TASAVVUFNING G`OYAVIY-NAZARIY ASOSLARI

tahrir

Annotatsiya: ushbu maqolamizda tasavvuf ilmining paydo bulishiga asos bo`lgan sufiylik tariqatining paydo bo`lishi uning mazmun mohiyati haqida qisqacha so`z yuritiladi. Shuningdek sufiylik tariqatining amaliy asosi bo`lmish tasavvuf ilmining vujudga kelishi, hamda undagi futuvat masalasi haqida batafsil malumotlar keltirilgan.

Kalit so`zlar: so`fiy, so`fiylik, tariqat, tasavvuf, xalifa Usmon, estetik, tarkidunyochilik, islom axloqi, Qur`oni Karim, Hadisi  Sharif, sunna, sharq falsafasi, qalandar, darvesh, Ye.E.Bertels.


- Kirish (Introduction)

Jahon falsafasi ilmiy bilimlar taraqqiyotida Sharq falsafasini alohida e`tirof etish mumkin. Sharq falsafasi esa buyuk allomalari, ma`lum bir ilm-fan taraqqiy etgan tarixiy davrlari bilan xammani o`ziga jalb qiladi. Tasavvuf ilmi xam ta`limot sifatida o`rta asrlar davrida Markaziy Osiyoda ilmiy-falsafiy, axloqiy, estetik, qadriyatli tomonlari bilan tezlikda rivojlana boshladi. Xozirgi kunda tasavvuf ilmi allomalarining ma`naviy merosini o`rganish, ularni bugungi madaniy transformatsiya jarayonlariga tatbiq etish, umuminsoniy qadriyat sifatida tadqiq etish dolzarblashib bormoqda. Jumladan, tasavvuf allomalarining ijtimoiy-falsafiy, ma`naviy-ahloqiy qarashlari mohiyatini ochib berish, ularning oila farovonligi, farzand tarbiyasiga oid  qarashlarini ilmiy asoslash muhim ahamiyat kasb etadi.

- Mavzuga oid adabiyotlarning tahlili (Literature review)

“Hududimizda tasavvufiy tafakkur tarzi o`z shakllanish ierarxiyasiga ko`ra, 1200 yillik tarixiy davrni (XII asr) o`z ichiga olgan, bu tarixiy davrda tasavvufning asosiy mohiyatini buyuk tasavvuf allomalar ijodi va faoliyatida, ular yaratgan durdona asarlarda, halqimizning boy ijtimoiy-ma`naviy tajribalarida ko`rish va falsafiy idrok etish mumkin. Tasavvufiy tafakkurda borliq, olam, tabiat, jamiyat va insonning mohiyati, muammolari, ularning diniy, dunyoviy xususiyatlari konseptual izchillikda, tizimli tarzda asoslab beriladi. Bu jarayon tasavvufiy tafakkur tarzini ta`limot darajasiga ko`tarib, paradigmal tushuncha va tamoyillarining ishlab chiqilganligini bilan xarakterlanadi”[9.40-45].

Tasavvuf ilmini o`rganishda avvalombor uning sufiylik tushunchasi bilan mutanosibligi yuzaga chiqadi, bu yo`nalishning mutanosibligi to`g`risida juda ko`p baxs mulohazalar shakllangan. Ilmiy-falsafiy adabiyotlarda “tasavvuf” va  “so`fiylik” tushunchalari  biri-ikkinchisidan  farqlanmasdan bir ma`noda ishlatildi. Bunday  anglashilmovchiliklar  hanuzgacha davom  etmoqda.  Natijada, so`fiylikning  g`oyaviy-nazariy  asoslari bilan  uning  amaliyoti qo`shib-qorishtirilib  yuborilmoqda. Ko`pchilik  hollarda  “so`fiylik”  va “tasavvuf”,  “so`fiy”  va  “mutasavvuf”  tushunchalari bir  xil  ma`noda ishlatiladi[3]. Ayrim hollarda  “so`fiy”  tushunchasi tarkidunyochilik bilan  shug`ullanuvchi  darvish, qalandar,  zohidga  nisbatan qo`llanildi [12-58].

