Musiqa ijrochiligi – ijod turi; musiqa asarlarini xonanda yoki sozanda tomonidan badiiy talqinda ijro etilishi. Musiqa ijrochiligi vokal, cholgʻu yoki aralash (vokal-cholgʻu), ijrochilar soniga koʻra yakkaxon (yakkanavoz), ansambl, orkestr, xor ijrochiligiga ajratiladi. Ijrochining uslubi, uning saviyasi, mahorati va boshqalarga qarab asar mazmuni ijrochilik vositalari (artikulyatsiya, dinamika, sur’at, agogika va boshqalar) yordamida turlicha ifodalanishi mumkin. Asar yaratilgan davr va kompozitorning estetik qarashlari, boshqa ijrochilarning uslublarini oʻrganish hamda badiiy ifoda vositalari (musiqa bezaklari va boshqalar)ni oʻz oʻrnida qoʻllash ijrochi uchun muhim ahamiyatga ega. Xalq musiqa ijrochiligida ijrochilar, asosan, oʻzining ichki hissiyotlari, amaliy tajriba va xotirasiga tayanadi. Ogʻzaki anʼanadagi professional musiqada musiqa ijrochiligi anʼanalari ustoz-shogird munosabatlari orqali saqlanib rivoj topadi, sozanda va xonandalar esa maxsus (aruz, musiqa ilmi, bastakorlik kabi) bilim va qoidalarga boʻysunadi. Sharq mutafakkir va musiqashunoslari (Forobiy, Ibn Sino, Isfaxoniy, Urmaviy, Jomiy, Navoiy, Bobur, Kavkabiy, Darvishali Changiy va boshqalar) musiqa ijrochiligi masalalariga bagʻishlab risolalar yozgan, musiqa ijrochiligiga oid afsona va rivoyatlar, aniq qoidalar bayon" etishgan. Dirijyorlikning barcha turlari ham musiqa ijrochiligiga kiradi.

Adabiyotlar

tahrir