Muhiddin Tursunxoʻjayev (1900-yilda tugʻilgan) – oʻzbekistonlik davlat arbobi.

Muhiddin Tursunxoʻjayev
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1900-yil
Toshkent
Vafoti 1938-yil
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Millati oʻzbek

Hayoti va mehnat faoliyati

tahrir

Muhiddin Tursunxoʻjayev Toshkent shahrida qozi, tabib va dehqon sifatida nom qozongan Tursunmuhammad Abdurasulxoʻjayev (1856—1932) oilasida yettinchi farzand sifatida dunyoga kelgan. Muhiddin Tursunxoʻjayev dastlab eski va yangi usuldagi maktablarda, soʻng rus-tuzem maktabida tahsil olgan.

Davlat bankida, notarius D. M. Ustinov idorasida hamda 1914—1917-yillar mobaynida Abdumavlonboy doʻkonida xizmat qilgan. 1918—1919-yillarda Muhammad Sayyid Ahroriyning „Vatan“ maktabida, „Izchi“ toʻdasining aʼzosi sifatida ishtirok etgan. U tengdoshlari qatori siyosiy faollashuvi tufayli soʻl es-erlar firqasiga aʼzo boʻlgan hamda 1918-yildan „Toshkent eski shahar musulmon gumashtalar, idora xodimlari va mirzalar kasaba uyushmasi“da ishlagan. Osipov voqeasidan soʻng kompartiyaga aʼzo boʻlgan.

1920-yilning yanvar oyidan sentyabr oyigacha Y. M. Sverdlov nomidagi universitetning maxsus kursida tahsil olgan. 1920—1921-yillarda Buxoro Xalq Respublikasi tashkil topgach, ichki ishlar nozirligi hay’ati aʼzosi, nozir oʻrinbosari vazifalarida ishlagan. 1921—1922-yillarda Turkiston MIQ qarori bilan Fargʻona muzofoti militsiya boshligʻi oʻrinbosari etib tayinlangan.

1922-yilda Turkiston yoshlar tashkiloti kotibi, 1923-yilda Sirdaryo firqa qoʻmitasi mas’ul kotibi boʻlib ishlagan[1]. Shuningdek, 1924-yilda Fargʻona xalqaro inqilobchilarga yordam qoʻmitasida faoliyat yuritgan. 1924—1926-yillarda „Turkipak“ aksionerlik jamiyati raisi, 1925-yildan Toshkent viloyat Niyozbek tuman yer islohoti komissiyasi raisi hamda 1926—1928-yillarda Toshkent shahar kengashi raisi vazifasida faoliyat yuritgan.

Toshkent okrug Ijroqoʻmi aʼzosi, 1928—1929-yillarda Yangiyoʻl tuman firqa kotibi va 1929-yil 6-noyabrdan Oʻzbekistonning Rossiyadagi doimiy vakili vazifasida boʻlgan. SSSR MIQsining Millatlar kengashiaʼzosi va 1935—1937-yillar oraligʻida Oʻzbekiston Savdo xalq komissari boʻlib ishlagan[2].

Ayblov

tahrir

Muhiddin Tursunxoʻjayev 1937-yil 4-avgustda NKVD tomonidan qamoqqa olingan. 1938-yil 4-oktyabrda „Uchlik“ tomonidan oliy jazoga hukm qilingan.

Manbalar

tahrir
  1. „ТУРСУН-ХОДЖАЕВ Мухитдин“. centrasia.org. Qaraldi: 6-sentyabr 2024-yil.
  2. Ahmad, Sirojiddin. Qizil mustamlaka: e'lon qilinmagan urush Katta qirg'in qomusi (1929-1950). Toshkent: Info Captal Books, 2022-yil — 635-bet. ISBN 978-9943-5789-3-7.