Tasavvufni qandaydir  bir  eklektik ta`limot,  ya`ni turli  ilmlarning qorishmasi,  deb  bo`lmaydi. U o`zidan avval  vujudga  kelgan barcha  madaniy-ma`naviy  boyliklarni o`zida bir butun qilib mujassamlashtirgan  va ularni  qayta  ishlab chiqqan,  shu  asosda yangi tasavvufiy  g`oyalarni  shakllantirgan hisoblanadi.  O`z navbatida,  tasavvuf  odamlarning orzu-umidlarini,  ruhiy-ma`naviy  yetuk insonni shakllantirish borasidagi  istaklarini  ifodalagan. Uning  ijtimoiy mag`zini  kambag`al, kam ta`minlangan: shaharlardagi  kichik savdogarlar,  hunarmandlar, ruhoniylarning kambag`allashgan qismi, shayxlar(pirlar)ning  muridlari tashkil  etadi [2.14].  Bizning fikrimizcha, so`fiylik yoxud  so`fizm  inson  ruhiy-ma`naviy  kamoloti haqidagi  turli  g`oyaviy-nazariy  qarashlar, axloqiy  qoidalar, normalari hamda  ularni amalga oshirish  yo`llari  va uslublari  xususidagi  ta`limotdir. Ushbu  ta`limot  butun bir boshli yaxlit sistemadan iborat  bo`lib,  o`zida ikki asosiy  g`oyaviy-nazariy  va  amaliy-uslubiy  bo`laklarni birlashtirgan ta`limotdir.  O`sha  bir  butun sistemaning  g`oyaviy-nazariy  qismi musulmon  falsafasida tasavvuf deb yuritiladi. Tasavvuf so`fiylikning g`oyaviy-nazariy asosini  ya`ni o`zagini tashkil  etadi. Demak, “so`fiylik”  va  “tasavvuf” tushunchalari  o`xshash  bo`lsada, mazmunan  tubdan  farq qiladi,  ya`ni  so`fiylik haqida  fikr  yuritganda, uning  g`oyaviy-nazariy va  amaliy tomonlarining  farqiga  borish zarur [1.217].

- Tadqiqot metodologiyasi (Research Methodology)

So`fiylikning amaliy tomondan yuzaga kelishi  axloqiy qoidalarning ishlab chiqilishi, turmush tarzi  talablari yechimlarining taqdim etilishi bilan dastlab VII asrning  oxiri  va  VIII  asrning boshlarida  Kufa, Bag`dod hamda Basra  shaharlarida  vujudga keldi.  Sofiylikning  ilk axloqiy  talablari,  yo`l-yo`riqlarini  belgilashda, uning  maqomatlari  va  tariqatlarini  har tomonlama asoslab berishda  Ma`ruf  Qarxiy (815-yilda  vafot  etgan), Zunun  Misriy (859-yilda  vafot etgan),  Boyazid  Bistomiy (875-yilda  vafot  etgan), Abdulloh  Tustariy  (896-yilda vafot  etgan),  Junayd Bog`dodiy  (909-yilda tug`ilgan)larning xizmatlarini  alohida ta`kidlab o`tmoq  joizdir. Shunday  qilib,  IX asr  boshlariga  kelib, so`fiylikning  amaliyoti, asosan,  shakllandi.

Tasavvufni shakllantirishda  va  uni har  tomonlama  rivojlantirishda  o`rta asr  allomalari  Abusayid Abulxayr  (967-1049-yillar),  Abdulloh Ansoriy  (106- 1089-yillar),  Ahmad Jom   (vafoti 1141-yil),  Yah`yo Suhravardiy  (1155-1199-yillar),  Yusuf Hamadoniy  (1048-1140-yillar),  Abduholiq G`ijduvoniy  (1103-1179- yillar),  Ahmad Yassaviy  (vafoti  1166-yil), Najmiddin  Kubro (1145-1221 -yillar),  Aziziddin an Nasafiy  (XIII asr  boshlarida yashagan),  Bahouddin Naqshband (1318-1389-yillar), Xoja Ahror Valiy (1404-1490-yillar), Abdurahmon  Jomiy  (1414-1492-yillar),  Xusayn Voiz  Koshifiy  (1440\50 -1505-yillar),  Alisher Navoiy  (1441-1501-yillar)  kabilarning xizmatlari  beqiyos  bo`ldi.

