Mirzo Abu Tolib Moyil dariyzabon adabiyotning ilk tarixi davrida yashab ijod etgan adib boʻlib, u Barnobod shahrida 1640-yilda tugʻilgan va 1718-yilda vafot etgan. Mirzo Abu Tolib Moyil Muhammad Arshadning jiyani, eng kichik ukasi Abulfathning oʻgʻli boʻlib, qasida va gʻazalda Arshadga payravlik qilar edi. Bunga Arshadning tarbiyasi, uning ijodiy kamolotiga rahnamolik qilgani ham taʼsir koʻrsatgani ehtimoldan xoli emas. Arshad oʻzining „Moyil“ taxallusini unga bagʻishlagani ham uning Abu Tolib bilan yaqin boʻlganidan dalolat beradi. Oʻrta asrlarda, odatda, shoirlar oʻz taxalluslarini eng yaqin kishilariga bagʻishlaganlar. Moyildan mukammal devon meros boʻlib qolganiga qaramay uning ijodi deyarli oʻrganilmagan. Moyil sheʼriyatida hind uslubiga moyillik ancha kuchli seziladi. Bu xususiyatni quyidagi misralarda ham yaqqol koʻrish mumkin: صفای پشت گل یادی ازآن رومیدهدمارا، صنوبر جلوه ای زان قد دلجو میدهد مارا. بجیب صبح می بینم مکتوب بناگوشش، خبر شام از سواد چین گیسو میدهد مارا. Gul bargining safoliligi oʻshal yuzni bizga eslatadi, Sanavbar oʻshal koʻngilni rom qiluvchi qomatni bizga jilvalantiradi. Tong yoqasida uning qulogʻi kulgichidan kelgan xabarni koʻraman, Oqshom bizga zulfining timqora jingalaklari xabarini beradi. Lirik qahramon bu tasvirda gul bargining tozaligida yorning yuzi timsolini koʻradi, sanavbar daraxtining koʻrinishi esa, unga doimo sogʻintirib turgan yorning qaddu qomatini eslatadi. Erta tongning otishi unga yor qulogʻidagi ziraklarni eslatadi, chunki tong yogʻdusi ham yorning ziraklari kabi tillarang, kechki qorongʻulikning tushishi esa, unga yorning timqora jingalak sochlari boʻlib koʻrinadi. Qisqasi, lirik qahramon bu ikki baytda gul bargida ham, sanavbar jilvasida ham, tong otishiyu kech kirishida ham yor timsolini koʻradi va bu fikr yuqoridagidek ramzlar va istioralar bilan ifodalangan. Moyil ijodida anʼanaviy lirik motivlar katta oʻrin tutadi. Uning bayon uslubi ham anʼanaviy boʻlib, lirik qahramonlar obrazini chizishda oʻrta asrlar sheʼriyatida takror takror qoʻllangan „Yusuf koʻylagi“, „Xoʻtan mushki“, „Mast koʻz“, „Yuz kabasi“, „Anbar hidli zulf“, „Togʻni oʻyuvchi“, yaʼni Farhod kabi tashbih, talmih va istioralarni uchratish mumkin. Shoir ularni hind uslubiga xos murakkab iboralarga oʻragan holda qoʻllaydi. چو برقی کز نشاط دیدن خرمن شود خندان، فریب حسن خلق آن آتشین خو میدهد مارا. بما چون کوهکن در روز اول شد عیان مایل،

که سر برباد آخر زور بازو میدهد مارا.

Xirmonni koʻrganida xursand boʻlib xandon otib kulgan chaqmoqdek, Oʻsha olov feʼllining xulqi bizni aldaydi. Moyil, togʻni oʻyuvchi (Farhod) kabi bizga birinchi kundanoq ayon boʻldi, Bizning bilak kuchimiz axiri bizni barbod qiladi. Bu baytlarda shoir ishqni xirmonni yoqib yuborish imkoniyatidan zavqlanib yarqiragan chaqmoqqa, lirik qahramonni oʻziga ishongan, shu tufayli mehnat ostida qolgan „koʻhkan“, yaʼni togʻni oʻyuvchiga oʻxshatadi, boshqacha qilib aytganda, ishq yoʻliga kirganlarni zohiriy joziba va botiniy mashaqqatdan ogohlantiradi. Bu ikki shoir ijodi maʼlum darajada XVII-XVIII asr Hirot adabiy muhiti xususiyatlarini oʻzida aks ettiruvchi sheʼriyat namunalaridir. Shuni taʼkidlash joyizki, Arshad va Moyil ijodi bu shoirlar yashagan zamonda koʻproq mahalliy miqyosdagi adabiy doiralarda shuhrat topgan boʻlsa ham, keyinchalik, ayniqsa, mustaqil afgʻon davlati tashkil etilgandan soʻng ularning ijodi umumdavlat ahamiyat kasb etdi. Shoir devoni hozirgacha uning avlodlari qoʻlida saqlanadi. Uning tanlangan sheʼrlari majmuasi „Mirzo Arshad Hiraviy-ning tanlangan sheʼrlari“ (منتخب اشعار میرزا ارشد هروی) nomi bilan 1348-1969 yilda Eronda chop etildi. Majmuani Moyil Hiraviy nashrga tayyorlagan . Barnobodiylar sulolasidan boʻlgan Muhammad Rizo (1765-1815) oʻzining tazkirasida xabar berishicha, Arshad devoni for-siyzabon sheʼriyatning qasida, masnaviy, gʻazal, ruboiy kabi janrlarini qamrab olgan. Devon tarkibida besh ming bayt atrofida sheʼr mavjud. Arshad kichik janrlardagi sheʼrlardan tashqari katta hajmdagi masnaviylar ham ijod etgan. Bunday asarlaridan birini u „Gavhar yogʻdiruvchi bulut“ (ابر گوهربار) deb atagan. Bu asarida shoir „Moyil“ taxallusini qoʻllagan. Bu asar qoʻlyozmasi Moyil Heraviy tomonidan Eronning Mashhad shahridagi „Ostona“ kutubxonasidan topilgan .

Adabiyotlar

tahrir
  1. Tumanovich N. N. Gerat XVI-XVIII vekax, 206 bet.
  2. http://www.lib.ir/book/56172880
  3. Professor Jovid maʼruzalari.

Tukum:Dariy tili Tukum:Masnaviy