Mir Kamoliddin Husayn (15-asr) – fors-tojik tilida ijod qilgan xurosonlik shoir va tasavvuf namoyandasi. Ilm olish uchun Iroqqa boradi. Iroq hukmdori Sulton Yaʼqub unga alohida ehtirom koʻrsatib bir yilda yuz ming oltinga yaqin daromad keltiradigan Biyobon hududini suyurgʻol qilib beradi. Lekin Mir Kamoliddin Husayn tez orada darvesh­likni ixtiyor qilib, Xurosonga qaytadi va Abdurahmon Jomiy xizmatiga kiradi. Xoja Abdulloh Ansoriyning “Manozil us-soyirin” asariga sharh bitadi. Alisher Navoiy Mir Kamoliddin Husaynning nomini “Majolis un-nafois”ning toʻrtinchi majlisida tilga olib, uning xushsurat, xushtabʼ va barcha ilmlardan xabardor yigit ekani, darvesh hamda soʻfitabiat kishi boʻlganligi tufayli oʻzini “shayx” deb atagani, bu uning oʻz ahvolini yashirish uchun qilingan malomati boʻlsa kerak, deb aytadi. “Majolis un-nafois”da uning quyidagi bayti keltirilgan:

Az in bogʻi jahonoro chi son oram qadam berun

Ki, boshad ravzayi xuldash darun, bogʻi Iram berun.

(Mazmuni: Jahonga bezak bergan bu bogʻdan qanday qilib chiqib ketay, chunki uning ichkarisi jannat bogʻi, tashqarisi Iram bogʻidir)[1][2].

Manbalar

tahrir
  1. Alisher Navoiy: qomusiy lugʻat. 
  2. Majolis un-nafois.