Ma`lumki,  xalifa Usmon  zamonasida  boshlangan imperiya  amaldorlari va ulamolarining   mol-dunyo to`plashga  bo`lgan hirsining  yanada avj  olishi  islom diniga  e`tiqod  qo`ygan kishilarning  g`ashiga  tega boshladi.  Islom  axloqiga xos  bo`lgan  insonparvarlik  va adolatparvarlik  an`analaridan  chekinish boshlandi. Insonlarda biror-bir foydali  mehnat  qilmay, boshqalarning  mehnati  hisobiga yashash  avj olib  borgan  bo`lsa, boshqa  bir  guruh kishilar  sabr-qanoat,  ya`ni zuhd  yo`lini  tanladilar. Amir va hokimlarning  axloqsizligiga  qarshi norozilik  alomati  sifatida tarkidunyo  qilib,  o`z yurtlaridan  chiqib ketdilar. Tarkidunyo  qilgan  qalandar-darvishlar  ijtimoiy hayotdan butkul chetlashib,  uzluksiz  toat-ibodat bilan  shug`ullanib,  bu dunyoning barcha lazzatlaridan  yuz o`girib, Alloh  vasliga yetishni  va  bundan lazzatlanish  g`oyasini  zo`r berib  targ`ibot  va tashviqot  qila boshladilar.  Ularning ba`zi  birovlari  dunyo kezib,  butun  umrlarini safarda,  odamlar orasida  o`tkazishsa,  boshqa birovlari  o`z  ustozlari, pir-u  murshidlari  bilan birga  turishardi.  Ular oila  qurmay, bola-chaqa  ko`rmay, tilanchilik bilan kun o`tkazishar,  nafslarini jilovlab,  faqirona hayot kechirishardi. Katta-kichik  yig`inlarda  yaxshilik va yomonlik  haqida  va`z aytishardi.

Qalandar-darvishlarning  kiyinishlari ham  o`zgacha bo`lgan. Jumladan: ustlarida  quroq va  juldur  kiyimlar, boshlarida  ba`zan  do`ppi, ba`zan esa  kuloh  bo`lardi. Yonlarida  turli  narsalarni solish  uchun  kadi osib yurishar,  bellarida  kamar, qo`llarida  hassa (aso) tutardi.  Ko`chama-ko`cha,  shaharma-shahar  yurib, Qur`oni  Karimdagi:  “Agar Xudoni sevadigan  bo`lsangiz,  menga ergashinglar,  shunda  Olloh sizlarni  sevadi” [7.39],  degan oyatni  qayta-qayta  takrorlardilar.  Ko`rinib turibdiki,  so`fiylik o`z  taraqqiyotining  dastlabki bosqichida  zohidlik,  ya`ni tarkidunyochilik  g`oyalarini  targ`ib etgan  edi.  Zohidlik, ya`ni  tarkidunyochilik  g`oyalarini Uvays  Qaraniy  (657- yilda vafot  etgan),  basralik Hasan  (728-yilda  vafot etgan),  Moliki Dinor  (748-yilda vafot  etgan),  Abu Hoshim   So`fiy  (767-yilda vafot  etgan), Sufyona  Savriy  (777-yilda vafot  etgan),  Abdulloh ibn Muborak  (797-yilda  vafot etgani),  Fuzay  ibn Ayoz  (802- yilda  vafot etgan)  qarashlarida  ko`rish mumkin [10.52].

