1919-yil noyabr oyida urushdan keyin birinchi marta parlamentga saylov o‘tkazildi. Saylovgacha o‘ng partiyalar «Milliy blok» deb ataluvchi ittifoqqa birlashdi. Blokni o‘ta o‘ng partiyalar — «Milliy respublikachilik partiyasi», Respublikachi-demokratik partiya» — tuzgan edilar. Radikallar va Respublikachilar partiyalari ularga qo‘shilgan. Uning ichki va tashqi siyosati Versal shartnomasi Fransiyaga juda katta foyda keltirgan bo‘lsa-da, o‘ta o‘ng kuchlarni u qanoatlantirmas edi. Shuning uchun ular Versal shartnomasini Fransiya diplomatiyasining muvaffaqiyatsizligi deb hisobladilar. Shu bois saylov oldidan o‘ta o‘ng partiyalar mamlakatda millatchilik g‘oyalarini zo‘r berib avj oldirdilar. Ayni paytda ular aholining ma’lum qismini «bolshevizm xavfi» bilan ham cho‘chitishga erishdilar. Bu omillar «Milliy blok»ning saylovda g‘alaba qozonishini ta’minladi. Ular Millat Majlisidagi jami o‘rinlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ini egallashga muvaffaq bo‘ldilar. Bu o‘ng kuchlar g‘alabasining rekord darajasi edi. «Milliy blok» hukumatini A. Milyeran (1859—1943) boshqardi. «Milliy blok»ning ichki siyosatdagi asosiy vazifasi mamlakatda inqilob ro‘y berishiga yo‘l qo‘ymaslik va ijtimoiy harakat to‘lqinini pasaytirish edi. Shuning uchun ham u saylovchilarga ishchilarning daromadidan o‘z ulushlarini olishlariga imkoniyat yaratish, ularga korxonalarni boshqarishda qatnashish huquqini berish kabi chuqur ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishga va’da berdi. Biroq tez orada boshlangan jahon iqtisodiy inqirozi bu va’dalarni bajarishga imkon bermadi. Aksincha, A. Milyeran hukumati, yirik kapital xohishi o‘laroq, 8 soatlik ish vaqti joriy etish to‘g‘risidagi qonunni amalda joriy etishga to‘sqinlik ham qildi. Soliqlar yukini kamaytirmadi. Ish haqi oshirilishi haqidagi talablarga qarshilik ko‘rsatdi. Bunday siyosat mamlakatda kuchli ish tashlash harakati avj olishiga olib keldi. 1919-yilda bu harakatlarda 1,2 mln dan ortiq ishchi qatnashdi. O‘ta o‘ng partiyalar siyosatiga qarshi pozitsiyada turadigan yirik siyosiy kuch Fransiya sotsialistik partiyasi (FSP) edi. Biroq uning safida ham birlik yo‘q edi. Bu partiyada o‘ng, markaz va so‘l qanot deb ataluvchi guruhlar o‘rtasida o‘zaro ichki kurash davom etmoqda edi. 1920-yilning dekabr oyida FSPda bo‘linish yuz berdi. Bo‘linib chiqqan qism yangi siyosiy partiya — Fransiya Kommunistik partiyasini (FKP) tuzdi. Ijtimoiy harakatda ana shunday bo‘linishlar, shuningdek, kasaba uyushmalarida hukumat bilan kelishishga intiluvchi tomon kuchli mavqega egaligi hukumatni mamlakatda tub ijtimoiy islohotlarni o‘tkazishga majbur etish imkonini bermadi. «Milliy blok» tashqi siyosatida Fransiyaning Yevropada yetakchi davlat bo‘lib qolishi uchun qo‘lidan kelgan barcha choralarni ko‘rdi. Chunonchi, u Germaniyani mumkin qadar kuchsizlantirishga intildi. 1920—1921-yillarda Fransiya ta’siri ostida Chexoslovakiya — Ruminiya — Yugoslaviya ittifoqi tuzildi. U tarixda «Kichik Antanta» nomi bilan ham ma’lum. Bundan tashqari, 1921-yilda ham Sovet Rossiyasi, ham Germaniyaga qarshi qaratilgan Fransiya — Polsha harbiy ittifoqi tuzildi. Bunga javoban Germaniya va Rossiya 1922-yilda Rapallo shartnomasi deb atalgan savdo-iqtisodiy shartnomani imzoladilar. Shartnoma har ikkala mamlakatning xalqaro mavqeyini mustahkamladi. Fransiyaning Yevropada o‘z gegemonligini butun choralar bilan qaror toptirishga urinishi uning Buyuk Britaniya va AQSH bilan munosabatlarini sovuqlashtirdi. Buyuk Britaniya Yevropada Fransiyaning gegemon bo‘lishini aslo istamas, aksincha, bu mavqega o‘zi da’vogarlik qilardi. Xalqaro maydonda gegemonlikka da’vogar AQSH ham Fransiyaning yanada kuchayib ketishini xohlamas edi. Shuning uchun Buyuk Britaniya va AQSH Germaniya Fransiyaga to‘lashi lozim bo‘lgan tovon miqdorini mumkin qadar kamaytirishga intilganlar. Buning ustiga, Germaniya tovonni hamisha ham vaqtida va belgilangan miqdorda to‘lash qobiliyatiga ega bo‘lmagan. Germaniya tovonning bir qismini ko‘mir bilan to‘lash majburiyatini ham olgan edi. 1922-yilda Rur viloyatidan Fransiyaga ko‘mir yuborishni to‘xtatdi. Bu hodisa Fransiya metallurgiya sanoati rivojiga katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Buning oldini olish maqsadida «Milliy blok» hukumati (bu vaqtda uni ashaddiy militarist va shovinist R. Puankare boshqarar edi) 1923-yil yanvarda Rur viloyatiga qo‘shin kiritdi va uni bosib oldi. Biroq Fransiya o‘z maqsadiga erisha olmadi. Rur ko‘mir konlari ishchilari (nemislar) Germaniya hukumatining chaqirig‘i bilan ko‘mir qazib chiqarish va uni vagonlarga ortishdan bosh tortdilar. Natijada Fransiyaning o‘nlab metallurgiya zavodlarida ish to‘xtab qoldi. Ayni paytda istilochi qo‘shinni saqlab turish hukumatni ma’nosiz katta xarajat qilishga majbur etdi. Bu xarajat soliqlarni yanada oshirish evaziga amalga oshirildi. Mamlakatda pul qadrsizlandi. Bu esa Fransiyada ichki siyosiy vaziyatni keskinlashtirib yubordi. Rur istilosi xalqaro munosabatlarda tanglik yuz berishiga olib keldi. Buyuk Britaniya Germaniyaning yonini ola boshladi. AQSH va Buyuk Britaniya Fransiyaning Yevropa qit’asida gegemonlik o‘rnatish xomxayolini butunlay chippakka chiqarish yo‘llarini qidira boshladilar. Bu yo‘lni topdilar ham. Bu yo‘l Germaniya iqtisodiyotini tiklash va bu bilan Germaniyaning Yevropa siyosiy hayotidagi rolini oshirishga xizmat qiluvchi Daues rejasini hayotga tatbiq etish edi. Shu tariqa Rur istilosi aslida hukumatning kaltabin siyosati bo‘lib chiqdi. Bu istilo Fransiyaning ichki va tashqi ahvolini yomonlashtirib yubordi. Bu esa oxir-oqibatda «Milliy blok»ning 1924-yildagi saylovda mag‘lubiyatga uchrashiga olib keldi.

