljallagan Rossiya Federatsiyasi sub'ektidagi Rossiya Ichki ishlar vazirligi boshqarmasining migratsiya masalalari bo’yicha organiga murojaat qilishi kerak. Quyidagi hujjatlar taqdim etilishi darkor:

• tasdiqlangan shakldagi ariza;

• shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport) va uning Rossiya Federatsiyasi hududidagi notarius tomonidan tasdiqlangan rus tilidagi tarjimasi;

• ishlash tashrif maqsadi sifatida ko’rsatilgan kirish muhri bo’lgan migratsiya kartasi;

• chet el fuqarosining yashash joyiga kelganligi to’g’risidagi hamda migratsiya ro’yxatidan o’tkazilganligini tasdiqlovchi muhr qo’yilgan bildirishnoma blankasining yirtma qismi;

• sug’urta tashkiloti bilan tuzilgan mazkur chet el fuqarosi mehnat faoliyati davrida amal qiladigan ixtiyoriy tibbiy sug’urta shartnomasi (polis) yoki mazkur chet el fuqarosi mehnat faoliyatini amalga oshirishni rejalashtirayotgan Rossiya Federatsiyasi sub'ektida joylashgan tibbiyot tashkiloti bilan tuzilgan pullik tibbiy xizmatlar ko’rsatish shartnomasi.

• patent berilgan hududdagi stavka bo’yicha daromad solig’i (patent boji) bo’yicha avans to’lovining amalga oshirilganligi to’g’risidagi kvitantsiya.

• rus tilini bilishi, Rossiya tarixi va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi asoslarini bilishi to’g’risidagi sertifikat;

1991 yil 1 sentyabrga qadar SSSR tarkibiga kirgan davlat hududidagi ta'lim muassasasi tomonidan berilgan ta'lim to’g’risidagi davlat namunasidagi hujjat (asosiy umumiy ta'limdan quyi bo’lmagan darajada); 1991 yil 1 sentyabrdan boshlab Rossiya Federatsiyasi hududida davlat yakuniy attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o’tgan shaxslarga berilgan ta'lim va (yoki) malaka to’g’risidagi hujjat.

• chet el fuqarosida giyohvandlik kasalligi yo’qligini tasdiqlovchi hamda inson organizmida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning metabolitlari, atrofdagilar uchun xavf tug’diruvchi, Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan vakolat berilgan federal ijroiya organi tomonidan tasdiqlangan ro’yxatda ko’zda tutilgan yuqumli kasalliklar mavjud yoki mavjud emasligi yuzasidan kimyoviy-toksikologik tekshiruvlarni o’z ichiga oluvchi tibbiy ko’rik natijalariga ko’ra berilgan hujjatlar, shuningdek, mazkur chet el fuqarosida odamda immunitet tanqisligi virusi (OIV-infektsiyasi) keltirib chiqaruvchi kasalliklar mavjud emasligi to’g’risidagi sertifikat.

Rossiya Federatsiyasida chet el fuqarolarining huquqiy holati to’g’risidagi 115-son Federal qonunining 13.3-modasi

Patent olish uchun hujjatlarni topshirgandan so’ng, chet el fuqarosi barmoq izlarini topshirishi lozim. Dastlab, patent avans to’langan muddatga beriladi, lekin uning muddatini bir necha bor uzaytirish mumkin, biroq berilgan kundan boshlab bir yildan ziyod bo’lmagan muddatga.

To’langan kvitantsiyalari bo’lgan patent xorijiy fuqaroning Rossiya Federatsiyasi hududida bo’lishi uchun qonuniy asosdir (patent uchun to’lov qilingan muddatga), lekin Rossiya Federatsiyasi hududiga kirgan kundan boshlab bir yildan ziyod bo’lmagan muddatga. Chet el fuqarosi patent berilgan kundan e'tiboran o’n ikki oylik muddat tugaguniga qadar o’n ish kunidan kechiktirmay, patentni bergan migratsiya sohasidagi federal ijroiya hokimiyatining hududiy organiga patentni qayta rasmiylashtirish borasida murojaat qilish huquqiga ega. Shu o’rinda, patentning amal qilish muddatini uzaytirish uchun murojaatlar soni bir martadan oshmasligi kerak. Shu ma'noda, patent bo’yicha qonuniy tarzda mamlakat hududida 2 yil davomida bo’lib turish mumkin.

Patent va belgilangan avans to’lovining amalga oshirilganligi to’g’risidagi kvitantsiyalarning borligi Rossiya Federatsiyasiga viza olinishi talab etilmaydigan tartibda kelgan chet el fuqarosining mamlakat hududida bo’lib turishining qonuniyligini tasdiqlaydi.

Ishga joylashganligi to’g’risida IIVni xabardor qildish

Chet el fuqarosi tomonidan IIV jismoniy yoki yuridik shaxsga ishga joylashganligi to’g’risida ish uchun patent olingan kundan e'tiboran 2 oy mobaynida xabardor etilishi lozim. IIVni xabardor qilish uchun chet el fuqarosi tuzilgan mehnat shartnomasi nusxasini taqdim etadi.