Sofiylarning fikriga  ko`ra,  inson tanasida  biri  ikkinchisiga qarama-qarshi  bo`lgan rahmoniy  va shaytoniy  kuchlar mujassamdir. Inson  barkamollik  darajasiga ko`tarilishi  uchun  rahmoniy kuchning  o`z  tanasidagi shaytoniy  kuchdan  g`olib chiqishini  ta`minlash  malakasiga ega  bo`lishi  kerak. Inson  tanasidagi  barcha shaytoniy  qiliqlar,  nafs,  g`azab, bilimsizlik  bilan aloqadorlikda  sodir  boladi. Xususan,  nafs  insondagi xudbinlikning  zaminidir.  Xudbinlik esa  faqat  o`z manfaati  haqida  o`ylash kayfiyatini  hosil qilishda  muhim   manba vazifasini  bajaradi.  Nafs balosiga giriftor  bo`lgan  kishi har  qanday  pastkashlik, axloqiy tubanlikdan  tap  tortmaydi, harom-xarishdan  hazar  qilmaydi, asta-sekin  boshqalar hisobidan  yashashga  ko`nika boshlaydi.

Oqibatda, bunday  kishilar  zolim , berahm,  riyokor  bo`lib shakllanadilar. So`fiylarning  e`tirof  etishlaricha, millatlar  va  elatlar orasida sodir  bo`ladigan  turli mojarolarning tag zamirida ham  nafs  yotadi. Nafsni  jilovlay olmaslik,  mol-u  dunyo to`plashga bo`lgan hirs, ya`ni boylik  to`plashga  uzluksiz intilish  inson  tanasini o`tkinchi lazzat-u  farog`at  bilan ardoqlaydi.  Bunday  lazzat va  farog`at qarmog`iga  ilingan inson  yirtqich  hayvonlardek qutura  boshlaydi, g`azabi  ortib boradi, ya`ni insondagi shaytoniy kuchning rahmoniy kuchdan ustun kela boshlaydi.  Nafs  va  g`azabning  birlashib ketishi,  insonda hayvoniy  qiliqlarni yanada  rivojlantiradi  va rahmoniy  fazilatlarni  yemiradi. Natijada,  bunday  kishilar ma`naviy  qashshoqlasha  boshlaydilar. Xuddi  shuning  uchun ham,  so`fiylarning  fikriga muvofiq,  “inson nafsiga  erk  bermasligi, uni  o`z  vaqtida jilovlay bilishi  zarur.  Nafsga erk  bermaslik,  uni  jilovlay olish-ma`naviy yetuklik  garovidir [5.108].

So`fiylik talablariga  ko`ra,  nafs va  g`azabning  kushandasi ilimdir.  Faqat  chinakam ilim  insonda  hayvoniy qiliqlarning  vujudga kelishining  oldini oladi,  insonni  har qanday  nomaqbulliklardan xoli  qiladi. Inson  chinakam  bilimga ega  bo`lmog`i  uchun o`zini-o`zi  boshqara  bilishi, turli  nomaqbulliklardan  o`zini tiya  olishi, xususan,  IX asr  so`fiylaridan  biri Abu  Bakr  ash-Shabliy aytganidek [6.23],  yolg`on  gapirmasligi, o`g`rilik  va  zino qilmasligi,  ro`za tutib,  jonini qiynashi,  jismini pokiza tutishi,  boylikka intilmasligi, Allohni  ulug`lab,  doimo toat-ibodat  qilishi  zarur. Ana  shunday cheklashlar  tufayli inson  tanasi  poklanadi, hissiyotlari  noziklashib,  turli hayvoniy  qiliqlardan  tozalanadi. Xulosa  qilib  aytganda, so`fiylarning  fikriga  ko`ra, nafs  va  jahl (g`azab)  aqlga tobe  qilinsa, inson  turli  hayvoniy qiliqlardan  tezroq  qutuladi.

Yuqoridagi fikr-mulohazalardan  ko`rinib  turibdiki, so`fiylikning amaliyotiga  ko`ra,  barkamol inson  o`z  nafsini tiya  oladigan, aql-farosatni  har qanday  hissiyotdan  ustun qo`ya  biladigan, yuksak  m a`naviyatli,  qalbi  yaxshilik, ezgulik  bilan  to`la kishidir.  Ana  shunday odamlar  soni  jamiyatda qancha  ko`p  bo`lsa, bu foniy  olam   shuncha barqaror  va  osoyishta  bo`ladi. X-asrga  kelib, so`fiylikning  g`oyaviy-nazariy  asosi-tasavvufning  shakllanish jarayoni  boshlandi [8]. 

