Muhammadamin Faxriddinov
Faxriddinov Muhammadamin (1894-yil Toshkent – 1941-yil) – oʻzbek maʼrifatparvari, pedagog. Toshkentdagi madrasalardan biri va 2 bosqichli rus-tuzem maktabini tugatgan. 1913—1917 yillarda Toshkentdagi rus-tuzem maktablaridan birida oʻqituvchi. Oktabr toʻntarishi (1917)dan soʻng oʻzbek maktablarida oʻqituvchilik qilgan. Faxriddinov yangi usul maktablari uchun oʻzbek tili darsligi („Turkcha qoida“), alifbe kitobi („Rahbari avval“), geografiyadan qoʻllanma („Jugʻrofiyai riyoziy“)lar yozgan. „Turkcha qoida“ (1913, Toshkent) oʻzbek tilida birinchi marta yozilgan maktab darsligi boʻlib, boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun moʻljallangan. Unda oʻzbek tili grammatikasi, imlo va tinish belgilari haqida dastlabki nazariy maʼlumotlar, mashqlar berilgan. „Rahbari avval“ (1917, Toshkent) usuli maddiya (harflarning nomiga unli tovushlar qoʻshib, choʻzib boʻgʻin hosil qilish)dagi birinchi rasmli oʻzbek alifbesidir. Darslikda orginal matnlar bilan bir qatorda K. D. Ushinskiy, L. N. Tolstoy va boshqa rus pedagoglarining bolalarga moʻljallangan asarlari ham berilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |