Mirsaid Shomirboyev

Sovet davri qatagʻon qurbonlari

Mirsaid Shomirboyev (1901-yilda Namanganda tugʻilgan — 1938-yil) — qatagʻonga uchragan oʻzbek harbiy kadrlaridan biri. 19-oʻzbek togʻ-otliq diviziyasini boshqargan[1].

Mirsaid Shomirboyev
Tavalludi 1901-yil
Vafoti 1938-yil
Fuqaroligi O'zbek
Kasbi Harbiy
Unvoni Kapitan

Tarjimayi holi

tahrir

Mirsaid Shomirboyev 1901-yil Namanganda savdogar oilasida tugʻilgan. Otasi tujjor boʻlishiga qaramay, oʻrta maktabni tamomlagach, shoʻrolarning siyosiy hayotida faol shaxsga aylanadi. 1927—1937-yillarda VKP(b) ning aʼzosi boʻlgan. 1937-yil 10-sentyabrgacha 19-oʻzbek togʻ-otliq diviziyasi 42-otliq polki maktabining rahbari boʻlgan. Harbiy unvoni — kapitan. M.Shomirboyev 1937-yil 11-sentyabrda Oʻrta Osiyo harbiy okrugi Ichki ishlar Xalq komissarligi (NKVD) maxsus boʻlimi tomonidan milliy aksilsovet tashkilotiga aʼzo sifatida gumon qilinib, qamoqqa olingan.

1937-yilning 29-dekabrda boʻlib oʻtgan soʻroq paytida Shomirboyev oʻziga qoʻyilgan barcha aybllar va koʻrsatmalarni rad etadi. 1938-yil 11-fevralda 19-oʻzbek togʻ-otliq diviziyasining sobiq qoʻmondoni Mirkomil Mirsharopov bilan yuzlashtirilganda, Mirsharopov 1933-yilda Shomirboyevni diviziyadagi milliy aksilinqilobiy tashkilotga jalb etganligi haqida koʻrsatma bergan. Lekin Mirsharopovning bu koʻrsatmasi Shomirboyev tomonidan rad etilgan. 1938-yilning 3-oktyabrda boʻlgan soʻroq jarayonida Shomirboyev 19-oʻzbek togʻ-otliq diviziyasi tarkibida hech qanday milliy aksilinqilobiy tashkilotni bilmasligi toʻgʻrisida koʻrsatma bergan va boshqa soʻroqqa chaqirilmagan. 1938-yilning 10-oktyabr kuni SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasining sayyor sessiyasida Mirsaid Shomirboyevning ishi koʻrib chiqiladi. Uni 19-oʻzbek togʻ-otliq diviziyasining koʻplab aʼzolariga qoʻyilgan Oʻz SSR Jinoyat kodeksining 57-2, 64 va 67-moddalari boʻyicha aybdor deb topilib otuvga hukm qilingan[2].

19-oʻzbek togʻ-otliq diviziyasining bir qator taniqli harbiy kadrlari „xalq dushmani“ sifatida nohaq qamoqqa olingach, ular bilan faoliyat yuritgan boshqa harbiy hamkasblari ham tergovga jalb qilingan.

Oqlanishi

tahrir

Mirsaid Shomirboyevning tergov ishi 1956-yilda qayta koʻrib chiqiladi. 1956-yilning 31-iyulida Turkiston Harbiy okrugi prokurori Shomirboyevning faoliyatida jinoyat unsurlari yoʻqligi va uning ishi harakatdan toʻxtatilganligi toʻgʻrisidagi xulosani bosh prokurorga yuborgan[3].

Manbalar

tahrir
  1. Erkin Rajabov „O‘zbek milliy harbiylarining qatag‘on qilinishi yoxud bir asrlik fojia tafsilotlari“. uza.uz. Qaraldi: 18-iyun 2023-yil.
  2. Тарихнинг номаълум саҳифалари. Бешинчи китоб. Тошкент-2016: Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи — 58-bet. ISBN 978-9943-03-748-9. 
  3. „19-oʻzbek togʻ-otliq diviziyasi vakili — kapitan Mirsaid Shomirboyev“. epicube.su. Qaraldi: 18-iyun 2023-yil.