So`fiylikning  g`oyaviy-nazariy qismi bo`lmish tasavvuf  o`rta  asr falsafasidagi  Qur`on  va Sunna  an`analariga asoslanuvchi  yirik  ta`limotlar: sunniylik  va  shialikka, mutakallimlik va  mu`taziliylikka  nisbatan musulmon  madaniyati  va  ma`naviyati taraqqiyotida  muhim  ahamiyatga ega  bo`ldi.

Xususan, islom aqidalari,  qonun va  qoidalarini  qayta tahlil  qilish  imkoniyatlarini vujudga  keltirdi. O`z  navbatida,  tasavvuf o`rta  asr  musulmon falsafasida  hurfikrlilik  ko`rinishi sifatida  ham  namoyon bo`ldi. Shuning  uchun  Ye.E.Bertels ta`kidlaganidek, “tasavvuf  adabiyotini o`rganmasdan  turib, o`rta  asrlar  musulmon Sharqi  madaniy  hayoti haqida tasavvurga  ega  bo`lish mumkin  emas.  Bu adabiyotdan xabardor  bo`lmasdan  Sharqning o`zini  ham  anglash qiyin” [4.54].

Tasavvuf ilmi  ko`pchilik  holatlarda keng  xalq  ommasi manfaatlarini  himoya  qilgani bilan xam ajralib turadi.  Fuqarolarni  xalq, millat,  davlat,  musulmon madaniyatining  ajralmas  qismi bo`lgan  islom   dini manfaatlarini  himoya  qilishga da`vat  etadi.  Ko`rinib turibdiki,  tasavvuf ba`zi  tadqiqotchilar  ta`kidlaganidek  “mistik, o`z  qobig`iga  o`ralib qolgan  ta`limot” emas,  balki  keng  mehnatkashlar ommasi  manfaatlarini  ifodalovchi diniy-falsafiy  ta`limotdir.

Tasavvuf falsafasi  shakllanishida  nafaqat Qur`oni  Karim, Hadisi  Sharif, balki  Yaqin  va  O`rta  Sharq mamlakatlarida keng  yoyilgan  zardushtiylik,  buddizm, Yevropaning  ko`pgina mamlakatlarida  tarqalgan neoplatonizm   (asoschisi  yunon faylasufi  Plotin),  iudaizm  va  xristianlik  g`oyalarining ta`siri  sezilarli  bo`ldi.

Tasavvufning shakllanishida  qadimgi  Xuroson va  Movarounnahrda  X-asrda vujudga  kelgan  javonmardlik harakati  axloqiy qoidalarining  ta`siri ham  katta  bo`lgan. Javonmardlik  (futuvvat) bu insondagi  mardlik va  himmat,  mehr-u shafqatni  ulug`lar  (futuvvatdagi fotiy  ham  shu  ma`noni  anglatadi) edi.  Shuning  uchun ham Olloh  ishqida  dunyo lazzatlaridan  yuz  o`girgan, o`zini ruhiy-ma`naviy kamolot  yo`liga  baxshida etgan  darvish-qalandar bilan  birodarlik futuvvatning  asosiy  maqsadi edi [11.61].

- Tahlil va natijalar (Analysis and results)

Demak, xalqimizning axloqiy va diniy merosida ulkan iz qoldirgan tasavvufni o`rganish, ilmiy-nazariy tahlil qilish, bugungi kunda uni yoshlar ongi va qalbiga etkazish va singdirish muhim ahamiyatga ega. Jamiyat taraqqiyotida tasavvufiy qadriyatlar mavhum tushunchalar yig`indisidan iborat bo`lib qolmasdan, balki ular ma`lum bir ijtimoiy tarixiy shart-sharoitlarning taqqozosi maxsuli sifatida, aniq voqelik va hayot falsafasi bilan uzviy bog`liqlikda vujudga kelgan va rivojlanib borgan. “Hozirgi kunda tasavvufiy tafakkurning mavjudligi yoki uni shakllantirish masalalari emas balki, ma`naviy merosimiz, tariximiz, qadriyatlarimiz, o`zligimizni anglash sifatida keng o`rganilmoqda, tadqiq etilmoqda. Chunki, ularning olam, borliq, insonning mohiyati to`g`risidagi qarashlari, tafakkuri, bilimi, o`z-o`zini anglash bosqichlari, umuman olganda tasavvuf falsafasini o`rganish muhim ma`naviy ahamiyatga ega” [9.40-45].

