Sur’at Mirhojiyevich Mirqosimov sharqshunos va diplomat, O'zbekiston Respublikasining Hindistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi. 1939-yil 25-aprelda Toshkent shahrida tugʻilgan.1957-yilda Toshkent davlat universitetining sharq fakultetiga oʻqishga kirdi. 1963-yilda fakultetning hind filologiyasi boʻlimini tugatdi. Oʻqish davrida, 1962-1963-yillar SSSR Geologik vazirligining Pokistondagi vakolatxonasida tarjimon boʻlib ishladi. Chet el safarlaridan qaytgach, universitetni bitirib, urdu va hind tillari boʻyicha oʻz mehnat faoliyatyini davom ettirdi. U 1963-1964 yillar Oʻzbekiston davlat radiokomitetining xorijiy mamlakatlar uchun eshittirish boʻlimi hind tahririyatida kichik muharrir boʻlib ishladi. 1964-yilda yana Pokistonga tarjimon boʻlib ketadi. 1966-yilda Toshkentda radiokomitetining xorijiy mamlakatlar uchun eshittirish boʻlimida urdu tahririyatining muharriri vazifasida ishini davom ettiradi. 1967-yildan to 1991-yilga qadar xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy aloqalar Oʻzbekiston jamiyatida dastavval boʻlim boshligʻi, keyin Jamiyat Prezidiumining mas’ul kotibi va nihoyat Jamiyat Prezidiumi raisining oʻrinbosari vazifalarida faoliyat koʻrsatib keldi. Shu davr ichida S.Mirqosimov 1969-1974-yillar SSSRning Hindistondagi elchixonasi madaniyat boʻlimida referent, soʻng SSSRning Kalkuttadagi Bosh konsulxonasida vitse-konsul boʻlib ishladi. 1982-1985-yillarda esa elchixonaning birinchi kotibi va ayni vaqtda Dehli shahridagi Sovet fani va madaniyati uyining direktori lavozimlarida ishlab keldi. 1991-1993-yillar davomida S.Mirqosimov Oʻzbekiston Respublikasining Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqalari milliy assosiatsiyasi raisining birinchi muovini, 1993-yil dekabr oyida 1994-yil sentabr oyigacha Oʻzbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Muvaqqat ishlari vakili vazifalarida ishladi. 1994-yil 11-avgusgtdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan unga Favqulodda va Muxtor elchi degan martaba berildi. S.Mirqosimov Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan xalqaro aloqalari xususida qator maqolalar yozib gazeta va jurnallarda eʼlon qilgan.

Manbalar

tahrir

[1]

  1. Abdusamatov M.Oʻzbekiston Sharqshunoslari. Toshkent.1996,74-75b.