Molik ibn Anas

Abu Abdulloh Molik ibn Anas ibn Molik ibn Abu Omir al-Ansoriy al-Himyariy al-Madaniy. (hijriy: 93–179-yillar, melodiy: 711–795-yillarda yashagan) Faqih va muhaddis. Ahli Sunna val Jamoa to’rt imomining ikkinchisi. Islom fiqhiy mazhablaridan Molikiy mazhabi asoschisi.

Chuqur ilmi, Muhammad sollallohu alayhi va sallamning hadislarini yod olishdagi kuchli zehn egasi va aynan hadislar borasida pishiq hamda mustahkam bilim sohibi ekani bilan shurat topgan. Sabr, zakovat, haybat, viqor, husni xulq bilan tanilgan. Ko’plab ulamolar Molik ibn Anas haqida hisobsiz maqtov so’zlarini aytishgan. Jumladan imom Shofeiy: “Ulamolar haqida gapirilsa aniqki, Imom Molik yo’lchi yulduzdir. Molik ibn Anas tobeinlardan keyin insonlarga Allohning hujjatidir” .

Imom Molikning “Muvatto” kitobi nabaviy hadis kitoblarining eng mashhuri, eng sahih va eng avval yozilganlaridan hisoblanadi. Imom Shofeiy “Muvatto” asari haqida shunday degan: “Alloh taoloning kitobidan boshqa barcha kitoblar ichidagi eng to’g’ri kitob Muvattodir”.

Imom Molik fiqhiy ijtihodda bir qancha shar’iy manbalarga asoslangan. Ular: Qur’oni karim, Sunnati nabaviy, Ijmo, Madina ahlining amali, Qiyos, Masolihul mursala, Istehson, Urf, Sadduz zaroye, Istis’hob.

Imom Molik 93-hijriy sanada Madinayi munavvarada tug’ilgan. Hadis ilmi, sahobalardan rivoyat qilingan asar-xabarlar va ularning fatvolarini o’rganish hamda rivoyatlar haqida izlanish bilan muntazam shug’illanib boruvchi oilada ulg’aygan. U yoshligidayoq Qur’oni karimni yod olgan. So’ng Hadisi shariflarni yodlashga bor e’tiborini qaratgan va Islom fiqhini o’rgangan. Madina faqihi Ibn Hurmuz rohimahullohdan yetti yil davomida ajralmay ilm olgan. Imom Molik shuningdek Ibn Umarning mavlosi Nofe, Ibn Shihob Zuhriy singari yetuk ulamolar qo’lida tahsil olgan.

Imom Molik hadis va rivoyatlar, hamda fatvolar borasida mukammal dars olib bo’lganida, butun Islom olamiga mashhur yetmishta eng katta olimlar uni din ilmidan dars berishga munosib deya etirof etishgandi. Shundan keyingina Imom Molik Masjidun nabaviyda dars va fatvo majlisini qurdi. Uning dars halqasi xotirjamlik, viqor, Nabaviy hadislarga nisbatan kuchli ehtirom bilan o’tar edi.

Imom Molik o’zi chiqaradigan fatvoda xatoga yo’l qo’ymaslikka qattiq urinardi. U mutloq mujtahid bo’lishiga qaramay, xato qilishdan qo’rqib savollarga ko’p martalab “bilmayman” javobini aytardi. U yana shunday degan: “Men oddiy bir insonman, gohida to’g’ri topsam, bazida adashaman. Men aytgan fikrga nazar soling, agar u Qur’oni karim va Sunnatga muvofiq kelsa uni oling. Qur’oni karim va Sunnatga muvofiq kelmaganini esa tark qiling”. Imom Molik hijriy 179-yili yigirma ikki kun davom etgan kasallikdan so’ng vafot etdi. O’sha vaqtdagi Madina amiri Abdulloh ibn Muhammad ibn Ibrohim Imom Molikning janozasini o’qib berdi. Imom Molik Baqe’ qabristoniga dafn qilingan.