- Xulosa va takliflar (Conclusion/Recommendations)

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib aytish mumkinki, birinchidan, tasavvuf islom ta`limotining tarkibiy qismi sifatida, tabiat, ijtimoiy muhit, insonning turli munosabatlarini o`rganish, mavjud hodisani bilish va uni o`zgartirishga bo`lgan uzluksiz intilish jarayonida sayqallanib, xalqning ma`naviy fazilatlarini boyitishga olib keladi; ikkinchidan, tasavvuf falsafasi va uning chuqur insoniylik mazmuni uzoq vaqt ilmiy tahlilga muhtoj bo`lib keldi va hozirda ayrim tadqiqotlar amalga oshirilgan albatta, lekin ta`limotni chuqur o`rgainish uchun fundamental tadqiqotlarga ehtiyoj katta; uchinchidan, tasavvuf ta`limotidagi axloq, axloqiy merosga munosabat va tasavvuf ta`limotining yirik asoschilari ma`naviy merosining o`ziga xos xususiyatlari nimalardan iborat ekanligini, uning tub mohiyatini jonli misollar asosida ko`rsatib berish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, tarixiy-axloqiy merosni falsafiy tafakkur orqali tahlil qilishga jiddiy e`tibor berish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Tasavvuf ta`limotini falsafiy-tarixiy jihatdan tadqiq etish, o`rganilmagan jihatlarini aniqlashtirish, uni fan sifatidagi maqomini mustahkamlash lozim.

Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati (References)


1.    Abdumalik  Orif. Navoiy  so‘fiymi  yoki mutasawufmi?  G‘oyiblar  hayolidanyongan  chiroqlar. Toshkent,  1994,  217-b.

2.     Bo'ronov Q.B.  Tasavvuf  falsafasi xususida.  Toshkent,  2000, 14-b.

3.     Bunday  anglashilmovchiliklami  akademik V.V.Bartold,  akademik  A.Krimskiy va boshqa  yevropalik  olimlarning asarlarida  yaqqol  ko‘rishimiz mumkin

4.    Бертельс  Е.Э. Суфизм  ва  суфийская литература.  Москва,  1965, 54-bet.

5.    Мухаммадходжаев  А. Мировозрение  Фаридиддина  Аттора. Душанбе,  1974, 79-bet.  Из  истории средневековой  восточной философии. Воки,  1989,  108-b.

6.    Nazarov  M. O‘lim  etnografiyasi.  Fan  va  turmush, 1992,  №1, 23-bet.

7.    Qur’oni  Karim. 3-sura,  31-oyat.  Toshkent, 1992,  39-b.

8.    «Sofiy»  so‘zining kelib  chiqishi  haqida turli  qarashlar  mavjud. Xususan, Abu  Rayhon  Beruniy o‘zining «Osorul  Boqiya...»  asarida tasawuf  yunoncha  «suf», ya’ni faylasuf  solzining  oxirgi qismidan  yasalgan  deb tushuntiradi.

9.    ТУЙЧИЕВНА, Т. С. (2022). Markaziy Оsiyoda tasavvufiy tafakkur rivoji: nazariy asoslari va muammolari. Международный журнал философских исследований и социальных наук, 1(5), 40-45. Извлечено из http://ijpsss.iscience.uz/index.php/ijpsss/article/view/139

10. Usmon Turar.  Tasawuf  tarixi. Toshkent,  1999,  52-b.

11. Xusayn  Voiz Koshifiy.  Futvvatnomai  Sultoniy yoxud  javonmardlik tariqati.  Toshkent, 1994-yil 61-b.

12. Zohidov VI.  Alisher  Navoiyning g‘oya  va  obrazlari olami.  Toshkent,  1961. 58-b. Xoliqulov Muhammad Qaxor o'g'li (munozara) 07:10, 5-Aprel 2023 (UTC)

„Tasavvuf“ sahifasiga qaytish.