Mustafoqulbek — (?—1926) — Surxondaryo vohasidagi mashhur qoʻrboshilardan biri. Turkistondagi milliy ozodlik harakatining faol ishtirokchisi[1].

Mustafoqulbek
Mustafoqulbek
Surxondaryo vohasidagi mashhur qoʻrboshi
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi Boysunning Padang qishlogʻi
Vafoti 1926-yil


Tarjimayi holi

tahrir

Mustafoqulbek Boysunning Padang qishlogʻida tavallud topgan. Kelib chiqishi xurosoni urugʻidan, ishtimoiy jihatdan ming qo‘yli boylardan chiqqan. Boysundagi mahalliy madrasa va Buxoroda joylashgan Miri Arab madrasasini tamomlagan. U oʻqimishli boʻlishi bilan birga mohir mergan va chavandoz, jasur va dovyurak boʻlgan.

Qoʻrboshilik faoliyati

tahrir

1922—1925-yillarda Mustafoqulbek qoʻrboshining guruhi Surxondaryo va Qashqadaryo togʻlarida harakat qilib, qizil askarlarga qarshi boʻlgan janglarda Mustafoqulbek qoʻrboshining 8 yigiti oʻldirilgan. Sovet hukumati tomonidan koʻrilgan chora-tadbirlarga qaramasdan qoʻrboshilar oʻz kurashlarini davom ettirdilar. 1924-yil 15—23-dekabrda Mustafoqulbek qoʻrboshi va 350 kishilik yigiti bilan qizil armiyaning bir nechta otryadini qirib tashladi. Keyinchalik ular Boysun tomonga oʻtib ketishadi. Qizil armiya milliy istiqlolchilarga qarshi birorta chora koʻra olmadi. 1925-yil bahorda Mustafoqulbek qoʻngʻirot urugʻining ayrim shaxobchalaridan katta miqdorda guruh tashkil etadi. Mazkur davrda Mustafoqulbek Sherobod tumaning shimoliy qismlari, Boysun tumaning janubiy va janubi-gʻarbiy tomonlarida istiqlolchilik harakatini davom ettiradi. 1926-yil 14-yanvarda Mustafoqulbek va qizil armiya oʻrtasida Xoʻjamulkdan 30 chaqirim janubi-sharqiy uzoqlikda keskin janglar boʻlib oʻtgan. Dehqonlar Mustafoqulga boy va ruhoniylarning yordam berishini koʻrib, unga tan berganlar va uni qizil askarlardan himoya qiluvchi deb hisoblaganlar. Qator kurashlar natijasida 1926-yil 29-iyunda Boysun viloyatida Mustafoqulbek asirga olinadi va keyinchalik sovet hokimiyati tomonidan otib tashlanadi. U faoliyati davomida sovet rejimiga qarshi kurash olib bordi[2].


Manbalar

tahrir
  1. Rajabov Q. Turkiston qoʻrboshilari “Oʻzbekiston tarixi” jurnali. — 2022.
  2. Rajabov Q. Turkiston qoʻrboshilari. Toshkent: „Fan“, 2022 — 400-bet.