Blokning qulashi

tahrir

Sotsialistik partiya bilan orani ochiq qilgan Radikallar partiyasi o‘nglar bilan hamkorlik yo‘liga o‘tdi. O‘ng kuchlar radikallar bilan koalitsion hukumat tuzdilar. Bu hukumat «Milliy blok» hukumati deb ataldi va unga yana R. Puankare (1860 — 1934) boshchilik qildi. Parlament R. Puankarega moliyaviy islohot uchun cheklanmagan vakolatlar berdi. Chunonchi, hukumat soliqlarni 9 mlrd frankka ko‘paytirdi. Davlat xarajatlarini qisqartirdi. Urush nogironlariga to‘lanadigan nafaqalar kamaytirildi. 1926-yilda frankning barqarorlashuviga erishildi (1 dollar avvalgi 47 frank o‘rniga 24,8 frankka teng bo‘ldi). Inflatsiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan mayda mulkdorlar R. Puankarega frank xaloskori deb qaray boshladi. Bundan tashqari, shu yilning o‘zida davlat budjeti daromadlari ilk bor urushdan keyingi xarajatlardan ortiq bo‘ldi. Moliyaviy barqarorlik, o‘z navbatida, iqtisodiyotning umumiy yuksalishi boshlanganini anglatar edi. Fransiya sanoati mahsuloti hajmi birinchi bor urushdan oldingi darajadan ortiq bo‘ldi. 1930-yilga kelganda Fransiyada ikki jahon urushi oralig‘idagi eng yuqori sanoat ishlab chiqarishiga va savdo aylanmasiga erishildi. U sanoat taraqqiyotining o‘sish surati bo‘yicha Buyuk Britaniya va Germaniyani ortda qoldirdi. Iqtisodiyotda davom etgan barqaror taraqqiyot aholi turmush darajasi o‘sishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Chunonchi, 1926-yildan boshlab ishsizlik, keksalik nafaqalari hamda kasallik, nogironlik va homiladorlik yordam pullari joriy etildi.

Adabiyotlar

tahrir

[1]

 Tarix
  1. Sh A'zamov. Jahon urushlari tarixi. Toshkent-2010 — 345-346-bet.