Muhammad Kabir Bahodirxonov

fizik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor

Muhammad Kabir Sayidxonovich (Sayidxon oʻgʻli) Bahodirxonov (1941-yil 17-avgust, Gʻulja shahri, XXR — 2021-yil 19-avgust, Toshkent, Oʻzbekiston) — oʻzbekistonlik fizik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi aʼzosi, akademik (2017), fizika-matematika fanlari doktori (1982), professor.

Muhammad Kabir Sayidxonovich (Sayidxon oʻgʻli) Bahodirxonov
Tavalludi 17-avgust 1941-yil
Gʻulja, XXR
Vafoti 19-avgust 2021-yil(2021-08-19)
(80 yoshda)
Toshkent, Oʻzbekiston
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi fizik olim
Sohasi yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi
Taʼlimi Toshkent davlat universiteti
Ilmiy darajasi fizika-matematika fanlari doktori
Ilmiy unvoni akademik

Biografiyasi tahrir

Muhammad Kabir Bahodirxonov 1941-yil 17-avgustda Gʻulja shahrida tugʻilgan[1][2]. 1959-yilda Toshkent davlat universiteti fizika fakultetiga oʻqishga kirib, 1965-yilda yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi mutaxassisligi boʻyicha tamomlaydi. 1971—1985-yillari Toshkent davlat universiteti „Yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi“ kafedrasi mudiri, 1985—1991-yillari Toshkent politexnika instituti „Fizikaviy elektronika“ kafedrasi mudiri, 1991—1992-yillari Toshkent davlat texnika universiteti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori, 1996—2003-yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, 2004—2012-yillari Toshkent davlat texnika universiteti „Elektronika va mikroelektronika“ kafedrasi mudiri[3], 2012—2021-yillarda Toshkent davlat texnika universitetining „Raqamli elektronika va mikroelektronika“ kafedrasi professori boʻlib faoliyat yuritgan[4].

Oilasi tahrir

Muhammad Kabir Bahodirxonovning uch oʻgʻil va bir qizi bor[3].

Vafoti tahrir

Muhammad Kabir Bahodirxonov 2021-yil 19-avgustda Toshkent shahrida 80 yoshida vafot etgan[1][4][5].

Ilmiy faoliyati tahrir

1965-yilda Rossiya Fanlar akademiyasi Abram Fyodorovich Ioffe nomidagi fizika-texnika instituti aspiranturasiga oʻqishga kiradi. Olim Boris Iosifovich Boltaks ilmiy rahbarligida yarimo‘tkazgichlar fizikasi boʻyicha nomzodlik ishini 1971-yilda himoya qilib, fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini, 1982-yili esa doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasini oladi. 2017-yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi[6]. Olim „Yarimo‘tkazgich materiallarda diffuzion jarayonlar“, „Kirishma atomlar bilan kompensatsiyalangan kremniy materialining elektrofizik, fotoelektrik, optik va galvanomagnit xususiyatlarini o‘rganish“ ilmiy maktablariga asos solgan. Muhammad Kabir Bahodirxonov Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib sanoat-texnologik tizimidan iborat ilmiy laboratoriya tashkil etish va ushbu laboratoriyada nanostrukturali kremniy olish texnologiyasini yaratishga muvaffaq bo‘lgan[2]. Olim 10 ta monografiya, 16 ta darslik, 20 ta ixtirolar, 300 dan ortiq ilmiy maqolalar mualllifidir[3]. 100 dan ortiq maqolalari AQSh, Germaniya, Rossiya, Koreya, Xitoy va boshqa davlatlarning nufuzli ilmiy jurnallarida chop etilgan[1].

Unvon va mukofotlari tahrir

  • Abu Rayhon Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1992)[4];
  • Xinjiang universiteti faxriy porfessori (2003);
  • Nukus davlat universiteti faxriy porfessori (2012)[3];
  • „Doʻstlik“ ordeni (2020)[2];
  • „Mehnat faxriysi“ koʻkrak nishoni (2021)[7].

Manbalar tahrir

Andoza:OʻTOE